O‘zbekiston | 09:59 / 27.07.2019
35764
2 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: «Biz valutafurushlarga jinoyatchi sifatida emas, soliq to‘lovchi sifatida qarashimiz kerak»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yangilangan Dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalari muhokama qilinmoqda. Ushbu jarayonda Bank-moliya akademiyasining moliya kafedrasi mudiri Dilshod Rahmonov ham o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, valutafurushlar haqida gapirdi.

«Hozirgi kunda jinoyatchilik butun dunyoda kamaymoqda. Yevropada o‘qigan paytlarimizda ham ko‘rganmiz - qamoqxonalarda odamlar qolmayapti, u yerda ishlaydiganlar bo‘shab ketyapti. Buni o‘rgansangiz, jinoyatchilik kamayib borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Sabab nima - ular jinoyatchilikni kamaytirmayapti, balki jinoyatchilikning maqomini o‘zgartiryapti. 

Hozirgi kunda bozorlarimizda valutafurushlar bor. Lekin ularga hozirgacha jinoyatchi sifatida qaraymiz. Biz ularga jinoyatchi sifatida emas, soliq to‘lovchi sifatida qarashimiz kerak. 5-6 yil oldin bankka kirib, dollarni yevroga almashtirmoqchi bo‘ldim. Biroq, bunday xizmat ko‘rsatilmasligi haqida aytishdi. Vaholanki, bu kabi xizmat ularda xususiy sektor ko‘rsatar ekan. Biz ularga xususiy maqom, xususiy faoliyatni olib borishga ruxsat berib, soliqqa tortishimiz kerak. Valutafurush bo‘lsa nima qilibdi? Ular ham o‘zimizning fuqaro. Ularni soliqqa torsak, bu bizga yana bir baza bo‘ladi. Bunda valuta bilan shug‘ullanishni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziya ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yish kerak. Uning uchun alohida qonun ishlab chiqish shart emas, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yetarli. Shunda jinoyat soni ham kamayadi», - dedi Dilshod Rahmonov.

Bundan oldin, «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid