O‘zbekiston | 10:47 / 11.10.2022
6691
4 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi uy-joy ijara shartnomasi bir tomonlama o‘zgartirilmasligi va bekor qilinmasligini eslatdi

Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda uyini qimmatroq narxda ijaraga oluvchilar chiqayotgani uchun ayrim ijara beruvchilar arzonroq narxda ijarada turganlarni xonadonidan chiqarib yuborayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Adliya vazirligi uy-joyni ijara beruvchilar hamda ijaraga oluvchilarning huquq va majburiyatlarini eslatdi.

Foto: Shutterstock

“So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizga xorijdan tashrif buyuruvchi fuqarolarning keskin ko‘payishi kuzatilmoqda. Xorijiy fuqarolar oqimining ortishi albatta turistik salohiyatimiz uchun ijobiy ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga bu jarayonda ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan uy-joy ijarasi orqali ko‘proq daromad olish maqsadida avval ijaraga berilgan kvartiralardan ijarachilarni majburlab chiqarib yuborish yoki asossiz ravishda narxni oshirish holati kuzatilmoqda.

Uy-joy egalarining ushbu harakatlari Fuqarolik kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishiga sabab bo‘lishi hamda kvartiralarni ijaraga berishning ayrim muhim huquqiy asoslari to‘g‘risida eslatib o‘tmoqchimiz”, deyiladi vazirlikning “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida e’lon qilingan eslatmada.

Kvartirani ijaraga berish bo‘yicha shartnoma shakli

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

Bunda shartnoma soliq organlarida davlat hisobiga qo‘yilishi kerak.

Shartnomani davlat hisobiga qo‘yish ijara.soliq.uz portali orqali bepul amalga oshiriladi.

Shartnomani davlat hisobiga qo‘yish ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va bu shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.

  • Ijaraga beruvchi shartnomani davlat soliq organlarida hisobga qo‘ymasa BHMning 5 baravaridan (1 mln 500 ming so‘mdan) 10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ijara shartnomasining muddati

  • Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi.

Shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan hisoblanadi.

Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.

Ijara uchun to‘lanadigan haq

  • Ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining o‘zaro kelishuviga binoan shartnomada belgilab qo‘yiladi.
  • Ijara haqining miqdori bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Ijara puli shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lanishi kerak.

Shartnomani bekor qilish

Ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.

Ijara shartnomasini ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga ko‘ra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Bu asoslar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • ijara puli olti oy yoki qisqa ijarada esa shartnomadagi muddatdan keyin 2 martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
  • uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;
  • uy-joydan g‘ayriqonuniy maqsadlar uchun foydalanilgan bo‘lsa.

Ijaraga oluvchi uy-joydan boshqa maqsadda foydalansa yoki qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsa, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishi mumkin.

Ijaraga oluvchi ogohlantirish olganlardan keyin ham qoidabuzarliklarni davom ettirsa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli.

Yuqoridagilarga ko‘ra, shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Ijaraga beruvchilar tomonidan kvartiradan chiqib ketish yoki ko‘proq haq to‘lashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.

Hujjatlarni, shu jumladan da’vo arizasini rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy yordam olish uchun adliya organlariga hamda “Madad” NNT va uning hududiy byurolariga murojaat qilishingiz mumkin. Adliya hujjatlarga yordam beradi!

Hurmatli mulkdorlar! O‘z manfaatlaringiz hisobiga boshqa shaxslarning huquq va manfaatlariga putur yetkazib, qonunchilik talablarini buzmaslikka chaqiramiz”, deyiladi vazirlik eslatmasida.

Mavzuga oid