Jahon | 16:17 / 26.10.2025
10756
5 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada Luvrni tunashda gumonlanuvchilar qo‘lga olindi

Ulardan biri aeroport orqali mamlakatni tark etishga uringan.

Foto: AFP via Getty Images

Fransiya hukumati bir hafta oldin Luvrni qo‘pol ravishda talon-toroj qilishda gumon qilingan ikki kishini hibsga olgan. Avvaliga bu haqda mahalliy OAV xabar berdi, keyin Parij prokuraturasi buni tasdiqladi, ammo qo‘lga olinganlar soni rasman ochiqlanmayapti.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilardan biri shanba kuni kechqurun soat 22:00 atrofida «Parij – Sharl-de-Goll» aeroportida samolyotga o‘tirib, xorijga uchmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Ikkinchisi ko‘p o‘tmay Parij chekkasida qo‘lga tushgan.

Parisien xabariga ko‘ra, ushbu shaxslar Parij chekkasidagi Sen-Sen-Deni shaharchasida yashagan. Qayd etilishicha, ular oldindan politsiya ro‘yxatida bo‘lgan.

Ularning shaxsiyati haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. AFP manbasiga ko‘ra, erkaklardan biri Jazoirga uchayotgan samolyotga chiqmoqchi bo‘lgan.

Luvrning talon-toroj qilinishi o‘tgan yakshanba kuni sodir bo‘lgandi – kuppa-kunduzi dunyoning eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeyidan 88 million yevrolik (100 million dollardan ortiq) tarixiy boyliklar o‘g‘irlab ketilgandi.

Fransiya adliya vaziri xavfsizlik protokollari «ishlamagani» va bu mamlakatga katta zarar yetkazganini tan oldi.

Parij prokurori Lora Bekkua ham gumondorlar qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni tasdiqladi, biroq tergov ma’lumotlari jamoatchilikka barvaqt ma’lum bo‘lganidan afsusdaligini bildirdi.

«Tergovchilar 2025 yil 25 oktyabr, shanba kuni kechqurun, Luvr talon-toroj qilinganidan bir hafta o‘tganida hibsga olishni amalga oshirganini tasdiqlayman. Hibsga olingan erkaklardan biri mamlakatni tark etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan», – deyiladi BBC so‘roviga javoban kelib tushgan bayonotda. Unda qo‘lga olinganlar soni keltirilmagan.

«Tergov manfaatlarini hisobga olmagan holda bu ma’lumotlarni oshkor qilganimdan juda afsusdaman. Bu o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlarni ham, barcha jinoyatchilarni ham qidirishda ishtirok etayotgan yuzlab tergovchilarning ishlariga faqat zarar yetkazishi mumkin. Qo‘shimcha tafsilotlar berishga hali erta. Gumonlanuvchilarni so‘roq qilish yakunida (96 soatgacha davom etishi mumkin) qo‘shimcha ma’lumot beraman», – deya qo‘shimcha qildi prokuror.

Luvrdagi o‘g‘irlik o‘tgan yakshanba kuni sodir bo‘lgandi. Jinoyatchilar zinapoya yordamida muzey binosidagi deraza oldiga chiqib, oyna va romni kesib, ichkariga kirishgan.

Ular qimmatbaho buyumlar solingan metall shkaflarni ochib, keyin skuterlarda g‘oyib bo‘lishgandi. Talonchilik sakkiz daqiqadan kamroq davom etgan.

Talonchilikda niqob taqqan to‘rt kishi ishtirok etgan (ulardan ikki nafari binoga kirgan). Tergovchilar fikricha, ular professional jinoyatchilar bo‘lishgan, chunki ular puxta o‘ylangan reja asosida harakat qilishgan va aynan qaysi qimmatbaho buyumlarni olib ketishni aniq bilishgan.

Chorshanba kuni prokuror Laura Bekkua RTL radiostansiyasiga o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlar 88 million yevroga (taxminan 102 million dollar) baholanayotganini aytdi.

«Shuni yodda tutish kerakki, bu iqtisodiy zarar, ammo o‘g‘irlik tarixiy merosga yetkazgan zarar oldida hech narsa emas», – dedi u.

Luvrdan o‘g‘irlangan buyumlar orasida imperatorlar Napoleon Bonapart va Lui Bonapart o‘z rafiqalariga sovg‘a qilgan olmosli taqinchoqlar ham bor edi.

Ayrim ekspertlar fikricha, talonchilar katta ehtimol bilan, allaqachon taqinchoqlarni qismlarga ajratishgan, ya’ni ulardan olmoslarni ajratib olishgan va qimmatbaho metallarni qayta eritib, ularning qiymatining kichik qismiga tarixiy artefakt sifatida sotib yuborishgan.

Rasmiylarga ko‘ra, talonchilar sakkizta buyumni, jumladan, diademalar, marjonlar, ziraklar va to‘g‘nog‘ichlarni o‘g‘irlashgan. Ularning barchasi XIX asrga mansub bo‘lib, bir vaqtlar fransuz qirollik va imperatorlik xonadonlari a’zolariga tegishli bo‘lgan.

Yana ikkita buyum, jumladan, imperatritsa Yevgeniyaning toji jinoyat joyi yaqinidan topilgan – aftidan, o‘g‘rilar ularni tashlab ketishgan yoki qochish paytida yo‘qotib qo‘yishgan.

Mavzuga oid