Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ikkinchi jahon urushidan ham cho‘zilgan qirg‘inbarot. Kiyev nega uch kunda qulamadi?
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga roppa-rosa to‘rt yil bo‘ldi. Yil hisobida olsak, Rossiya beshinchi yilki qo‘shnisi Ukrainani taslim qilolmayapti. Urushdan avval bu ikki davlat harbiy qudratini solishtirish kulgili edi, lekin urushning beshinchi yilida ko‘ryapmizki, afisha haqiqat bo‘lib chiqmadi, Kiyev uch kunda qulamadi, rus tanki tuz va gul bilan qarshilanmadi, Zelenskiyning ta’biri aytganda, ukrainlar oq emas, ko‘k-sariq bayroq ko‘tardi. Quyida urush nega uch kunda tugamagani, urushning ilk kunlarini yodga olamiz.
Qanday boshlangandi?
Urush rasman 2022 yil 24 fevralda boshlangan, lekin bosqin sodir bo‘lishi ancha avval aniq bo‘lib ulgurgandi. Kechagidek esimda, 2021 yil kuzidan boshlab Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani haqida materiallar yozishni boshlagandik. Noyabrda AQSh va Yevropa Rossiyaning Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotganini jiddiy muhokama qila boshladi.
Ba’zi nashrlarning yozishicha, Amerika o‘sha paytdayoq Kiyevni Rossiya bosqini sodir bo‘lishidan ogohlantirgan, biroq ukrainlar bunga ishonmagan. Dekabr boshida Putin bilan videoformatda muloqot qilgan Jo Bayden o‘sha suhbatdan keyinoq urush bo‘lishiga hech qanday shubha qilmagan, chunki yil yakunida Rossiya endi Ukrainaga emas, butun kollektiv G‘arbga ultimatum qo‘yishni boshlagandi.
Yanvar oyida Rossiya va Belarus birgalikda harbiy mashg‘ulot boshladi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, bu aslida Kiyevga Belarus hududi orqali bostirib kirish mashg‘uloti bo‘lgan ekan. Yanvar yakunida Rossiya Aleksey Navalniy va bir qator muxolifatchilarni terrorchi deb e’lon qiladi. Fevral boshlangan sayin agressiv harakatlar kuchayib bordi va Rossiya hayotini kuzatadigan ruhiy sog‘lom odamlar yaxshi tushunib turgandi – nimadir bo‘ladi.
Fevral
2022 yil fevral oyiga kelib AQSh va Yevropa Rossiya urush boshlash uchun turli provakatsion harakatlar qilishi mumkinligidan ogohlantira boshladi. Aynan fevralda Rossiya propagandasi go‘yoki Ukraina o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» va «Luhansk xalq respublikasi» hujumni kuchaytirgani haqida gapira boshladi. Videolardan birida go‘yoki 2022 yil 18 fevraldagi hujum haqida gap boradi, lekin kadrda YouTube'da 2010 yil e’lon qilingan boshqa video ovozi montaj qilib qo‘yiladi.
Urushni boshlash uchun «DXR» va «LXR» rahbarlari Denis Pushilin hamda Leonid Pasechnik faol ishtirok etadi. 19 fevral kuni Myunhen xavfsizlik konferensiyasida chiqish qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning oxirgi harakatlari sabab Kiyev Budapesht memorandumi doirasidagi kelishuvni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini aytadi.
1994 yil AQSh va Britaniya yetakchilari ko‘z o‘ngida imzolangan o‘sha kelishuvga ko‘ra, Kiyev SSSR davridan qolgan yadro qurollarini Moskvaga bergan, evaziga Rossiya Ukrainaga hujum qilmaslik majburiyatini olgan. Bu shunchaki kelishuv emas, butun boshli hujjat, Ukraina va Rossiya prezidentlari uni imzolagan. Lekin Rossiyada Putin prezidentlikka kelgach, Kreml Yelsin ma’muriyati tanlagan siyosatdan butkul voz kechib bo‘lgandi. Zelenskiyning Myunhenda aytgan gaplari Putin uchun «golli uzatma» vazifasini bajarib berdi, u «Ko‘rayapsizlarmi, Ukraina yana yadro quroliga ega bo‘lmoqchi», deb o‘zi boshlash arafasida bo‘lgan urushni oqlashga kirishadi. Xuddi yadro qurolni yasash oson ishdek...
21 fevral kuni o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» rahbarlari Pushilin hamda Pasechnik Rossiya prezidenti Putinga murojaat qilib, bu ikki respublikalarni mustaqil deb tan olishni so‘raydi. Bilmaydiganlar uchun aytib qo‘yay, Donetsk va Luhansk Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralaridagi oblastlari. U yerda Rossiya qo‘llovidagi ayirmachi guruhlar o‘zini mustaqil deb e’lon qilib olgandi. Urush boshlangach Rossiya bu ikki oblastni o‘ziniki deb e’lon qildi.
21 fevral kuni Rossiya xavfsizlik kengashining Sergey Narishkin qahramoniga aylangan o‘sha mashhur yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu amalda urush boshlanishining rasmiy anonsi edi. Rossiya bosh razvedkachisi Narishkin kengash yig‘ilishida voqealar rivojidan ilgarilab ketib, «Donetsk va Luhanskni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishga roziligini» aytadi. Vaholanki yig‘ilishda shunchaki «DXR» va «LXR» mustaqilligini tan olish yoki olmaslik masalasi ko‘rilgandi.
Putin Pushilin va Pasechnikning «iltimosini yerda qoldirmaydi» – Rossiya tezda «DXR» va «LXR»ni mustaqil respublika deb tan oladi. Ertasiga, 22 fevral kuni Putin Rossiya parlamentiga murojaat qilib, mamlakat armiyasidan boshqa davlatda foydalanish uchun ruxsat so‘raydi. Har qancha g‘alati eshitilmasin, rasman shunaqa bo‘lgan: Vladimir Putin sobiq Peterburg gubernatori, o‘sha paytda parlament raisi bo‘lgan Valentina Matviyenko va Federatsiya kengashidan urush boshlash uchun ruxsat so‘raydi. Nima ham derdik, rasmiyatchilik.
Parlament o‘sha kunning o‘zida Putinga armiyadan boshqa davlatda foydalanishga ruxsat beradi. Va o‘sha kuniyoq Rossiya armiyasining «DXR» va «LXR»dagi videolari e’lon qilinadi. Vaholanki 2014 yildan buyon Donbassda Rossiya harbiylari bo‘lganini endi hamma biladi, lekin Putin bu faktni hech qachon tan olmagan.
23 fevral tunda, bosqin boshlanishidan bir necha soat avval Zelenskiy Putin bilan telefon orqali gaplashmoqchi bo‘ladi, lekin Moskvadan javob bo‘lmaydi. Chunki Kremlda qaror qabul qilinib bo‘lgandi.
Bosqin kuni
2022 yil 24 fevral kuni tong saharda Rossiya Ukrainaga bir nechta tomondan bostirib kiradi. Chegara kesib o‘tilishi bilan bog‘liq ilk holat mahalliy vaqt bilan soat 04:35 da qayd etiladi. Luhansk oblasti hududini sakkiz nafar to‘liq qurollangan rossiyalik harbiy kesib o‘tib, chegarachilar rahbarini o‘ldiradi. Tonggi soat beshdan o‘tib Ukraina ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy prezident Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib urush boshlanganini xabar qiladi.
Bosqin shunchaki Donetsk va Luhanskka emas, butun Ukrainaga amalga oshiriladi. Belarus tomondan minglab harbiylar Kiyevni egallash uchun chegarani yorib o‘tadi. Ko‘p o‘tmay Ukraina poytaxtida ruslarning harbiy vertolyotlari ucha boshlaydi, Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportiga desant tashlanadi, Ukraina prezidenti ma’muriyati joylashgan bino yaqinigacha otishma ovozlari eshitiladi. Voqealar shunchalik tez rivojlanadiki, ularni kuzatayotganlar bir xulosaga keladi: Ukraina qulaydi!
Axir poytaxt biqinidagi aeroport egallandi, desant tashlandi, osmonda dushman harbiy vertolyotlari, havo hujumidan mudofaa tizimi yo‘q qilingan. Bir qarashda ukrainlarda omon qolish uchun hech qanday imkon yo‘qdek.
Bosqin boshlanganidan bir necha soat o‘tib «Kiyev za tri dnya» iborasi asoschilaridan biri, propagandachi Margarita Simonyan Twitter'da mazxaraomuz post yozadi: «Bu shunchaki g‘alaba paradiga tayyorgarlik, shunchaki bu yil paradni Kiyevda o‘tkazishga qaror qilishdi».
«Rossiya-24» kanalida propagandachilar ko‘tarinki ruhda chiqishlar qilad, hatto Kiyev bir kunda olinib, kechga borib Ukraina poytaxtida urapatriot Oleg Gazmanovning konserti qo‘yilishi haqida post ham davlat kanali efirida ko‘rsatiladi. Lekin... Ana shu yerda bir muammo paydo bo‘ladi. Rus tanklari tuz va gul bilan emas, Molotov kokteyllari bilan qarshi olinadi. Moskva taxmin qilganiday Zelenskiy qochib ketmaydi, Kiyev kapitulyatsiya bo‘lmaydi. Aytgancha, AQSh va Britaniya Zelenskiyga uni Polshaga evakuatsiya qilish taklifini bildiradi, lekin Ukraina lideri o‘z ish joyida qolib mudofaani boshqaradi.
Zalujniy va Sirskiy Kiyev mudofaasida qahramonlik ko‘rsatib, Ukraina poytaxtini saqlab qolishadi. Bahorga borib juda katta yo‘qotishga uchragan ruslar Kiyevdan siqib chiqariladi. Keyinroq Xarkiv yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli qarshi hujumda ukrainlar shaharni ozod qiladi, Rossiya o‘ziniki deb konstitutsiyasiga kiritib olgan Xersonning bir qismi qaytib olinadi.
Bugun birinchi kundagi entuziazmdan asar ham qolmagan. Rossiya kanallarida Gazmanovning konsertini emas, urush nega hamon tugamayotgani, iqtisod nega bunday ahvolga kelgani, yo‘qotishlar ko‘pligi muhokama qilinmoqda. Biz NATO bilan urushyapmiz, Amerikasiz ular qulaydi, deyishardi urush boshida. Tramp kelgach Kiyev NATOsiz, Amerikasiz urushib ham oyoqda turibdi. Qaytanga Tramp Donbassni topshirishini aytib Kiyevga bosim qilmoqda, muzokaralarda ochiqchasiga Rossiya tomonini egallagan.
To‘g‘risi, propagandachilarda gapiradigan gam ham qolmadi. «Kiyev za tri dnya» iborasini trentga aylantirgan Margarita Simonyan bu vaqt davomida saratonga chalindi, Ukrainani, butun G‘arbni mazax qilib kelgan eri Tigran Keosayan ancha vaqt komada yotgach o‘ldi.
Urush bugun to‘laligicha Ukraina sharqiga ko‘chgan. Uch kunda Kiyevni olib u yerda hukumatni almashtirishni maqsad qilgan Rossiya bir yildan beri Pokrovsk degan tuman markazini ololmayapti. Rossiyaga qarshi minglab sanksiya qo‘llandi, ular hamon amalda. Rus jamiyati urushga ko‘nikib bo‘ldi, lekin odamlar yoppasiga qo‘liga qurol olib urushga bormayapti. Axir bu ular uchun rasman urush ham emas, shunchaki «SVO» – maxsus harbiy amaliyot! Hukumat rossiyaliklarga har kuni nimanidir cheklamoqda, YouTube sekinlashgan, yaqinda Telegram'ni «qotirish» boshlandi, aprelda messenjer butkul ishlamay qolsa kerak.
Yevropadagi eng ko‘rkam davlatlardan biri Ukraina esa urush davomida vayronaga aylandi. Rossiya «ozod qildik» deb aytayotgan shaharlar aslida yer bilan bitta qilingan, shaharlar o‘rnida vayronalar paydo bo‘lgan. Ukraina urush davomida kamida 10 million fuqarosini yo‘qotdi. To‘rt oblasti fuqarolari rasman Rossiya fuqarosiga aylandi, millionlab odamlar mamlakatni tark etdi, yuz minglab yigitlar frontda jon berdi. Lekin shunga qaramay, bu davlat hamon oyoqda turibdi. Dunyodagi ikkinchi armiyaga qarshi kurashda Amerikasiz qolgan bo‘lsa-da, o‘z dronlari, «Flamingo»lari bilan kurashyapti.
Urush boshida eng optimist odamlar ham Ukraina dosh berishiga ishonmagan, Zelenskiy qochib qolishini taxmin qilgandi. Axir yuz yillab Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan bir davlat Rossiya armiyasiga bunchalik qarshilik qilishini hech kim tasavvur qilmagandi. Lekin ular uddalashdi.
Aytgancha, Rossiyada Ukrainaga qarshi urushni ikkinchi jahon urushiga o‘xshatishni yaxshi ko‘rishadi. Buni qarangki, Rossiya – Ukraina urushi ikkinchi jahon urushidan ham uzoqroq davom etmoqda. To‘rt yil ichida sovet armiyasi nemislarni Berlingacha siqib borgandi. Rossiya to‘rt yilda qayergacha bordi? Orangizda urush tarafdorlari juda ko‘p ekanini bilaman. Siz ham mana shu savolni o‘zingizga berib ko‘ring. Omon bo‘ling...
Mavzuga oid
10:24
200 dan ortiq ukrain harbiylari Liviyada - surishtiruv tafsilotlari
09:50
Ukrainaga kuchli zarbalar: qurbonlar soni kamida o‘n kishiga yetdi
21:20 / 03.04.2026
“O‘zbekiston bilan hukumatlararo komissiya ishini tiklaymiz” – Ukraina TIV o‘rinbosari
10:35 / 03.04.2026