O‘zbekiston | 09:08 / 23.12.2025
1657
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston kapital bozorida zamonaviy moliyaviy instrumentlar joriy etiladi

Prezidentning “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, hujjat 22.12.2025 sanasidan kuchga kirdi. 

Farmon bilan 2030 yilgacha quyidagi maqsadlar belgilandi:

  • zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish orqali fond bozoriga 1 mlrd AQSh dollari miqdorida, shu jumladan 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hisobiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish; 
  • kapital bozori ishtirokchilarining investitsiyalari xavfsizligini kafolatlovchi mexanizmlarni joriy etish natijasida bartaraf etiladigan huquqbuzarliklar ulushini 85 foizdan oshirish. 

Shuningdek, 2023 yil 2 sentabrdagi PQ–291 qarorga muvofiq kapital bozorida joriy etilgan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi cheklanmagan muddatga amal qilishi belgilandi. 

“Tartibga solish qumdoni” doirasida beriladigan asosiy huquqlar:

O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan qumdon ishtirokchisi maqomini olish; 
chet ellik ishtirokchilarga va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga (shu jumladan investitsiya fondlariga) o‘zlari chiqargan va o‘zlariga tegishli qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha kastodial hamda nominal saqlash xizmatlarini ko‘rsatish; 
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda emitentlarga o‘z kapitali miqdoridan ortiq ta’minotsiz korporativ obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini berish. 

Qayd etilishicha, kapital bozorida “dual listing”, valutada obligatsiyalar, global depozitar tilxatlar va birja investitsiya fondlari kabi instrumentlarni kengaytirish bo‘yicha rejalar ham muhokama qilingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid