Jamiyat | 18:20 / 02.06.2019
19987
4 daqiqa o‘qiladi

Maqoladan so‘ng: «Zulfiya» tanlovi nizomiga jiddiy o‘zgarishlar kiritilishi kutilmoqda

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun tanlovni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Avvalroq, Kun.uz saytida «E'tirozlar va yana e'tirozlar: «Zulfiya»  tanloviga ochiqlik prinsipi begonami?»  nomli maqola e'lon qilingan edi. Unda tanlovning o‘tkazilishidagi adolat va ochiqlik prinsipi, mukofotga sazovor bo‘layotganlarning chindan ham unga loyiqligi, laureatlarga berilayotgan imtiyozlar masalasi atrofidagi e'tirozlar va takliflar bayon qilingan edi.

Yig‘ilishda komissiya a'zolari tomonidan mazkur maqolada bildirilgan e'tirozlar va takliflar o‘rganilib, asoslilik nuqtai nazaridan muhokama etildi.

«Tanlovning o‘tkazilish tartibi xalqda noroziliklarni keltirib chiqaryaptimi,chindan ham ordenni qo‘lga kiritgandan keyin laureatlarni yo‘qotib qo‘yyapmizmi, demak, mukofot uchun nomzodlarni saralash tartibini jiddiy asosda ko‘rib chiqishimiz lozim» , – deydi yig‘ilishda ishtirok etgan Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva.

«Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo‘lga kiritishdan asosiy maqsad oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz, davlat budjeti asosida o‘qishga qabul qilish imtiyozi bo‘lib qolmoqda. Tanlovning motivatsiyasini ko‘rib chiqishimiz kerak» , – deya ta'kidladi tanlov komissiyasi a'zosi, senator Iqbol Mirzo.

Komissiya yig‘ilishida mukofotga nomzodlar uchun belgilangan yosh ko‘rsatkichini yo‘nalishidan kelib chiqqan holda qayta belgilash, ularni tanlab olishning konkret mezonlarini ishlab chiqish, nomzoddan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini qisqartirish, tanlovning o‘tkazilish jarayonining ochiq tarzda olib borish, g‘oliblarga beriladigan imtiyoz va sovg‘alarni qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilindi. Joriy yilning sentabr oyiga qadar nizomda o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risida Nizom 1999 yilda Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, bu mukofot ta'lim, fan, adabiyot, madaniyat, san'at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga so‘nggi ikki yildagi faoliyati va yutuqlarni inobatga olgan holda beriladi. 

Mukofotga har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan talabgor loyiq ko‘riladi. Nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mukofotni berishga doir takliflar to‘g‘risidagi qaror komissiya tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirokida, yashirin ovoz berish orqali ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va Prezident Administratsiyasiga taqdim etiladi.

Mavzuga oid