Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida yashovchi talaba qizlar xonasiga institut mas’ullari yashirin kamera o‘rnatib ketishganini bilib qolib, Kun.uz’ga murojaat qilishgan edi. Ular holat haqida prorektor va rektorga aytishganida, o‘zlari aybdorga chiqib qolishlariga oz qolgan. Holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qattiq muhokamalarga sabab bo‘lgach, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi va QDPI o‘zining rasmiy munosabatini e’lon qildi

Vazirlik bergan bayonotda aytilishicha, 4 aprel kuni Qo‘qon davlat pedagogika instituti talaba qizlaridan biri Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi muloqot botiga qizlar yashaydigan xonalaridan biriga kuzatish kamerasi yashirincha o‘rnatilgani haqida ma’lumot bergan.

Mas’ullar shikoyat qilgan qiz bilan suhbatlashgach, vazirlikning Farg‘ona hududiy boshqarmasi xodimlari QDPIga borib, vaziyatni o‘rgangan. Natijada haqiqatan ham qizlarning xonasiga videokamera o‘rnatilgani aniqlangan.

OTFIV voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

QDPI bergan bayonotda rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani va shu munosabat bilan kamera o‘rnatilgani ma’lum qilingan.

Shuningdek, maxsus xona talabalarning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish, o‘qish jarayonidagi stress holatlarning oldini olish uchun tashkil qilinayotgani aytilgan. QDPI nega talaba qizlar o‘z xonasida qo‘yilgan kameradan xabardor emasligini esa quyidagi vaj bilan izohlagan:

“Haftaning shanba-yakshanba kunlari talabalar o‘z uyiga ketishlarini hisobga olib, xonani shanba kuni jihozlash boshlangan. Lekin bu holat haqida talabalar o‘z vaqtida ogohlantirilmagan. Natijada bu anglashilmovchilik yuz bergan. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda”.

Institut bayonoti jamoatchilik orasida ishonchsizlikni keltirib chiqardi va qator savollarni paydo qilmoqda.

Telegramʼdagi Masofaviy ta’lim kanali QDPI rektorining munosabati ishonchsiz chiqqani haqida yozgan