O‘zbekiston | 22:28 / 02.02.2020
76157
4 daqiqa o‘qiladi

«Prezidentning qizi bo‘lish - imtiyoz emas, juda ulkan mas'uliyat» - Saida Mirziyoyeva

Saida Mirziyoyeva so‘z erkinligini ta'minlamasdan mamlakatda boshlangan islohotlarni amalga oshirish imkonsiz ekanini qayd etdi va mas'uliyatni chuqur anglagan holda jamoatchilikka foyda keltirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini ma'lum qildi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Bugun, 2 fevral kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida chiqish qilgan fond vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva so‘z erkinligining kuchi haqida so‘zladi.

«Agentlikdagi qisqa, ammo samarali faoliyatimiz bilan prezidentimiz olib borayotgan islohotlarning muhim qismi hisoblanadigan so‘z erkinligiga mustahkam asos yarata oldik. 

Hozir o‘z ishining professionallarini, mass-mediadagi muammolardan xabardor bo‘lgan jurnalistlar va blogerlarni birlashtirish fursati keldi.

Fikrimcha, mazkur fond nafaqat media sohasi uchun, balki butun fuqarolik jamiyati uchun muhim bo‘lgan tashabbus va loyihalar uchun yaxshi maydon bo‘ladi.

Biz so‘z erkinligi va uning kuchiga ishonamiz. Biz aynan sifatli jurnalistika jamiyatning demokratik hayoti uchun zarurligiga ishonamiz.

Maqsadimiz - siz, hurmatli jurnalist va blogerlarni qo‘llab-quvvatlash, toki siz odamlarning ovozi, so‘zi va ko‘zi bo‘ling. Bu boradagi faoliyatga oliy vazifa sifatida qarang. Shijoatli bo‘ling va hech qachon to‘xtamang!», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U faoliyati davomida uni ko‘p bor tanqidiy taqqoslash harakatlari bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

«Mana, masalan, mening Otam! U tog‘ qishlog‘idagi oddiy oilada tug‘ilgan, hayot yo‘lida o‘z mehnati va qat'iyligi bilan qiyinchiliklarni yengib o‘tgan, hamisha o‘z xalqi uchun naf keltirishga uringan. Biz shunday muhitda o‘sdikki, otamiz kun-u tun odamlarning hayotini yaxshilash uchun intildi. Yakunda u o‘z xalqi ishonchini qozonib, prezident bo‘lib saylandi! 

Uning sobitqadamligi va mehnatkashligiga qarab, biz bolalikdan o‘zimizda mas'uliyat his qilib ulg‘aydik. 

Men davlat xizmatida ishlaganimda va bugun fondda faoliyat boshlayotganimda ham ko‘p bora meni tanqidiy taqqoslash harakatlariga duch kelmoqdaman. Ammo hozir ishontirib aytamanki, men o‘z mas'uliyatimni juda yaxshi his qilaman. Men otam amalga oshirayotgan islohotlarga foyda keltirish uchun maksimal darajada harakat qilaman. 

Biz yaxshi bilamizki, so‘z erkinligi va davlat organlarining jamoatchilik oldida ochiqligini ta'minlamay turib islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyatisiz boshlangan islohotlarni to‘liq amalga oshmaydi. 

Prezident islohotlar ijrosi nazorati vakolatli organlar faoliyati millionlab ko‘zlar tomonidan kuzatilganda samarali ekanini yaxshi tushunadi. Albatta amaldorlar uchun bu noqulay, ammo kuchli fuqarolik jamiyati shunday quriladi.  

Fondning mas'ul shaxsi sifatida bor imkoniyatlarim, ko‘nikma va tajribamni so‘z erkinligi, davlat organlari ochiqligi, jurnalistlar va blogerlar huquqlari himoyasini ta'minlash uchun yo‘naltiraman.

Jamoat arbobi sifatida mamlakatimiz madaniy merosini targ‘ib qilish, O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash va «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida nogironligi bor bolalarni himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettiraman.

Biz o‘tmish xatolaridan saboq olgan holda, ko‘zlangan maqsadimizdan chalg‘imasligimiz kerak. Faqat bir gap aytishim mumkin – Prezidentning qizi bo‘lish — imtiyoz emas, juda ulkan mas'uliyat va men buni to‘la anglayman!», deydi u.

Mavzuga oid