Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi matbuotchi mozaikasi saqlab qolinishi va’da qilindi
Shahar markazidagi gazetachilar korpusi rekonstruksiya qilinishi asnosida, bino fasadidagi mozaika buzilishi mumkin. “Tashkent modernism” loyihasi muallifning tarixiy mozaikani saqlab qolish haqida chaqirig‘iga javoban, Madaniyat va sa’atni rivojlantirish jamg‘armasi buning yechimlari izlanayotganini ma’lum qildi.
Foto: Kun.uz
Toshkent shahri Buxoro ko‘chasidagi “Sharq” nashriyotiga qarashli bosmaxona fasadini bezab turgan “matbuotchi” mozaikasi buzilishi mumkin.
Bu haqda “Tashkent modernism” loyihasi muallifi Aleksandr Fyodorov Instagram'dagi sahifasida ma’lum qildi.
U bosmaxona rekonstruksiya qilinayotgani va bu yerda ustalar ishlayotganini ta’kidlab, yaqin tarixning milliy modernizm namunasi bo‘lgan bu mozaikaga shikast yetkazmasdan boshqa joyga ko‘chirishni taklif qildi.

Hozir bosmaxonaning ichki qismini buzish ishlari ketyapti, bino atrofida yuk mashinalari va ishchilarni ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli bosmaxona 1921 yilda qurilgan. Bosmaxonada uzoq yillar faoliyat yuritgan ishchilardan birining Kun.uz'ga aytishicha, bosmaxona fasadidagi mozaika 1979 yil o‘rnatilgan.

“Vaqt o‘tib ohori to‘kilgan, lekin qurilgan paytida juda yorqin va chiroyli edi. Mozaikada ayol gazetalarni ushlab turgani aks etgan. O‘sha paytda mozaikada gazeta nomlari ham aniq ko‘rinardi, hozir o‘chib ketgan. 2010 yillardan keyin bosmaxona deyarli faoliyatini tugatgan, gazetalarni bosmadan chiqarish “Matbuot uyi”ga va boshqa joylarga ko‘chirildi”, – deydi u.
“Tashkent modernism” loyihasi muallifi Aleksandr Fyodorov davlat organlari, yirik biznes egalarini mozaikani boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishda tashabbus ko‘rsatishga chaqirdi.
“Menimcha, har qanday bank, har qanday yirik biznes uchun bu ajoyib imij yaratishga yordam beradi. Bu mozaika umuman shu binodan ko‘chirilib, shaharning qaysidir qismiga joylashtirib, pastiga kompaniya logotipini joylashtirish orqali o‘z imijingizni yaratasiz.
Modernistik merosning hech bo‘lmaganda bir qismini saqlab qolish uchun shunday zamonaviy yondashuv kerak”, – deydi u.
Loyiha muallifi mozaikani shaharning turli burchaklari – reklama bannerlari, parklar va bog‘lardagi joylashuviga oid taklif-namunalarni ham taqdim qildi.
O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabariga ko‘ra, bosmaxona buzilayotgani haqida murojaat kelib tushgan va uni asrab qolish ustida ish olib borilmoqda.
“Bosmaxona binosi buzilyapti, jamoatchilik mozaikaning keyingi taqdiridan qayg‘uryapti. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining vazifasi nafaqat sohani targ‘ib qilish, balki mamlakatimizning boy madaniy merosini asrab-avaylashdan iborat. Hozirda jamg‘arma Madaniy meros agentligi mutaxassislari bilan hamkorlikda mozaikani asrab qolishning eng yaxshi yechimlari ustida ishlayapti”, – deyiladi jamg‘arma bayonotida.
Jamg‘arma holatga befarq bo‘lmagan barchaga minnatdorchilik bildirib, mozaikani saqlab qolish choralari haqida batafsil ma’lumot berilishini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Toshkent hokimligi, shahar kengashining qarorini asos qilib ko‘rsatgan holda, ko‘p qavatli uylar fasadidagi mozaikalarni o‘chirib tashlamoqchi bo‘lgandi.
O‘shanda mozaikalar o‘chirilishiga qarshi chiqqan bloger Nikita Makarenko ustidan Toshkent deputatlari IIBga shikoyat qilgan, Madaniy meros agentligi blogerni faol qo‘llab-quvvatlagandi.
Jamoatchilik e’tirozlaridan keyin Toshkentdagi mozaikalarni bo‘yash to‘xtatilgandi.
Mavzuga oid
09:14 / 19.12.2025
Shayxontohur tumanida to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH qayd etildi
11:28 / 15.12.2025
Toshkentda qutqaruvchilar shifoxonadan qaytgan fuqaroni uyiga olib chiqishga yordam berdi
08:23 / 12.12.2025
Toshkentda katta miqdorda psixotrop dorilarni saqlagan ikki nafar ayol qo‘lga olindi
08:48 / 11.12.2025