O‘zbekiston | 16:36 / 09.12.2023
20926
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Foto va video

Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari boshlandi. Qurilish 2025 yilning oxiriga qadar davom etadi. 

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportida keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlandi.

Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, rekonstruksiya natijasida xalqaro aviaqatnovlar terminali maydoni ikki barobarga ko‘payadi, jo‘nab ketish hududiga kirish yo‘llari o‘zgaradi, uchib kelish va uchib ketish zallari yagona majmuaga birlashtiriladi, terminalning ikkinchi qavatida ochiq terrasa paydo bo‘ladi.

Xalqaro terminalni kengaytirish loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi va 2025 yilning oxiriga qadar davom etadi. Ishlar yakuniga yetgach, o‘tkazish imkoniyati yiliga 13 million yo‘lovchiga yetkaziladi.

Aeroport maydonining kengayishiga uchib kelish va uchib ketish binolarining fasadlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni birlashtirish orqali erishiladi. Aeroportga transportda kirish tizimi ham o‘zgaradi: transport vositalari birinchi qavat yoniga kelishadi, yo‘l o‘tkazgich (estakada) esa binoning bir qismiga aylanadi.

Uchib kelish zalida 48 yo‘lovchi uchun o‘tish yo‘lagiga ega yangi chegara nazorati hududi paydo bo‘ladi. Mavjud uchib kelish zali ham to‘rttadan sakkizta yuk lentalarini joylashtirishni nazarda tutgan holda rekonstruksiya qilinadi. Loyiha kutib oluvchilar uchun alohida, hozirgi uchib kelish zalidan kattaroq — 6,2 ming kvadrat metr bo‘lgan hududni o‘z ichiga oladi.

Loyihaga ko‘ra, uchib ketish zalida 50 ta ro‘yxatdan o‘tish nuqtasi, katta o‘lchamdagi bagajlarni topshirish peshtaxtasi, bagajlarni o‘zi topshirish joyi, bojxona va yuk nazoratidan iborat yangi yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish zali quriladi. Aviatsiya xavfsizligi tekshiruv hududi ham kengayadi.

Rekonstruksiyadan so‘ng poytaxt aeroportida 6 ta teletrap ishlaydi, chiqish darvozalari soni esa 12 tani tashkil etadi.

Yangi tizim o‘rnatilishi bilan aeroport real vaqt rejimida har bir yo‘lovchining aeroport majmuasi ichidagi yuklari harakatini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Bu yuklar yo‘qolishini minimallashtirish va ularni samolyotga yanada tezroq yuklash imkonini beradi. Yuklarni saralash uchun yangi maydon va xizmat ko‘rsatish uskunasining o‘rnatilishi ayrim reyslar yo‘lovchilariga parvozdan ro‘yxatdan o‘tish va bagajni topshirishni 24 soat oldin amalga oshirish imkonini beradi.

Mavzuga oid