O‘zbekiston | 08:35 / 05.12.2022
17660
4 daqiqa o‘qiladi

Qiziltepa hokimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Unga qarashli firma tumandagi davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan

Davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qonunchilikda taqiqlangan bo‘lsa-da, Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi, senator Ulug‘bek Fayziyev qator MChJlar rahbari sifatida qolmoqda. Bundan tashqari Fayziyev hokimlik qilayotgan tumandagi ayrim qurilish ishlari uning ta’sischiligidagi MChJga berilgan.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi, senator Ulug‘bek Fayziyev bir nechta MChJ rahbari va ta’sischiligini saqlab qolmoqda. Bu 2022 yil 11 oktyabrda kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga zid. Mazkur qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar kiritilgan. Xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, jumladan, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi qarori bilan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

Ulug‘bek Fayziyev esa hokim bo‘lishi bilan bir vaqtda bugungi kunda “Zarafshan Golden Group” MChJning 91,5 foiz ulushiga, “Finuzsolutions” MChJ QKning 65 foiz ulushiga, “G‘ani bobo chorvasi” fermer xo‘jaligining 100 foiz ulushiga, “Zarafshon Grand Invest” MChJning 75,8 foiz ulushiga va “Biznes Finance ZGG mikrokredit tashkiloti” MChJning 4,3 foiz ulushiga (qolgan ulushlariga hokimga aloqador boshqa MChJlar) egalik qilmoqda. 

Shuningdek, u qonunchilikka zid ravishda qator MChJlarning rahbari sifatida ham faoliyat yuritmoqda va tadbirkorlik qilyapti. Xususan, “G‘ani bobo chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari (faoliyat turi qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirish) va “Finuzsolutions” MChJ QKning direktori (faoliyat turi spirsiz ichimliklar ishlab chiqarish, butilkada mineral suvlar va boshqa suvlar ishlab chiqarish) sifatida ham ishlamoqda.

Tuman hokimining bir vaqtda tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanayotgani hududdagi boshqa tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasidagi raqobatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki, “hokimning firmasi”, degan tushunchaning o‘zi sog‘lom raqobatni yo‘qqa chiqaradi va o‘sha hududda ustunlik kasb etadi.

Qiziltepa tumanida tadbirkorlik sub’yektlari, xususan, qurilish tashkilotlari ko‘p. Ammo joriy yil oktabr oyida xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi qarori bilan aynan Ulug‘bek Fayziyev ta’sischisi bo‘lgan “Zarafshan Golden Group” MChJga bir qancha obektlarda qurilish ishlari topshirilgani yuqoridagi fikrlarni asoslaydi.

Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash orqali aholiga qulay sharoitlar yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 435-sonli (xdfu) qarori ijrosini ta’minlash maqsadida xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi 2022 yilning 13 oktabr kuni VI-39-139-5-0-K/22-sonli qaror chiqaradi. Mazkur qarorga ilova qilingan ro‘yxatdan ko‘rinadiki, deputatlar Qiziltepa tumanidagi “Alisher Navoiy” MFY, “Bunyodkor” MFY va “Oqsoch” MFY hududlarida rekonstruksiya qilish, yangi suv tarmog‘ini tortish hamda ta’mirlash ishlari uchun tuman hokimi Ulug‘bek Fayziyev ta’sischiligidagi “Zarafshan Golden Group” MChJni “tanlab olgan”. Qarorning o‘zi esa e-qaror tizimida yashirib qo‘yilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi ta’kidlangan. Biroq amaldagi qonunchilikda hokimga nisbatan bu javobgarlikning shakli, uni kim (qaysi organ) qo‘llashi haqida aniq qoidalar mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Ulug‘bek Fayziyev 2021 yilning 13 noyabrdan buyon Qiziltepa tumani hokimi hisoblanadi.  

Mavzuga oid