O‘zbekiston | 20:51 / 10.02.2021
14953
3 daqiqa o‘qiladi

Aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarur – prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi davlat dasturida rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Joriy yil yakuniga qadar tuman va shahar tibbiyot birlashmalari negizida 35ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilsin.

Buning uchun 1 iyulga qadar Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining 24 million dollar mablag‘lari jalb etilsin.

Yana bir masala – aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarur. Buning uchun, Hojiboyev, Yusupaliyev bir oy muddatda birinchi navbatda emlanishi zarur bo‘lgan aholi toifasini belgilab, ularning elektron ro‘yxatini shakllantirsin.

Shuningdek, viloyat hokimlari bilan birga, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlaridagi 3 mingdan ziyod emlash bo‘limlari shayligini ta'minlashdan tashqari, yana qo‘shimcha 800ta mobil brigada tashkil etishi zarur», degan davlat rahbari.

Shuningdek, joriy yilda sog‘liqni saqlash tizimi mas'ullari faoliyatiga Sirdaryo viloyatining 26ta tuman (shahar)larida oilaviy shifokorlik, «elektron poliklinika» tizimlarini joriy etish natijasiga qarab baho berilishi ma'lum qilingan.

Madaniyat vaziri Nazarbekov, moliya vaziri Ishmetov viloyat hokimlari bilan birga joriy yil yakuniga qadar 16ta madaniyat markazi, 10ta muzey, 2ta teatr binosini mukammal ta'mirlash va jihozlash hamda 1ta teatr binosini jihozlash ishlarini yakunlashi shartligi qayd etib o‘tilgan.

Moliya vazirligi bunga budjetdan 150 milliard so‘m ajratadi. Bundan tashqari, joriy yil 20 avgustga qadar «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kino festivalini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berilgan.

«Ushbu topshiriqlar ijrosi bo‘yicha Abduvohidov, Musayev har oyda prezidentga axborot kiritib boradi», degan davlat rahbari.

  • Bungacha O‘zbekistonda ommaviy emlash ishlari mart oyida boshlanishi, yil yakuniga qadar aholining 20 foizini emlash rejalashtirilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid