O‘zbekiston | 15:35 / 16.05.2026
3310
3 daqiqa o‘qiladi

“Sayohatchi ko‘p, temiryo‘l esa bitta” – chipta yetishmovchiligiga qachon barham beriladi?

Mahalliy reyslardagi chipta yetishmovchiligi – uzoq yillik va yechilmayotgan muammo. Yangi qo‘yilayotgan poyezdlar chipta narxlari esa juda qimmat va doimiy tanqis. Kun.uz Turizm qo‘mitasidan aynan chipta yetishmovchiligi bo‘yicha yechimlarni so‘rarkan, raisga ko‘ra, bugun sayohatchilar ko‘p – temiryo‘l esa bitta.

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning mediaga ma’lum qilishicha, 2030 yilga borib, O‘zbekistonga keluvchi xorijiy sayyohlar soni 20 millionga yetkaziladi. Turizm xizmatlari eksporti hajmi esa 6 mlrd dollarlik pog‘onadan o‘tishi kerak. Biroq bu yo‘nalishda hali hal etilmagan fundamental muammolar anchagina.

Masalan, oddiygina mahalliy reyslardagi chiptalarning yetishmasligi va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning chiptalari narxlari juda qimmatligi – yurtdoshlarimiz hamda xorijlik sayyohlarda savollarni ko‘paytiradi, noqulaylik tug‘diradi.

Biroq shunga ham qaramasdan, avvalo, bu chiptalarni topishning o‘zi jiddiy muammo. Amaliyotda ko‘rish mumkinki, ham poyezd, ham samolyotga aytilgan sanada chipta olish imkonsiz, aksariyat hollarda ular bo‘lmaydi. Biroq paradoks shuki – chiptasi yo‘q poyezdlar ko‘pincha bo‘sh holatda jo‘naydi. Yoki bo‘lmasa, poyezd jo‘nashidan bir necha soat avval yo‘q bo‘lgan chiptalar paydo bo‘ladi. Buni oldindan band qilingan joylarning sotilmay qolganlari qayta tizimga joylanishi deb tushunsak, natijada baribir Temiryo‘llar jamiyati zarar ko‘rgan bo‘ladi. Xo‘sh, masalaga yechim qanday?

Kun.uzʼning shu ma’nodagi savoliga javob bergan qo‘mita boshqarmasi boshlig‘i Jamshid G‘oziyevga ko‘ra, yaqinda “Sarbon” ilovasi ishga tushiriladi va bu yechim bo‘lishi mumkin.

Biroq Kun.uz suhbatlarida qatnashgan temiryo‘lchilar ham “Sarbon” ilovasi haqida gapirgan va oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay muammo hal etilgani yo‘q.

Masala yuzasidan fikrini bildirgan qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulovga ko‘ra, temiryo‘l bitta, sayohatchilar esa ko‘p.

Bilasizmi, bugun odamlarning sayohatga tashnaligi o‘n yil oldingidan farq qiladi. Bugun sayohatchi ko‘p, temiryo‘l esa bitta. Mana, “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi qo‘yildi Xivagacha, sentabrgacha yana ko‘payib, jami 4 ta bo‘ladi. Mavjud sig‘imdan kelib chiqib ishlanadi”, - deydi u.

Matbuot anjumanida qatnashgan boshqa media vakillari ham chiptalarning asossiz qimmatligidan nolidi, bu bo‘yicha murojaatlar ko‘pligini ma’lum qildi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid