Jahon | 21:42 / 02.04.2021
27314
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kuchlari Ukraina chegarasiga joylashtirilgani sababli AQSh qo‘shinlari yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga keltirildi – OAV

Qayd etilishicha, Rossiya Sharqiy Yevropa va Arktikada faollashgani bois Pentagon hushyorlikni oshirmoqda. 

Rossiya kuchlari Ukraina chegarasiga olib kelingani va Donbassda harbiy harakatlar boshlanganligi sababli AQSh qurolli kuchlarining Yevropadagi qo‘mondonligi armiyani eng yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga keltirdi. Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, Rossiya Sharqiy Yevropa va Arktikada faollashgani bois Pentagon hushyorlikni oshirmoqda. 

Shu bilan birga, The New York Times nashrining yozishicha, Donbassda to‘rt nafar ukrainalik harbiyning halok bo‘lishi hamda Ukraina bilan chegaraga Rossiya qo‘shinlarining keltirilishi Yevropa va Vashingtondagi AQSh yuqori martabali amaldorlarining e'tiborini tortgan.

26 mart kuni Donbassdagi Shuma posyolkasi o‘qqa tutilishi natijasida to‘rt nafar ukrainalik harbiy halok bo‘ldi, yana ikki nafari jarohatlandi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Ruslan Xomchakning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi vaqtda Rossiya bo‘lajak “G‘arb 2021” harbiy mashg‘ulotlariga tayyorgarlik bahonasi ostida Ukraina bilan chegaraga – Bryansk va Voronej oblastlari hamda Qrimga qo‘shinlarini joylashtirmoqda.

Mavzuga oid