Jahon | 20:23 / 12.10.2025
7397
3 daqiqa o‘qiladi

Madagaskarda harbiy to‘ntarishga urinish amalga oshirildi

Mamlakatda sentabr oxirida norozilik namoyishlari boshlangandi. So‘nggi kunlarda ko‘plab harbiylar namoyishchilarga qo‘shilgan.

Madagaskar prezidenti Andri Radzuelina ma’muriyati mamlakatda hokimiyatni noqonuniy va konstitutsiyaga zid ravishda egallab olishga urinish bo‘layotganini ma’lum qildi.

Bir necha soat o‘tgach, CAPSAT (kadrlar va ma’muriy-texnik xizmatlar armiya korpusi) deb nomlangan armiya bo‘linmasi harbiy qo‘mondonlikni o‘z qo‘liga olganini va endi barcha qurolli kuchlar – quruqlik, havo va dengiz kuchlarini nazorat qilishini ma’lum qildi.

Qizig‘i shundaki, xuddi shu bo‘linma 2009 yilda Madagaskardagi siyosiy inqirozda hal qiluvchi rol o‘ynagan, natijada Radzuelina hokimiyat tepasiga kelgandi.

Madagaskarda dastlabki norozilik namoyishlari 25 sentabr kuni boshlangandi: dastlab aholi suv va elektr ta’minotidagi uzilishlarga qarshi norozilik bildirgan bo‘lsa, keyinchalik namoyishlar ishsizlikning yuqori darajasi, korrupsiya va yashash narxining oshishi tufayli Radzuelina hukumatidan norozilikka aylandi.

Shanba kuni ba’zi askarlar poytaxt Antananarivu chekkasidagi kazarmalarini tark etib, shahar meriyasi oldida namoyishchilarga qo‘shilishdi.

CAPSAT yaqinda Antananarivudagi norozilik namoyishlarini tarqatishda xavfsizlik kuchlari tomonidan kuch ishlatilganini qoraladi.

Shanba kuni prezident ma’muriyati bayonotida Radzuelina va yangi bosh vazir Rufin Zafisambo (o‘tgan hafta u tomonidan tayinlangan armiya generali) vaziyatni nazorat qilayotganiga ishontirildi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar boshlanganidan beri 22 kishi halok bo‘lgan. Madagaskar prezidenti bu raqamlarni «xato» deb atadi – uning so‘zlariga ko‘ra, 12 kishi halok bo‘lgan, ularni «marodyorlar va bezorilar» bo‘lgan.
LUIS TATO/AFP via Getty Images

Radzuelinaning yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotida «hozirda respublika hududida hokimiyatni egallashga urinish amalga oshirilayotgani, bu esa Konstitutsiya va demokratik tamoyillarga mutlaqo zidligi» aytilgan.

U «mamlakatni beqarorlashtirishga urinish»ni keskin qoraladi va mamlakatning barcha asosiy kuchlarini konstitutsiyaviy tartib va milliy suverenitetni himoya qilish uchun birlashishga chaqirdi.

CAPSAT feysbukda e’lon qilgan bayonotida general Demosfen Pikulas yangi shtab boshlig‘i etib tayinlanganini ma’lum qildi.

Yakshanba kuni ertalab jandarmeriya xodimlari CAPSAT lageriga muzokaralar o‘tkazish uchun tashrif buyurganidan keyin otishma sodir bo‘lgani haqida xabarlar chiqqan. Hozircha tafsilotlar yo‘q.

Mavzuga oid