Iqtisodiyot | 15:21 / 02.06.2024
14286
5 daqiqa o‘qiladi

So‘m sezilarli darajada mustahkamlandi, oltin arzonlashdi – Xalqaro moliya bozori sharhi

Valuta bozorida dollar zaiflashdi. Buning oqibatida yevro, yuan, lira va so‘m mustahkamlandi. Yaqin Sharqda davom etayotgan keskinliklarning nisbatan yumshashi neft narxining tushishiga va oylik minimumlarini yangilashiga sabab bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Joriy hafta ham doimgidek moliya bozorlari uchun muhim voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, hafta davomida e’lon qilingan AQSh Yalpi ichki mahsuloti (YaIM) haqidagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 1-chorakdagi o‘sish 1,3 foiz bo‘lgan. Bu prognozdan 0,3 foizga pastroq. Mazkur omil AQSh fond bozoriga salbiy ta’sir etdi va sotuvlarni kuchaytirib yubordi, chunki ushbu makroma’lumot iste’molchilar xarajatlari keskin kamayganidan dalolat beradi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 27 maydan 31 maygacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.      

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500 – 5277 (hafta boshidan -0,51 foiz, yil boshidan +10, 64 foiz);
  • NASDAQ – 18536 (hafta boshidan -1,44 foiz, yil boshidan +10,17 foiz);
  • DJI – 38686 (hafta boshidan -0,98 foiz, yil boshidan +2,64 foiz).

Hisobot haftasida Dow Jones indeksi 383 punktga, NASDAQ 272 punktga va C&P500 27 punktga pasaydi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin – 2326 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan -0,29 foiz, yil boshidan +12,81 foiz;
  • Kumush – 31,4 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +0,14 foiz, yil boshidan +27,82 foiz;
  • Alyuminiy – 2648 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan +0,03 foiz, yil boshidan +11,21 foiz:
  • Mis – 4,6 dollar (1 funti) hafta boshidan -2,64 foiz, yil boshidan +18,84 foiz.

Qimmatbaho metallar ham tebranuvchan va korreksiya haftasini boshdan kechirdi. Oltin va mis mos ravishda 6,78 dollar va 0,13 dollarga arzonlashgan bo‘lsa, alyuminiy va kumush 70 va 4 sentga ko‘tarildi.

Neft

  • WTI – 77,12 dollar (hafta boshidan -0,82 foiz, yil boshidan +8,17 foiz);
  • BRENT – 81,28 dollar (hafta boshidan -1,01 foiz, yil boshidan +5,5 foiz).

Hafta davomida neftning WTI markasi 64 sentga, BRENT esa 83 sentga arzonladi.  

Valutalar

  • USD/EUR:  +0,01 foiz (yil boshidan -1, 72 foiz);
  • CNY/USD:   -0,01 foiz (yil boshidan +2,02 foiz);
  • TRY/USD:  -0,05 foiz (yil boshidan +9,04 foiz);
  • UZS/USD:   -0,83 foiz (yil boshidan +2,40 foiz);
  •  RUB/USD:  +0,88 foiz (yil boshidan +1,15 foiz).

Valutalar bozorida dollar zaiflashdi. Buning oqibatida yevro va yuan 0,01 foizga, lira 0,05 foizga, so‘m 0,83 foizga mustahkamlandi. Faqatgina rubl 0,88 foizga o‘z qadrini yo‘qotdi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin – 67517 dollar (hafta boshidan -2,66 foiz, yil boshidan +59, 49 foiz);
  • Ethereum – 3094 dollar (hafta boshidan -1,69 foiz, yil boshidan +64,71 foiz). 

Bitcoin 5 kunlik savdolarda 2,66 foizga, Ethereum esa 1,69 foizga arzonlashdi. 

Bozorlar haqida qisqacha

O‘zgaruvchan global sharoitlar va murakkab siyosiy jarayonlar bozorlardagi tebranuvchanlik saqlanib qolinishida sabab bo‘lyapti. Yaqin Sharqda davom etayotgan keskinliklarning nisbatan yumshashi neft narxining keskin tushishiga va oylik minimumlarini yangilashiga sabab bo‘ldi. Xitoy va Rossiya o‘zaro savdoda dollardan voz kechishi esa AQSh valutasi uchun qo‘shimcha bosim yaratishda davom etmoqda. AQShda esa tig‘iz inflyatsion fon amaldorlar va bozor ishtirokchilarining biroz asabiylashishiga va qimmatli qog‘ozlar bozorida tebranuvchanlikning o‘sishiga olib keldi. Chunki qoniqarsiz makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, Federal zaxira tizimi raisining noaniq nutqlari bilan birlashgan holda bozor ishtirokchilari uchun ehtimoliy voqealar rivoji qanday bo‘lishini prognoz qilishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Fond indekslari cho‘qqisiga chiqqan bir paytda, turli noaniqliklar bozorlarning risk darajasini keskin oshirdi. Mazkur holatdan kelib chiqqan holda, bozorning barcha ishtirokchilaridan xavfsizlik choralarini ko‘rib qo‘yish va keraksiz risklardan saqlanish har doimgidan ham ko‘proq tavsiya qilinadi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 27 maydan 31 maygacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.    

Mavzuga oid