Jamiyat | 15:41 / 15.10.2018
5049
5 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondi rejalari: chekka qishloqlarda suv chiqariladi, nikoh to‘ylari o‘tkazib beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilgan edi. Fond Matbuot xizmati shu davrga qadar erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqda ma'lum qildi.

 «Masjid va madrasalar uchun kitob» aksiyasi

«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan hozirgi kunda «Masjid va madrasalar uchun kitob» aksiyasi o‘tkazilmoqda. Shu vaqtga qadar 9 ta viloyatdagi 306 ta masjidga jami 367 mln so‘mlik 13109 ta kitob yetkazib berildi.

Masjidlarga «Qur'oni karim», muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) mo‘'jizalari», «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning muborak vasiyatlari», «Oilada farzand tarbiyasi», «So‘ragan edingiz», shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub, «Odoblar xazinasi» to‘plami, «Islom tarixi» to‘plami, «Hadis va hayot», «Muhammad sollallohu alayhi vasallamga sodiq Muhammad sodiq», «Zikr ahlidan so‘rang», «Oltin silsila», «Iymon», «Ochiq xat» «Baxtiyor oila» kitoblari, shu bilan birgalikda masjid ahli uchun kerakli deb hisoblangan «O‘kinma», «Yengil amallar», «Hanafiy fiqhidan savol-javoblar», «Dunyo va din odobi», «Nurul basar» «Muhammad sollallohu alayhi vasallamning axloq odoblari» «40 farz» «Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shakli shamoillari» «Til ofatlari», «Umrning bir lahzasi», «Baxtli hayot sari», «G‘iybat o‘zi nima?», «Hazrati Nuhning kemasi va to‘fon voqeasi», «Muallimi soniy», «Men ham namoz o‘qiyman» kabi kitoblar Alloh yo‘lida vaqf mulki qilib berilmoqda.

Saxovat tadbirlari

Vaqf xayriya jamoat fondi yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda kam ta'minlangan oilalarga doimiy ravishda yordam ko‘rsatib kelmoqda. Shu vaqtga qadar fond umumiy hisobda 1 mlrd so‘mdan ziyod saxovat ishlarini amalga oshirdi. Jumladan, Qurbon hayitida Respublika bo‘yicha 10 tonnadan ziyod qurbonlik go‘shtlari fond nomidan tarqatildi. Shu bilan birgalikda 400 ta oilaga iste'mol savatchasi berildi.

Kelajak rejalari qanday?

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta'minlangan oilalarning nikoh yoshiga yetgan farzandlarini nikoh to‘ylarini o‘tkazib berish bo‘yicha aksiya e'lon qilinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, fond tomonidan «Obi hayot» (chekka-chekka qishloq va ovullarda suv chiqarish), «Ro‘zg‘or» (kam ta'minlangan, boquvchisi yo‘q, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uylariga ro‘zg‘orlik qilib beriladi. Ushbu loyihani aksiya ko‘rinishida o‘tkazish rejalashtirilgan), «Ehtiyojmandlarga ko‘mak» (kiyim-kechak, mebel, maishiy elektr-texnika jihozlari va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlarni yig‘ish va ehtiyojmandlarga beg‘araz berish) hamda «Obod xonadon» (ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni manzillarini topish, ularning uy-joylarini qurish va ta'mirlashga yordam berish) kabi loyiha va aksiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yana bir qator xayriya tadbirlari ishlab chiqilmoqda.

Avvalroq Buxoro viloyatidagi masjid va madrasalarga kitoblar yetkazib berish aksiyasi davom ettirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid