Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zbekneftgaz» Trampga yaqin ekani aytiladigan lobbi kompaniya bilan 5 yillik shartnoma imzoladi
Shartnoma shartlariga ko‘ra, xizmat haqi oyiga 83 ming 334 dollar etib belgilangan. To‘lov har chorak yakunida (250 ming dollar) amalga oshiriladi. Kelishuv 5 yillik muddatga tuzilgan bo‘lib, yakuniy xizmat haqi 5 mln dollargacha yetishi mumkin. AQSh ommaviy axborot vositalarida Ballard Partners’ning Trampga yaqin ekanligi tez-tez tilga olinadi.
Foto: Getty images
2025 yilning 12 dekabr kuni «O‘zbekneftgaz» Amerikaning Ballard Partners kompaniyasi bilan «AQSh hukumati oldida strategik konsalting va manfaatlarni himoya qilish (advocacy / lobbying) xizmatlarini amalga oshirish» bo‘yicha shartnoma imzolagan. Bunga Telegram’dagi «Revizor» kanali e’tibor qaratdi.
Shartnoma 5 yillik muddatga tuzilgan. Kelishuv shartlariga muvofiq xizmat haqi oyiga 83 ming 334 dollar etib belgilangan. To‘lov har chorak yakunida (250 ming dollar) amalga oshiriladi.

Ballard Partners haqida
Ballard Partners 1998 yilda AQShda ro‘yxatdan o‘tgan lobbi kompaniya, ya’ni hukumat va siyosiy qarorlar darajasida mijozlar manfaatini himoya qilish, strategik maslahat va aloqalarni boshqarish xizmatlarini ko‘rsatadi. Bosh qarorgohi Floridada joylashgan. Shuningdek, Vashington Los Anjyeles, Boston, Istanbul, Tel-Aviv va boshqa shaharlarda idoralari bor.
Ballard Partners quyidagilarni bajaradi:
- Mijoz manfaatlarini AQSh hukumat organlarida himoya qilish;
- Strategik maslahatlar berish va siyosiy qarorlar bilan bog‘liq yo‘l xaritalarini tuzish;
- Hukumat siyosati, qonunchilik jarayoni yoki rejalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish aloqalarini boshqarish;
- Ayrim holatlarda chet el hukumatlari yoki bizneslar uchun FARA doirasida («Xorijiy agentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun) lobbi xizmatlarini ko‘rsatish.
Tramp bilan yaqinlik
Ballard Partners AQSh ommaviy axborot vositalari va tahliliy manbalarda Trampga yaqin ekanligi tez-tez tilga olinadi. Xususan, kompaniya Tramp birinchi marta prezidentlikka kelishidan avvalgi saylov oldi kompaniyasida sezilarli darajada katta mablag‘ to‘plashda qatnashgan. 2017 yilda Vashingtonda ofis ham ochadi. Bu kompaniya faoliyatining strategik jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishi sifatida baholangan. Bir necha sobiq Ballard Partners xodimi keyinchalik Tramp ma’muriyatida yuqori lavozimlarga ham tayinlanadi.
Qator nashrlar Ballard Partners’ning daromadi Trampning hokimiyatga qaytishi fonida sezilarli darajada ko‘payayotgani haqida ham yozgan. Bunga asosiy omil sifatida AQSh prezidenti bosimiga uchragan tashkilotlarning Ballard xizmatidan foydalana boshlagani keltiriladi.
Avvalroq, AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston prezidentining 6 noyabr kuni Vashingtonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlari haqida ma’lumot bergandi. Xususan, O‘zbekistonda AQSh kompaniyalari bilan birgalikda aniqlangan foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish huquqi birinchi navbatda Amerika kompaniyalariga taklif etiladi.Tomonlar birgalikda muhim minerallar va nodir ma’danlar sohasida 400 mln dollargacha bo‘lgan qiymatdagi loyihalarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston AQSh energetika kompaniyalaridan kichik modulli yadro reaktorlarini sotib olishini bildirgan. Shuningdek, Air Producs kompaniyasi O‘zbekistonda metanol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 3 mlrd dollargacha investitsiya kiritadi.
Avvalroq, «O‘zbekneftgaz»ning shu’ba korxonasi UNG Overseas va Amerikaning Cargill kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangani xabar qilingandi. Hujjatda O‘zbekiston energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun 3 mlrd dollargacha uzoq muddatli moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
22:32 / 28.12.2025
BMTning vazifasini AQSh bajarmoqda – Tramp
17:00 / 28.12.2025
Putin yana harbiy formada yig‘ilish o‘tkazdi. Lavrov Yevropani «tinchlik yo‘lidagi asosiy g‘ov» deb atadi
14:06 / 27.12.2025
OAV: AQSh ishchilar sinfi orasida Tramp reytingi rekord darajada tushib ketdi
08:25 / 27.12.2025