Sport | 02:32 / 12.02.2021
4224
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi sport inshootlarining bir kunlik quvvati qariyb 1,5 mln kishini tashkil etadi - Adliya vazirligi

Adliya vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mavjud sport inshootlarining bir kunlik sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish quvvati qariyb 1,5 mln kishini tashkil etadi. Ya'ni umumiy aholining soniga nisbatan sport inshootlari bilan ta'minlanish darajasi 4,5 foizdan oshmaydi.

Foto: Pixabay

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda foydalanishga topshirilgan sport inshootlari soni 12 mingdan oshgan. Shunga qaramay, mavjud sport inshootlaridan foydalanish ahvoli qoniqarsizligicha qolmoqda.

«Davlat rahbari tomonidan bugungi kunda sport inshootlaridan foydalanish ahvoli qoniqarsiz deb topilib, ko‘plab sport obektlaridan foydalanilmay kelinayotgani, ularning foydali ish koeffitsiyenti 50 foizdan pastligi ta'kidlab o‘tildi.

Shu bilan bir qatorda, Adliya vazirligi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mavjud sport inshootlarining (stadion, sport zali, basseyn, manej va boshqalar) bir kunlik sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish quvvati qariyb 1,5 mln kishini tashkil etib, umumiy aholining soniga nisbatan sport inshootlari bilan ta'minlanish darajasi 4,5 foizdan oshmaydi», – deyiladi Adliya vazirligi Kun.uz'ga taqdim etgan ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida jami 1 434 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, bugungi kunda ulardagi mavjud bo‘sh yer maydonlari va binolarning mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmasdan kelinmoqda.

Qayd etilgan sport inshootlarining bo‘sh turgan qismidan davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanish bo‘yicha 120ga yaqin obektlarning ro‘yxati ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar birorta DXSh bitimlari imzolanmagan.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 10 ta, Andijonda 4 ta, Buxoroda 4 ta, Jizzaxda 10 ta, Qashqadaryoda 9 ta, Navoiyda 8 ta, Samarqandda 11 ta, Sirdaryoda 6 ta, Surxondaryoda 6 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Farg‘onada 12 ta, Xorazmda 14 ta, Toshkent shahrida 12 ta sport muassasalarining bo‘sh turgan bino va yer maydonlari mavjud.

O‘rganish davomida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport maktablarining reytingi natijalariga ko‘ra ulardan 285 tasining faoliyati samaradorligi qoniqarsizligicha qolayotgani, sport maktablarining faoliyati samaradorligiga balansida sport inshootlari mavjud emasligi, sport anjomlari ta'mirtalab va yaroqsiz holatga kelib qolgani, sport razryadlari bajarilmagani, sportchilarning musobaqalarda erishgan natijalari pastligi, metodik tavsiyalar va qo‘llanmalar ishlab chiqilmagani, trenerlar, metodistlar va shifokorlarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi ta'minlanmagani kabi tizimli kamchiliklar aniqlangan.

Bundan tashqari, respublika bo‘yicha mahallalar bo‘ylab o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi 9168 ta mahalla fuqarolari yig‘inlarining 3 210 tasida hudud aholisining jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari uchun sport inshootlari tashkil etilmaganini ko‘rsatmoqda.

Senat: Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi maktablarning 24 foizida sport zallari mavjud emas

Keyingi o‘quv yilidan barcha sinflarda jismoniy tarbiya darsi haftada 2 soatdan o‘tiladi

O‘zbekiston bo‘ylab «Salomatlik yo‘laklari» quriladi

Mavzuga oid