Jamiyat | 08:23 / 12.12.2025
2655
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda katta miqdorda psixotrop dorilarni saqlagan ikki nafar ayol qo‘lga olindi

DXX boshqa huquq-tartibot tashkilotlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida noqonuniy ravishda psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlash hamda muomalaga kiritish bilan bog‘liq jinoyatni fosh etdi. Tezkor tadbir davomida umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd so‘mlik dori vositalari musodara qilindi.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash yo‘nalishida kechiktirib bo‘lmas tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi, 1977 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan ayol F.M. o‘z yashash manzilida Farg‘ona vodiysidan olib kelingan katta miqdordagi psixotrop moddalarni noqonuniy ravishda saqlayotgani to‘g‘risida tezkor ma’lumot olingan.

Fuqaro F.M. va uning jinoiy aloqalarini fosh etish maqsadida DXX Chegara qo‘shinlari, Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Xolislar ishtirokida F.M.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, ozish uchun mo‘ljallangan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 3000 dona dori vositasi, shuningdek tegishli hujjatlari bo‘lmagan 1,1 milliard so‘mlik TMB aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

F.M. bilan o‘tkazilgan dastlabki so‘rov chog‘ida, u 1986 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, o‘zining mahalladoshi fuqaro D.X. yashash manzilida ham katta miqdorda psixotrop moddalar borligini ma’lum qilgan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro D.X.ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan. Natijada, u yerdan 17 060 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, shuningdek, umumiy qiymati 400 million so‘mlik 2 973 dona tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori-darmonlar aniqlanib, olingan.

Hozirda har ikki fuqaroning mazkur psixotrop moddalar va boshqa tibbiy mahsulotlarni kimlardan olgani, ularga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash hamda jinoyat mexanizmini to‘liq ochish yuzasidan tegishli idoralar hamkorligida tergovga qadar tekshiruv va tezkor chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid