O‘zbekiston | 12:22 / 22.05.2021
19389
3 daqiqa o‘qiladi

«11-sinfgacha hamma fanni o‘qitaversak, bola birorta fanni beshga bilmay qolib ketadi» - hokimlikdagi ishdan o‘qituvchilikni afzal ko‘rgan iqtisodchi

Jamshid Aliboyev Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida istiqomat qiladi. U yuqori lavozimlardan voz kechib, o‘qituvchilik kasbini tanlagan.

Kosonsoylik Jamshid Aliboyev iqtisod bo‘yicha oliy ma'lumotni egallab, bir nechta tashkilotlarda o‘z sohasi bo‘yicha ishlab kelgan. Lekin uning xayoli iqtisodchilikda emas, yoshlarga matematika bo‘yicha ilm berishda edi. Yaxshi mutaxassis bo‘lgani bois tuman moliya bo‘limida hamda tuman hokimligida yuqori lavozimlarda ishlagan. Lekin o‘zi talpingan sohada ishlash, yoshlarga ilm berish unga taklif qilingan yuqori lavozim va amallardan ustun keldi. U hozirda Kosonsoy tumanidagi 54-maktabda dars bermoqda.

«Ko‘pchilik, yaqinlarim, hatto ishlab yurgan o‘qituvchilar ham o‘qituvchilik qilishimga qarshi bo‘lishdi», — deydi qahramonimiz. 

Uning aytishicha, maktabga o‘tishdan avval ham ta'limdagi holat, o‘quvchi va ota-onalarning avvalgidek emasligi, dars berish oson emasligini bilgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zi yoqtirgan faoliyat bilan shug‘ullanishdan qaytmagan.

Jamshid Aliboyev ish boshlagan kunidan o‘quvchilarga motivatsiya berish, ularning ilm olishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga harakat qilgan. Chunki u dars berayotgan hududda o‘quvchilar ilm olishdan ko‘ra hunar egallashga ko‘proq e'tibor berishlarini aytdi. 

Qahramonimiz ta'limda o‘zgarishi kerak bo‘lgan jihatlarni ham sanab o‘tdi.  Uning so‘zlariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan sinflarni ko‘paytirish kerak.

«5-6-sinflarda bola o‘z qiziqishi, ota-onasi bergan yo‘nalishi ortidan egallashi kerak bo‘lgan kasbni tanlab bo‘ladi. Fanlarni o‘qitishda, unga kerak bo‘lmaganlaridan ozod qilish kerak», deydi Jamshid Aliboyev.

Uning aytishicha, biologiyaga qiziqmaydigan yoki bu fan oliy ta'limga kirishiga kerak bo‘lmagan o‘quvchi shu darsda vaqtini ketkazib, zerikib o‘tirgandan ko‘ra o‘zi qiziqqan darsda o‘tirgani o‘zi uchun ham, davlat uchun ham foydali bo‘ladi.

«11-sinfgacha hamma fanni o‘qitaversak, natijada bola birorta fanni beshga bilmaydi», deydi o‘qituvchi. 

Jamshid Aliboyev so‘nggi yillarda ta'limda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ham sanab o‘tdi.

Mavzuga oid