Sog‘lom hayot | 15:59 / 24.04.2026
2723
10 daqiqa o‘qiladi

“Bu preparatlar aslida yog‘ni eritmaydi”: arzon ozishning qimmat badali va ochiq qolayotgan javobgarlik masalasi

Parhez va mashqlarsiz tez ozish. Bugun ijtimoiy tarmoqlar mana shunday chaqiriqlar bilan to‘lib-toshdi. Dastlab qandli diabetni davolash uchun ishlab chiqilgan dori vositalari endi “sehrli ukol” sifatida ommaviy sotilyapti, go‘zallik salonlari-yu Telegram-kanallarda ham “ozdiruvchi mo‘jiza”lar taklif etilyapti. Xo‘sh, bu preparatlar organizmda o‘zi qanday ishlaydi? Tibbiyotda tan olinmaydigan, taqiqlangan yoki rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan protseduralardan xavfli asoratlar yuzaga kelganda javobgarlikni kim o‘z bo‘yniga oladi? Kun.uz’ning navbatdagi ko‘rsatuvi ayni shu mavzuga bag‘ishlanadi.

Hozirda ortiqcha vazn muammosi bezovta qilayotgan odamlar orasida ommalashgan ozdiruvchi preparatlarning aksariyati aslida vazn tashlash uchun mo‘ljallanmagan. Masalan, Ozempic yoki Mounjaro kabi vositalar dastlab qandli diabetni davolash maqsadida ishlab chiqilgan. Keyinchalik ularning ishtahani kamaytirishi aniqlangan. Shu asosda mazkur dorilar ortiqcha vaznni kamaytirish yo‘nalishida ham norasmiy tarzda keng qo‘llana boshladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda tez natija va’da qiluvchi kontentlar bu tendensiyani yanada kuchaytirdi.

Mutaxassislarning aytishicha, vazn kamaytirishga mo‘ljallangan preparatlar bir necha xil mexanizm orqali ta’sir qiladi: ayrimlari ishtahani susaytiradi, ba’zilari yog‘larning so‘rilishini cheklaydi yoki modda almashinuvini tezlashtiradi. Shuningdek, bunday dorilar organizmda ovqat hazm qilish jarayonini sekinlashtiradi, oshqozon bo‘shashishi uzoq davom etadi va odam o‘zini ko‘proq vaqt to‘q his qiladi. Natijada ovqat iste’moli miqdori kamayadi, vazn ham tushadi. Biroq bu jarayon reklamalarda aytilayotganidek “faqat yog‘ erishi” bilan kechmaydi.

Tez ozishning dastlabki bosqichida vazn kamayishi aksar hollarda yog‘ hisobiga emas, tanadagi suv va mushak massasining kamayishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ozish jarayoni jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish bilan qo‘llab-quvvatlanmasa, organizm energiya manbai sifatida mushak to‘qimalarini “yoqa boshlaydi”. Oqibatda inson ixchamlashgandek ko‘rinadi, ammo metabolizm zaiflashadi, tana shakli o‘zgaradi va sog‘liq bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘la boshlaydi”, – deydi gastroenterolog Komila Madrimova.

Ushbu jarayonlarning barchasi organizmning murakkab gormonal va metabolik tizimlariga aralashuvni anglatadi. Shuning uchun bunday preparatlarni nazoratsiz qabul qilish sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Quyidagi mahalliy bozorda eng keng tarqalgan, ozdiruvchi vosita sifatida targ‘ib qilinayotgan preparatlar, ularning turi, xavfli jihatlarini keltiramiz:

Mazkur jadval bugungi kunda O‘zbekiston va global bozorda “ozish” vositasi sifatida taklif qilinayotgan mahsulot va xizmatlarning asosiy segmentlarini ko‘rsatadi. Ular rasmiy tibbiy dorilardan tortib biologik qo‘shimchalar, internet orqali sotilayotgan kapsulalar, diuretiklar hamda eng muammoli yo‘nalish hisoblangan “mualliflik kapelnitsa”lari va qorabozor mahsulotlarigacha bo‘lgan keng spektrni qamrab oladi.

Jadvaldan ma’lumki, “ozish bozori” faqat farmatsevtika doirasi bilan cheklanmagan. U marketing, MLM tizimlari, kosmetologik xizmatlar va hatto noqonuniy aylanmalar bilan aralashib ketgan murakkab ekotizimga aylangan.

Kimlarga umuman mumkin emas?

Ozdiruvchi dorilarni qabul qilishdan oldin organizmning umumiy holati va mavjud kasalliklar hisobga olinishi zarur. Ayrim vaziyatlarda bunday preparatlarni ishlatish qat’iyan tavsiya etilmaydi.

Eng avvalo, homiladorlik va emizish davri eng muhim qarshi ko‘rsatma beriladigan paytlardan biridir. Bu davrda qabul qilingan har qanday kimyoviy preparat ona organizmidan o‘tib, homila yoki chaqaloq rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud. Hatto ayrim dorilar gormonal muvozanatni buzib, bola rivojlanishiga ham xavf tug‘diradi.

Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bo‘lgan bemorlar uchun ham bunday dorilar xavfli hisoblanadi. Chunki ko‘plab ozdiruvchi preparatlar markaziy asab tizimini faollashtiradi, bu esa yurak urishining tezlashishi, qon bosimining oshishi, aritmiya (yurak ritmining buzilishi) kabi holatlarga olib kelishi mumkin. Mazkur jarayon infarkt yoki insult xavfini oshiradi.

Jigar va buyrak kasalliklari mavjud bo‘lsa, organizm dorilarni to‘liq va to‘g‘ri parchalay olmaydi. Oqibatda toksik moddalar tanada to‘planib qolishi, zaharlanish yoki surunkali organ yetishmovchiligi rivojlanishi kabi xavflar bor”, – deydi endokrinolog Oydinoy Rahimova.

Shifokorning aytishicha, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun bu borada ehtiyotkorlik juda muhim. Ba’zi ozdiruvchi preparatlar qondagi glyukoza darajasiga ta’sir qilib, uni keskin tushirib yuborishi yoki aksincha, nazoratni qiyinlashtirishi mumkin. Bu esa gipoglikemiya yoki giperglikemiya kabi holatlarga olib keladi.

Shuningdek, gormonal buzilishlar (masalan, qalqonsimon bez faoliyati bilan bog‘liq muammolar), ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari (gastrit, yara kasalligi, ichak yallig‘lanishlari) bo‘lganlarda ham bunday dorilar vaziyatni og‘irlashtirishi mumkin.

Yana bir muhim jihat – o‘smirlar va yoshlarning ozdiruvchi dorilarni qabul qilishi. Ularning organizmi hali to‘liq shakllanmagan bo‘lgani uchun modda almashinuvi va gormonal tizimga aralashish kelajakda jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli bor”, – deydi endokrionolog.

Kapelnitsa” bilan ozdirish – bunday usul mavjud emas

Tibbiyotda “kapelnitsa bilan ozdirish” degan alohida, tasdiqlangan davolash usuli yo‘q. Organizmdagi yog‘ to‘qimalarini tomchilab yuboriladigan suyuqliklar yordamida eritish yoki qisqa muddatda sezilarli vazn yo‘qotish mumkinligi haqidagi da’volar ilmiy tibbiyot standartlariga mos kelmaydi. Shifokorlar ta’kidlashicha, vazn kamaytirishga mo‘ljallangan ayrim dori vositalari mavjud bo‘lsa ham, ular “kapelnitsa” ko‘rinishida “detoks” sifatida qo‘llanmaydi.

Ozdiruvchi “kapelnitsa”larning reklamalarda vaznni tez kamaytirish, tanani yoshartirish xususiyatiga egaligi ta’kidlanadi. Va bu jarayonda organizmdagi suyuqlik balansi o‘zgarishi noto‘g‘ri talqin qilinadi. Ya’ni qisqa muddatda “bir necha kilogramm yo‘qotish” yog‘ning erishi emas, suvsizlanish, ichak faoliyatidagi o‘zgarish kabi holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Yog‘ to‘qimalarining kamayishi murakkab biologik jarayon bo‘lib, uni oddiy tomchilab yuboriladigan muolaja bilan tezlashtirish ilmiy jihatdan isbotlanmagan”, – deydi gastroenterolog Komila Madrimova.

Bunday xizmatlarning ommalashishiga tez natija istagi va “parhezsiz ozish” g‘oyasi katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Reklamalarda “oson va xavfsiz” degan va’dalar beriladi, biroq bu jarayonning tibbiy xavflari va qarshi ko‘rsatmalari ko‘pincha ochiq aytilmaydi. Nazoratsiz qo‘llangan har qanday inʼeksiya yoki tomchilab yuboriladigan muolaja allergik reaksiya, metabolik buzilish yoki boshqa asoratlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Qorabozor, nazoratsiz muolaja va “havoda qolgan” javobgarlik

Bugungi real holat shuki, tibbiy diplomi bo‘lmasdan o‘zini “diyetolog”, “nutritsiolog” deb e’lon qilganlar, ayrim kosmetologlar, ozish bo‘yicha “kurs”, “dars” sotayotganlar klinik protokollarsiz ozdiruvchi ukol-dorilarni taklif etyapti. Aslida lipolitik inʼeksiyalar, infuzion muolajalar, organizm ichki tizimiga bevosita ta’sir qiluvchi preparatlar faqat shifokor nazoratida, aniq tashxis va tekshiruvlardan so‘ng qo‘llanishi kerak.

Muammo faqat muolajaning o‘zida emas. Bozorda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan yoki to‘liq nazorat qilinmaydigan vositalar ham erkin reklama qilinayotganida. Ijtimoiy tarmoqlarda “tez ozdiradi”, “garantiyali natija beradi” deb sotilayotgan ayrim dorilar yoki ukollar aslida qayerda ishlab chiqarilgani, qanday sinovdan o‘tgani haqida aniq ma’lumot berilmaydi. Masalan, tibbiyotda faqat shifokor nazoratida qo‘llanadigan Tirzepatide kabi preparatlar ham ayrim joylarda “oddiy ozdiruvchi ukol” sifatida soddalashtirib reklama qilinyapti.

Eng og‘riqli nuqta – javobgarlik masalasi. Muolajadan keyin asorat chiqsa, javobgarlikka tortadigan aniq tizim yo‘q. Kosmetolog “mijoz o‘zi rozi bo‘ldi” deydi, klinika “bu tibbiy emas, estetik xizmat” deya mas’uliyatdan chetlashadi, preparatni tavsiya qilgan shaxs rasmiy tibbiy maqomga ega bo‘lmaydi – kimgadir javobgarlikni yuklashga asos topilmaydi. Bu yerda yana bir muammo tibbiy va kosmetik xizmat chegarasining belgilanmagani, nazoratdan tashqari preparatlarning erkin aylanmasi va javobgarlik mexanizmining amalda sust ishlashidir. Bozor tez rivojlanyapti, reklama vositalari kuchayyapti, lekin xavfsizlik va mas’uliyat tizimi shu tezlikka moslashmayapti”, – deydi endokrinolog.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Диёрахон Набижонова
Muallif Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid