Har yili Zulfiya nomidagi davlat mukofotining o‘z egalariga dabdaba-yu, as'asa bilan topshirilish jarayoni ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridagi rezonansli munosabatlarga ulanib ketadi. Qizig‘i, bildirilgan fikrlarning aksariyati (hammasi desak ham mubolag‘a bo‘lmas) norozilik kayfiyatida tanlov adolatsiz o‘tganligining ta'kidi sifatida jaranglaydi. Lekin bularning barchasi, ta'bir joiz bo‘lsa, «karning qulog‘iga tanbur chertishga» o‘xshaydi. Chunki e'tirozlar o‘z manziliga yetib bormaydi, yoinki eshitib, eshitmaganlikka olinadi.

Bu gal ham xuddi shu tomoshani ko‘rdik. Hamma yoqda bong urildi, e'tirozlar bildirildi, asoslidir-asossizdir takliflar berildi. Lekin hech narsa o‘zgargani yo‘q, o‘zgaradiganga ham o‘xshamayapti. Bu safar ham 11 oy jim yurib, mart kelganda yana ayyuhannos solamizmi? Nega bu tanlov atrofidagi fikrlarning barchasi salbiy? Undan ham muhimroq savol: nega e'tirozlar aytilgan va yozilgan joyida o‘z holicha qolib ketyapti?

Husan Karvonli, « Ma'rifat» gazetasi bosh muharriri:

─ Zulfiya nomidagi davlat mukofotini berish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, mamlakatning har bir hududiga, ya'ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga 2tadan kvota ajratilgan. Ko‘pchilikda «Zulfiyachilar» ga nisbatan xayrixohlik munosabatining shakllanmasligiga, ya'ni ulardan aksariyatining saviyasidan ziyoli qatlamning ko‘ngli to‘lmasligiga mana shu kvotalar « aybdor» . Ya'ni 3 milliondan ziyod aholisi bor Andijondan ham, 800 ming aholisi bor Sirdaryodan ham har yili 2 nafardan qiz mukofotni oladi. Hududlarga bir xil kvota berilishi saviyali nomzodlarning chetda qolib ketishiga sababchi bo‘ladi. Muammoning yechimi bor: xuddi fan olimpiadalaridagi kabi har bir hududdan 3 nafardan g‘olib respublika bosqichiga keladi. Yakuniy bosqichda qaysi hududdan bo‘lishidan qat'i nazar munosib nomzodlar g‘olib deya e'tirof etiladi.

Shahnoza To‘raxo‘jayeva, bloger:

─ Zulfiya nomidagi davlat mukofoti imtiyozi ko‘p mukofot. Yana yosh qizchalarga tavakkaliga, kredit sifatida beriladigan mukofot. Endi o‘ylab ko‘raylik: qariyb 20 yildan beri berilgan shu kreditlarning qanchasi qaytdi? Mukofot olgan 300ga yaqin qizning nechtasi bugun ilg‘or qizga aylandi? Qancha olima, deputat, rahbar, chempion, tadbirkor...ayol yetishib chiqdi ulardan? Biz shu mukofot orqali qizlarni rag‘batlantiryapmiz, ulardan kelajakda yetakchi, ilg‘or ayollar yetishib chiqishiga zamin yaratyapmiz, deb o‘zimizni aldamayapmizmi?

Tanlov jarayonining shaffofligi masalasida bir necha takliflarim: ishtirokchilarning hujjat topshirishini elektron shaklga o‘tkazish, tanlovni onlayn tarzda o‘tkazish (buning uchun maxsus portal ochish), tanlov hay'ati tarkibi va baholash jarayoni ham ochiq bo‘lishi kerak, g‘oliblarning grant asosida o‘qishga kirishi masalasini qayta ko‘rib chiqish lozim.