Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroittifoq Ukrainaga dronlar uchun ikki milliard yevro ajratadi
Kiyevning eng so‘nggi ishlanmalaridan keyinchalik Yevropa Ittifoqining o‘zi ham foydalanishi mumkin.
Ximena Borrazás / Getty Images
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga dronlar ishlab chiqarish uchun ikki milliard yevro ajratadi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi.
«Agar biz bundan keyin ham Ukraina – bizning birinchi mudofaa chizig‘imiz deb hisoblaydigan bo‘lsak, biz Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishimiz kerak. Shuning uchun biz hozir dronlar uchun jami ikki milliard yevro sarflanishiga kelishib oldik», – degan u.
Fon der Lyayyen izohlashicha, ajratilgan mablag‘lar Kiyevga o‘z mudofaa qobiliyatini yaxshilashga, shuningdek, Yevropa Ittifoqi uchun ham foydali bo‘lgan dronlar sohasidagi eng so‘nggi texnologiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.
So‘nggi haftalarda Yevropa Ittifoqida dronlar hujumidan himoyani kuchaytirish zarurligi haqida faol munozaralar bo‘lib o‘tmoqda. Bu Rossiyaning yigirmadan ortiq uchuvchisiz uchar qurilmalari Polsha havo kengligini buzib kirishi ortidan boshlandi. Ularni yo‘q qilish uchun qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi – ekspertlar dronlarni bu yo‘l bilan urib tushirish juda qimmatga tushishini qayd etishdi va bu kelgusida RF foydalanishi mumkin bo‘lgan zaiflikka aylanishiga e’tibor qaratishdi.
Bu masalani hal etish uchun Yevrokomissiya «dronlar devori» loyihasini taklif etdi. Uning doirasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari dronlarga qarshi kurashish uchun arzon himoya tizimlarini muvofiqlashtirilgan tarzda xarid qilish ko‘zda tutilgan. Avvaliga «dronlar devori» faqat Yevroittifoqning sharqiy chegaralari bo‘ylab joylashtirilishi taxmin qilingandi, ammo keyinroq – Daniyada noma’lum dronlar muntazam ravishda paydo bo‘lishi fonida – loyihani butun Yevroittifoq hududi bo‘ylab kengaytirish taklif qilindi.
Ursula fon der Lyayyen avvalroq Yevropa Ittifoqi Ukrainaning keng ko‘lamli tajribasini YeI ehtiyojlariga moslashtirish uchun Ukraina bilan «dronlar ittifoqi» tuzish niyatida ekanini aytgan edi.
Urush boshlanganidan beri Ukrainada dronlar ishlab chiqarish bir necha barobar oshdi. 2022 yilda u yerda yiliga atigi bir necha mingta uchuvchisiz uchar qurilma ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib ularning soni, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, oyiga bir necha o‘n yoki bir necha yuz mingga yetadi.
2024 yilda Ukrainada o‘sha paytda dunyoda muqobili bo‘lmagan maxsus qo‘shin turi – uchuvchisiz tizimlar kuchlari tashkil etildi. 2025 yil sentabr oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy qurolli kuchlarda dronlar bilan bog‘liq yana bir qo‘shin turi – uchuvchisiz havo hujumidan mudofaa tizimlari paydo bo‘lishini aytdi.