O‘zbekiston | 15:08 / 09.11.2021
16210
5 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishidan bo‘ladigan zarba va hisoblanmagan zarar – onlayn biznes egalari nima deydi?

Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi so‘z erkinligiga raxna bo‘libgina qolmay, O‘zbekiston iqtisodiyoti va biznesga ham zarba bo‘ladi. Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonunning birgina moddasi barcha sohalarga zarar yetkazishi mumkin. Bu borada onlayn biznes egalari ham Kun.uz'ga fikrlarini bildirishdi.

3 noyabr kuni O‘zbekistonda Telegram, Instagram va Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan qiziq voqealar ro‘y berdi. Kun.uz bu voqealarni keltirib chiqargan qonun salbiy ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan sohalarni sanashda davom etadi. Bu safar ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi borasida onlayn biznes egalarining fikrlari bilan qiziqdik.

“Mijozlar bilan aloqa qiyinlashdi” – Lebazar.uz internet do‘koni asoschisi Botir Orifjonov

Foto: M-Faktor

“Ijtimoiy tarmoqlardan biz asosan mijozlarimiz bilan kommunikatsiya va reklama uchun foydalanamiz. Mijozlar bizga buyurtma berish uchun portalimiz orqali murojaat qiladi, lekin mana shu qisqa bloklanish vaqtida mijozlar bilan aloqa qiyinlashdi.

Bundan tashqari, reklamaga qiladigan xarajatlarimiz bor. Bu ma'lum ko‘rsatkichlar va soatlarga bog‘langan, shular kamaydi desa bo‘ladi. Qisqa muddat bo‘lgani uchun bu bir soatlik bloklanish ish jarayonimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri keskin ta'sir qilmadi. Lekin bu kelajakda davomiy, takrorlanuvchi holat bo‘ladigan bo‘lsa, biznesga ta'siri kattalashadi.

O‘tgan haftadagi bloklanishning yetkazgan moliyaviy zararini hisoblab chiqmaganmiz, chunki bunday savol ilgari ko‘tarilmagan edi. Bu narsaga endi qarashni boshlayapmiz”, – deydi tadbirkor.

U internet to‘xtashi va sifati buzilishi biznesga qattiqroq ta'sir qilishini ta'kidladi.

“Misol uchun, kun davomida buyurtma oladigan bo‘lsak, ish vaqtidagi 8 soatdan bir soatida internet ishlamasa ham buyurtmalarimizning sakkizdan bir qismini yo‘qotamiz. Xuddi shunday, ijtimoiy tarmoqlar 1-1,5 soat ishlamayotgani uchun mijoz biz bilan muloqot qila olmasa, keyingi murojaatini yuborish uchun bir necha soat o‘tadi va bu oradagi vaqtda buyurtmalarimiz yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi”, – deydi tadbirkor.

“Bu kichik va o‘rta biznes cho‘ntagiga berilgan zarba” – Asaxiy.uz internet do‘koni rahbari Firuz Allayev

Foto: Kun.uz

U ushbu qaror iqtisodiy tomondan juda noto‘g‘riligini ta'kidladi.

“Odatda internetdan tashqari boshqa reklama kanallari: tablo, radio va televideniye qimmat marketing hisoblanadi. Buni katta bizneslar ko‘tarishi mumkin, lekin kichik bizneslarga haqiqiy muammo – to‘g‘ridan to‘g‘ri beriladigan zarba.

Bizga ham bir oyda bir necha yuz million so‘mlik savdo bo‘lmasligiga olib kelishi mumkin. Asosiy reklama va marketing qismimiz ijtimoiy tarmoqlarga to‘g‘ri keladi. Yana bir narsani tushunish kerak: bu davlat iqtisodiyotiga ham katta zarar. Chunki kichik biznes, umuman biznes ishlab topmagan puldan soliq to‘lanmaydi va bu soliqlar kamayishiga olib keladi. Reklama xarajatlarining oshishi bu daromad solig‘i kamayishi kabi oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bularning barchasi davlat budjetiga tushadigan soliq kamayishiga sabab bo‘ladi”, - deydi tadbirkor.

Olcha.uz internet do‘koni vakili ham ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi mijozlar bilan kommunikatsiyaga salbiy ta'sir qilishini ta'kidladi.

“Biroq bizga Google, Yandex bloklanmasa bo‘ldi, mijozlarimiz saytimiz orqali buyurtma beradi”, – deydi Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan olcha.uz mutaxassisi.

Yomon darak shuki, hamon muhokamada bo‘lgan qonunning 27-1-moddasi kuni kechagidek ishlaydigan bo‘lsa, Google ham, Yandex ham serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirmagan taqdirda bloklanishi hech gap emas.

Jamoatchilik faollari ta'kidlaganidek, oqibatlarga emas, sabablarga qarshi kurashish lozim. Aks holda, uning ayanchli oqibatlarini nafaqat so‘z erkinligida, balki mamlakat iqtisodiyoti, biznes muhiti yomonlashuvida va biznesga yetkazilgan zararda ham takror-takror ko‘raveramiz.

Netblocks xalqaro nodavlat tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, Facebook, You Tube va Instagram’ni ikki soatga bloklash O‘zbekistonga 194 ming 937 dollarga tushgan. Bu hisob-kitoblarga hali O‘zbekistondagi eng ommabop va bizneslarning asosiy reklama kanallaridan biri bo‘lgan Telegram va boshqa bir qator ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi kiritilmagan. Afsuski, hamon barcha ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi bizga qanchaga tushishi, biznes gardaniga necha ming dollar yuk bo‘lib minishi haqida aniq ma'lumotlarga ega emasmiz.

Mavzuga oid