Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiyada hibsga olingan Isroil askarlari, keskinlashgan Boku-Moskva munosabatlari va Bangladeshda qulagan harbiy samolyot – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil G‘azoda quruqlik va havodan yangi amaliyot boshladi
Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorining markaziy qismidagi Dayr-al-Balah shahrida – 20 oydan ortiq harbiy harakatlar olib borilmagan hududda quruqlik va havo orqali yangi amaliyot boshladi.
Amaliyot dushanba kuni erta tongda, Isroil harbiylari shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi oltita turar joy mavzesi aholisini evakuatsiya qilishni buyurganidan bir necha soat o‘tib boshlandi. Isroil tanklari va harbiy mashinalari artilleriya va aviatsiya niqobi ostida «Kisufim» nazorat-o‘tkazish punkti orqali shaharga kirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Isroil qo‘shinlarining oldinga siljishi fonida portlashlar va otishma ovozlari aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi.
Bu — deyarli ikki yildan beri davom etayotgan mojaro tufayli ilgari o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlar orasida ko‘chishning yangi to‘lqinini keltirib chiqardi.
BMTning Gumanitar boshqarmasi evakuatsiya buyrug‘ini G‘azodagi gumanitar sa’y-harakatlarga «yana bir qaqshatqich zarba» deb atadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Dayr-al-Balahda gumanitar omborlar, tibbiyot klinikalari va suv ta’minoti kabi o‘nlab muhim inshootlar joylashgan.
Britaniya, Fransiya va Kanada jumladan 25 ta G‘arb davlati dushanba kuni Isroildan G‘azodagi urushni darhol to‘xtatishni talab qildi va yuzlab falastinliklarning, jumladan, oziq-ovqat tarqatish punktlari yaqinida o‘ldirilishini «insoniyatga zid qatliom» deb tanqid qildi.
Ushbu mamlakatlar birgalikdagi bayonotida G‘azo aholisi uchun yordamning «tomchilatib yetkazilishi»ni qoraladi va 800 dan ortiq tinch aholi vakillari yordam olishga uringan paytda o‘ldirilgani «dahshatli» ekanini ta’kidladi.
Qurbonlarning aksariyati AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF) punktlari yaqinida halok bo‘lgan. Ushbu jamg‘arma ilgari BMT boshchiligidagi tarmoqdan yordam tarqatish vazifasini qabul qilib olgan edi.
Yevropaning 20 ga yaqin davlati, shuningdek Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya tomonidan urushni to‘xtatish va yordam yetkazishni talab qilish AQSh hamda Isroil bilan ittifoqdosh bo‘lgan mamlakatlar safidan kelmoqda. Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu bayonotni «haqiqatdan uzilgan» deb atadi va u «HAMASga noto‘g‘ri signal beradi», deya bayonot berdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Isroil hujumlari natijasida 59 000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 100 mingdan ortiq inson jarohatlangan.
Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar tiklanmoqda
25 iyul kuni Istanbulda Eron hamda uchta Yevropa davlati — Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya o‘rtasida yangi yadro muzokaralari boshlanadi. Bu ma’lumotni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy tasdiqladi.
Bag‘oiyning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarni o‘tkazish Yevropa tomonining so‘rovi asosida amalga oshirilmoqda. Uchrashuv tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari darajasida o‘tkaziladi. Muzokaralarda Eron tomonidan TIV rahbari o‘rinbosarlari Majid Taxt-Ravonchi va Kozim Garibobodi ishtirok etadi. Muzokaralarda 2015 yilda tuzilgan yadro dasturi bo‘yicha bitimni tiklash istiqbollari muhokama qilinadi.
Yevropa uchligi — Xitoy va Rossiya bilan birga Eron bilan 2015 yilgi yadroviy kelishuvning a’zosi bo‘lib qolmoqda. AQSh undan 2018 yilda chiqqan edi. Kelishuv Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha cheklovlar evaziga unga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutgan edi.
Kreml: Rossiya va Ozarboyjon munosabatlarida murakkab davr boshlandi
21 iyul, dushanba kuni Kreml vakili Dmitriy Peskov Ozarboyjon bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar «murakkab davrga kirganini» bildirdi. Bu bayonot Ozarboyjonning o‘tgan yil oxirida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati bo‘yicha xalqaro sudlarga murojaat qilishini ma’lum qilganidan keyin yangradi. Halokatda 38 yo‘lovchi halok bo‘lgandi.
«Ba’zida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda murakkab davrlar bo‘ladi. Hozir aynan shunday palladaman», — dedi Peskov Moskvadagi matbuot anjumanida.
U, shuningdek, bu holat vaqtinchalik ekaniga umid bildirar ekan, ikki tomonlama munosabatlar mustahkam poydevorga ega ekanini aytdi.
Ozar samolyoti halokati ortidan o‘tgan oy Ozarboyjon fuqarolari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida politsiya reydiga uchragan edi. Bu esa vaziyatni yana keskinlashtirib, ikki tomonda migrantlar oviga aylangandi.
Kuni-kecha Ilhom Aliyev Ukrainani taslim bo‘lmaslikka chaqirgani va ukrainalik jurnalistdan Ukraina qurolli kuchlari brigadalari shevronlarini qabul qilib olgani esa rus propagandasi tomonidan keskin qarshi olindi.
Rossiyadagi harbiy mavzuga ixtisoslashgan faollar Ilhom Aliyevning bu bayonotlarini og‘riqli qabul qilishdi va Boku «Ukraina izidan ketayotgani», Ozarboyjon bilan mojaro «muqarrarligi» haqida yoza boshlashdi.
Telegram’ga ko‘chgan katta rus propagandasi, xususan Z kanallar Ozarboyjon bilan ehtimoliy urushga tayyorlanishga chaqirishni boshladi.
Belgiyada Isroil askarlari G‘azodagi jinoyati uchun so‘roq qilindi
21 iyul kuni Belgiya hududida o‘tkazilgan festivalda ikki isroillik askar «harbiy jinoyatlari» uchun hibsga olindi. Bu haqda Isroil harbiy xizmatchilarini G‘azodagi genotsid uchun sud javobgarligiga tortish bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilot «Hind Rajab» Fondi xabar berdi.
Tashkilot rasmiy bayonotida aytilishicha, Belgiya federal politsiyasi huquqiy so‘rovlarga ko‘ra, G‘azodagi harbiy jinoyatlarda asosli tarzda ayblanayotgan ikki isroillik askarni hibsga olib, so‘roqdan o‘tkazgan. Bu — xalqaro javobgarlikni ta’minlash yo‘lidagi global harakatlarda burilish nuqtasiga aylanishi mumkin bo‘lgan voqea sifatida ko‘rilmoqda.
«Juda ko‘p davlatlar sukut saqlayotgan bir paytda, ushbu harakat aniq signal beradi: xalqaro jinoyatlar bo‘yicha asosli dalillarga huquqiy javob berilishi lozim. G‘azodagi qurbonlar va omon qolganlarga shuni aytamizki: biz sizni ko‘ryapmiz, eshityapmiz va adolat uchun bo‘lgan talablaringizni ilgari surishda davom etamiz. Jazoga tortilmaslik abadiy bo‘ladi, deb ishonayotganlarga esa: bu lahza aksini isbotlaydi», deyiladi tashkilotning rasmiy bayonotida.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi Belgiya hududida TsAXAL askari bo‘lgan Isroil fuqarolari hibsga olinib, so‘roq qilinganini tasdiqladi. Ularning ikkalasi ham Belgiya hududida ta’tilda bo‘lgan. So‘roqdan so‘ng tez orada ozod etilgan.
Isroil rasmiylari so‘roq sabablari yoki hibsga olish tafsilotlari bo‘yicha hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
AQSh Britaniyada yadroviy bomba joylashtirdi
Shu hafta AQSh harbiy-havo kuchlari samolyotlari Angliya sharqidagi Saffolk grafligidagi Qirollik havo kuchlari aviabazasiga bir nechta B61-12 termoyadroviy bombalarini yetkazib berdi. Bu haqda UK Defence Journal xabar berdi.
OSINTDefender ochiq ma’lumotlar tahlilchisi so‘zlariga ko‘ra, bombalar AQSh harbiy-havo kuchlarining Nyu-Meksikodagi Kirtlend aviabazasidan keltirilgan. 17 iyul kuni Nyu-Meksikodan harbiy-transport samolyoti uchib keldi, uning bortida Buyuk Britaniyada joylashtirish uchun mo‘ljallangan birinchi B61-12 bombalari bo‘lgan.
AQSh Mudofaa vazirligi bombalarning ko‘chirilishi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlamadi, Britaniya harbiy idorasi esa, «odatda, muayyan joylarda yadro quroli bor-yo‘qligiga izoh berilmaydi», dedi.
Ilgari Amerikaning yadroviy bombalari Sovuq urush davrida Leykenxit bazasida saqlangan. 2008 yilda ular qurolsizlanish jarayoni doirasida olib tashlandi. Agar bombalarning qaytarilgani haqidagi xabar tasdiqlansa, bu Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi fonida — NATO Yevropa mintaqasidagi yadroviy siyosatida sezilarli o‘zgarish va Moskvani tiyib turishga urg‘u kuchaytirilganini anglatadi.
B61-12 AQSh arsenalidagi birinchi boshqariladigan yadroviy bomba bo‘ldi. 2023 yilda Pentagon «ehtimoliy dushmanlarning o‘sib borayotgan tahdidlari» tufayli ushbu bombani B61-13 variantiga modernizatsiya qilish rejalarini e’lon qildi.
Bangladeshda harbiy samolyot kollej hududiga quladi, 27 kishi halok bo‘lgan
Bangladesh poytaxti Dakka shahri shimolida mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli o‘quv samolyoti qulab tushdi. F-7 BGI rusumidagi samolyot talabalar imtihon topshirayotgan va darslarda qatnashayotgan Milestone kolleji kampusiga qulagan. Reuters nashrining xabar berishicha, natijada 27 kishi halok bo‘ldi, 88 kishi, jumladan bolalar, kasalxonada kuyish jarohatlari bilan davolanmoqda.
F-7 BGI rusumidagi samolyot dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:06 da harbiy aviabazadan navbatdagi o‘quv parvoziga chiqqanidan ko‘p o‘tmay qulab tushgan. Harbiylar voqea sababini texnik nosozlik bilan izohladi.
Hukumat mamlakat bo‘ylab motam kuni e’lon qildi — barcha davlat muassasalarida bayroqlar tushirildi. Hodisa yuzasidan rasmiy tergov komissiyasi tuzilgan.
F-7 BGI — bu Xitoyning qiruvchi samolyotlari oilasining texnologik jihatdan ilg‘or modelidir. Bangladesh 2011 yilda ushbu samolyotlarning 16 donasiga buyurtma bergan va ularning yetkazilishi 2013 yilda yakunlangan.
Mavzuga oid
14:05 / 10.01.2026
Venesuelaga $100 milliard sarmoya, Yevroittifoq tasdiqlagan Mercosur va Ukrainaga otilgan «Oreshnik» – kun dayjesti
14:40 / 09.01.2026
G‘azoda buzilayotgan sulh, Rossiyaning «qonuniy nishonlari», Istanbulda kuchli dovul va internetdan uzilgan Eron – kun dayjesti
15:00 / 08.01.2026
Eronda kuchaygan namoyishlar, Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerni musodara qilgan AQSh va SDFga qarshi amaliyot boshlagan Suriya – kun dayjesti
14:10 / 07.01.2026