O‘zbekiston | 13:00 / 23.01.2018
13836
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda o‘qituvchilarga «Hokimlik maoshi», talabalarga hokim stipendiyasi joriy etildi

Guliston davlat universiteti qoshida maktabgacha ta'lim, maktab, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi va oliy ta'lim muassasalari hamkorligini yaxshilash hamda malakali kadrlar tayyorlash,  ularga o‘quv-metodik yordam berish maqsadida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiy veb-sayti xabar berishicha, kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlarida (2017 yil 20 apreldagi PQ-2906, 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3151, 2017 yil 28 iyuldagi PQ-3160, 2017 yil 9 sentabrdagi PQ-3162) belgilangan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishga ko‘maklashadi. Muvofiqlashtiruvchi kengashning 3 ta — maktabgacha ta'lim, umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi sho‘'balari faoliyat ko‘rsatadi.

«Bugungi taraqqiyotimiz, halqimiz farovonligi ilm-fanning ishlab chiqarishga qanchalik jalb etilganligi bilan belgilanadi. Men olimlarga suyanaman. Ularning kashfiyotlarini, yangiliklarini, innovatsion g‘oyalarini hayotga tadbiq etilishini xohlayman» — deydi viloyat hokimi, muvofiqlashtiruvchi kengash raisi G‘ofurjon Mirzayev.

Shuningdek, universitetdagi «Eng iqtidorli, iste'dodli talabalar»dan 12 nafariga har oyda 500 ming so‘mdan «Sirdaryo viloyati hokimi stipendiyasi», har oyda har bir fakultetdan «Eng yaxshi, bilimli, salohiyatli, qator yutuqlarga erishgan, chet ellarda maqolalari bosilgan, grand-loyihalari mavjud o‘qituvchilari uchun viloyat hokimining 1 000 000 so‘m qo‘shimcha «Hokimlik maoshi» berilishi e'lon qilindi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi 4446 nafar talabaning har hafta bir kunlik tushligi bepul qilib berilishi, haftaning har payshanba kuni universitet oshxonalarida «baliq kuni» joriy etilishini aytib o‘tgan.

Maktabgacha ta'lim, umumta'lim maktablari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi faoliyat ko‘rsatgan ta'lim muassasalari uchun yil yakuniga ko‘ra muvofiqlashtiruvchi kengash tavsiyasiga asosan 3 ta yo‘nalish bo‘yicha mukofotlar joriy qilindi. 

Ayni paytda muvofiqlashtiruvchi kengashning 2018 yilgi ish rejasi tasdiqlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid