O‘zbekiston | 23:16 / 05.04.2023
37918
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon pedagogika instituti prorektori ishdan bo‘shatildi 

QDPI yotoqxonasidagi qizlarning yashash xonasida yashirin kamera o‘rnatilgani ma’lum bo‘lishi ortidan, institut prorektori ishdan olindi. Yana 4 nafar mas’ul xodimga intizomiy jazo berilgani aytildi. Huquq organlarining tekshiruvi davom etmoqda.

Foto: Qo‘qon pedagogika instituti

Qo‘qon pedagogika instituti prorektori ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi. 

Avvalroq, ushbu institutdagi qizlarning yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatilgani ma’lum bo‘lgan edi. 

Qayd qilinishicha, prorektor bilan birga «bevosita jarayonda ishtirok etib, xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan 4 nafar mas’ul xodim, jumladan, bir nafar mutaxassisga intizomiy jazo chorasi ham qo‘llangan». 

Xabarda ularning ismi sharifi keltirilmagan. 

«Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi inson shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, shaxsiy ma’lumotlarni ochiqlashga urinish kabi xatti-harakatlarni qattiq qoralaydi, ushbu holatni talaba-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish deb baholaydi. Hech kim inson erki va shaxsiy hayotiga daxl qilishga haqqi yo‘q, deb hisoblaydi», deyiladi xabarda. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, voqea ishtirokchisi bo‘lgan qizlarning tazyiqsiz ta’lim olishi kafolatlanadi. 

Ta’kidlanishicha, huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Avvalroq QDPI bergan bayonotda rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani, kamera shu munosabat bilan o‘rnatilgani aytilgandi.

Mavzuga oid