O‘zbekiston | 11:31 / 25.04.2023
32972
11 daqiqa o‘qiladi

Ta’limni rivojlantirish markazi tashkil etildi. U katta vakolatlarga ega bo‘ladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklarga oid qator vakolatlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga o‘tkazilmoqda. Markaz xususiy o‘quv kurslari borasida muayyan huquqlarga ega bo‘ladi. Xodimlariga to‘lanadigan ish haqi miqdorlari Prezident administratsiyasi xodimlarining maoshlariga teng bo‘ladi.

Foto: Shutterstock

Prezident “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi (Respublika markazi)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilab qo‘yilishicha, Respublika markazi:

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 34 ta shtat birligini hamda faoliyati tugatilayotgan Ta’lim sifatini baholashning xalqaro tadqiqotlar milliy markazining 18 ta shtat birligini;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazining 10 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga tashkil etiladi;
  • Toshkent shahri Shayxontohur tumani Navoiy ko‘chasi 30-uyda joylashadi.

Quyidagilar Respublika markazining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakl va usullarini, ta’lim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimlarini joriy qilish;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qisqa muddatli, shu jumladan xususiy o‘quv kurslarning ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • ta’lim tashkilotlarida o‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtirish;
  • ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or shakllarini joriy qilish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish uchun shart-sharoit yaratish;
  • ta’lim tashkilotlaridagi o‘quv-tarbiya jarayonlari va kadrlarni tayyorlash sifatini monitoring qilishda, ta’lim oluvchilarning bilimi ta’lim standartlari va talablariga muvofiqligini tahlil qilishda ishtirok etish, O‘zbekistonda ta’lim sifati sohasida xalqaro dasturlar va tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkillashtirish;
  • ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash;
  • ta’lim sohasidagi ilg‘or amaliyotni o‘rganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantirish.

Belgilanishicha:

  • Respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi;
  • vakolatli davlat organlari maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni Respublika markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.

Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil qilishning yangi tartibi o‘rnatiladi. Unga ko‘ra, Respublika markazi:

  • ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari hamda o‘quv kurslarini moddiy-texnik jihozlash bo‘yicha talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • vakolatli davlat organlari bilan birgalikda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari faoliyati sifatini nazorat qilish va baholash mezonlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • ta’lim standartlari, o‘quv rejalari, dasturlari, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning samaradorligini davriy tashkil qiladi;
  • tahlil yakunlariga ko‘ra hamda vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar asosida ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yilgan talablarni takomillashtirish buyicha choralar ko‘radi.

Vakolatli davlat organlari Respublika markazi talablari asosida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Qoraqalpogiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini Respublika markazi talablariga muvofiq jihozlash bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.

Respublika markaziga quyidagi huquqlar berilmoqda:

  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarida ta’lim sifatini hamda o‘quv-tarbiya jarayonining ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiqligini belgilangan tartibda monitoring qilish;
  • vakolatli davlat organlariga ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari talablarini bajarmagan ta’lim tashkilotlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha taqdimnomalar kiritish;
  • o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlar natijalarini ta’lim tashkiloti, tuman (shahar) yoki hudud misolida tajriba-sinovdan o‘tkazish;
  • davlat organlari, yetakchi ilmiy, ta’lim va tahliliy, shu jumladan xorijiy muassasalar ekspertlarini shartnoma asosida tadqiqotlarga jalb etish;
  • darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilish, ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish uchun, zarur hollarda, respublika va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislaridan iborat loyiha (ishchi) guruhlarni, shu jumladan shartnoma asosida tuzish;
  • tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarga nisbatan lizensiya huquqlarini keyinchalik ularni tarjima qilish, moslashtirish, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish imkoniyatlari bilan birga sotib olish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, jamg‘armalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari va o‘quv muassasalari bilan shartnomalar tuzish;
  • islohotlar jarayoniga nodavlat ta’lim tashkilotlarini jalb qilish, ular bilan ishlarni bajarish to‘g‘risida bitimlar tuzish;
  • o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun ijro etuvchi hokimiyat organlaridan statistik, tahliliy va boshqa axborotlarni so‘rab olish;
  • noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot-tahliliy sharhlar, ma’ruzalar va boshqa nashrlar chiqarish;
  • o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar ko‘rsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-hyqyqiy tuzilmalarni tashkil etish;
  • Respublika markaziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari va grantlarini jalb qilish;
  • vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini oshirish va o‘quv jarayonini tashkil etishga taalluqli masalalar yuzasidan qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llash.

Belgilanishicha:

  • Respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;
  • Respublika markazi faoliyatiga umumiy rahbarlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;
  • Respublika markaziga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
  • Respublika markazi direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga ega bo‘ladi;
  • Respublika markazi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administraqiyasining Ijro etuvchi apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash razryadlari va ish haqi miqdorlari tatbiq etiladi;
  • davlat organlari rahbarlari Respublika markaziga har tomonlama ko‘maklashadi, jumladan, markaz o‘z vazifalarini bajarishi uchun unga zarur shart-sharoit yaratadi, shuningdek, so‘ralgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etadi, tahlillar yakuniga ko‘ra kiritilgan materiallar va tavsiyalarni ko‘rib chiqadi.

Respublika markaziga 2023 yil 1 iyulgacha Prezident administratsiyasiga quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi:

  • ta’lim oluvchilarning qiziqishlari va qobiliyatlarini inobatga olgan holda umumta’lim tashkilotlarining o‘quv rejalari va dasturlarini tabaqalashtirish;
  • ta’lim tashkilotlari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilish tartibini takomillashtirish;
  • ta’lim jarayoniga ushbu yunalishdagi ilg‘or amaliyotlarni (MELQO, TIMSS, PISA, EQVET va boshqalar) hisobga olgan holda ta’lim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy metodlarini joriy qilish.

Respublika markazining xodimlari umumiy soni 62 nafardan iborat tuzilmasi tasdiqlandi.

Respublika markazi direktoriga quyidagi huquqlar berilmoqda:

  • Prezident administratsiyasi bilan kelishgan holda, zarur hollarda, markazning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
  • markaz faoliyatini moliyalashtirishning budjetdan tashqari manbalari hisobidan Respublika markazi xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish.

Respublika markazi faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari quyidagilar bo‘ladi:

  • Davlat budjeti mablag‘lari;
  • vazirliklar, idoralar va muassasalar tomonidan ularning buyurtmalari asosida tadqiqotlar va baholash ishlarini olib borishga ajratiladigan mablag‘lar;
  • o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida konsalting, ekspert-tahlil va boshqa kizmatlarini ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
  • xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari va maqsadli mablag‘lari;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Tashqi ishlar vazirligi Respublika markaziga xorijiy tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, ularning malakali mutaxassislarini jalb etishda ko‘maklashadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Respublika markaziga yangi tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda markazning intellektual-tahliliy salohiyatini rivojlantirish uchun xalqaro donorlarni jalb qilishda ko‘maklashadi.

Mavzuga oid