Jamiyat | 11:56
831
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yaroqlilik muddati o‘tgan tibbiy reagentlar savdosi fosh etildi

DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtda tibbiy reagentlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari muddati o‘tgan reagentlarni sotgan paytda ushlandi. Omborxonalarda esa 2 mlrd so‘mga yaqin qiymatdagi muddati o‘tgan va ro‘yxatdan o‘tkazilmagan (kontrafakt) mahsulotlar aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtda faoliyat yurituvchi, tibbiy reagentlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, u laboratoriya tekshiruvi uchun mo‘ljallangan, yaroqlilik muddati o‘tgan qiymati 32 mln so‘mlik 20 dona reagentni 16 mln so‘mga sotgan paytda qo‘lga olingan.

Shuningdek, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan unga tegishli 2 ta omborxona “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” davlat muassasasi xodimlari jalb etilgan holda ko‘zdan kechirilganda, umumiy qiymati 2 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan 216 turdagi 1414 quti yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar mavjudligi aniqlangan.

Bundan tashqari, xorijdan olib kelingan va tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan 28 turdagi 322 quti mahsulot (kontrafakt) ham topilgani qayd etildi.

Sifatsiz reagentlarning ishlatilishi kelgusida bemorlarga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishi va muolaja jarayonida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Hozirda tibbiy vositalar bo‘yicha tegishli tartibda ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid