O‘zbekiston | 15:05 / 22.12.2019
9047
3 daqiqa o‘qiladi

Seuldan gapiramiz: Oliy Majlisga saylov Koreyada qanday o‘tdi?

Vakillik organlariga saylovlar xorijdagi vakolatxonalarda ham davom etmoqda. Ayni paytga kelib, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya va Singapur kabi mamlakatlarda ovoz berish jarayonlari yakunlanish arafasida.

Kun.uz muxbiri Feruza Avazova O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasida tashkil etilgan 42-sonli saylov uchastkasida bo‘ldi hamda jarayonni kuzatib, saylovchilar va O‘zbekiston konsuli Haydar Fayziyevning fikrlari bilan qiziqdi.

«22 dekabr kuni tongda vatanimiz madhiyasi ostida elchixonamizda tashkil etilgan Seul saylov uchastkasi o‘z ishini boshladi. Mana, hamyurtlarimiz o‘z fuqarolik burchlarini bajarish maqsadida elchixonamizga tashrif buyurib, saylov jarayonlarida faol qatnashishmoqda, ularning kayfiyatlari a'lo darajada.

Bu saylovni tashkillashtirishda saylov uchastka a'zolari faol ishtirok etib, fuqarolarimiz qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ular uchun bugun osh damlanmoqda. Fuqarolarimizdan o‘z vazifalarini ijro etish uchun elchixonamizga kelib, ovoz berishlarini so‘rab qolaman», – dedi Fayziyev.

Janubiy Koreyada yashovchi o‘zbekistonlik Galina Panning fikricha, yangi saylangan deputatlar qonun ustuvorligi va so‘z erkinligini to‘la ta'minlash ustida ish olib borishlari kerak.

«Bu saylovdan nimalar kutyapman? Birinchidan, so‘nggi uch yil ichida juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Biz prezidentimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz saylagan nomzodlar prezidentimiz tomonidan olg‘a surilayotgan islohotlarni amalga oshirishda xizmat qilishlarini, shuningdek, qonun ustuvorligini, so‘z erkinligini to‘laqonli ta'minlashlarini istagan bo‘lar edim. Bo‘lajak deputatlar, avvalo, insonlar fikriga quloq solishlari lozim», – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 12-18 dekabr kunlari saylovda muddatidan avval ovoz berish tadbirlari Janubiy Koreyaning Ansan, Tegu, Kime, Kvangju va boshqa shaharlarida tashkil etilgan edi.

22 dekabr kuni saylovlar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvangjudagi vakolatxonasida ham bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz bu haqda ham yaqin vaqt ichida reportaj taqdim etadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston parlamenti saylovlari uchun ro‘yxatga olingan 20,5 mln nafar saylovchining 8,3 foizi xorijdagi saylov uchastkalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Ya'ni 1,7 million nafarga yaqin o‘zbekistonlik 38ta chet davlatdagi 55ta saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.

Mavzuga oid