Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Armanistonning Yevroittifoqqa intilishiga munosabat bildirdi
“Agar Armaniston YeI standartlariga o‘tishni boshlasa, u bilan barcha iqtisodiy integratsiyani to‘xtatishimiz kerak bo‘ladi”, dedi Rossiya prezidenti. U Armaniston uchun temiryo‘l va energiya tariflari oshirilishi, arman fuqarolari Rossiyada ishlash uchun patent olishiga to‘g‘ri kelishidan ogohlantirdi. “Ukrainadagi inqiroz bir paytlar Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish urinishlari bilan boshlangan edi”, dedi Putin.
Foto: kremlin.ru
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 29 may kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Kreml rahbari Rossiya uchun EOII barcha davlatlari bilan ittifoqchilik aloqalarini chuqurlashtirish so‘zsiz ustuvor vazifa hisoblanishini ta’kidladi.
«YeOII tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining umumiy bozorlari yaratilgan. O‘tgan yili ittifoq mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 95 milliard dollarga yetdi. EOII mamlakatlari o‘rtasidagi deyarli barcha hisob-kitoblar milliy valutalarda amalga oshiriladi. YeOII davlatlari o‘zini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan mustaqil ta’minlash niyatida», dedi u.
Shundan so‘ng, Putin xalqaro vaziyat, xususan Armaniston bilan bog‘liq voqealarga to‘xtaldi.
«Rossiya va Armaniston o‘rtasida alohida munosabatlar mavjud. Yerevan G‘arb bilan yaqinlashish bo‘yicha qanday qaror qabul qilmasin, bu ularni buzmaydi. Ammo Yevrosiyo Ittifoqi misolida gap sof iqtisodiy substansiyalar haqida bormoqda. Agar Armaniston Yevropa Ittifoqi standartlariga o‘tishni boshlasa, biz u bilan barcha iqtisodiy integratsiyani to‘xtatishimiz kerak bo‘ladi. Ular o‘z mahsulotlarini kimga yetkazib beradi, arman vinosi qayerga boradi? Ular uchun temiryo‘l tariflarini oshirishga to‘g‘ri keladi. Energiya narxlarini oshirishga to‘g‘ri keladi. Armaniston fuqarolari Rossiyada ishlash uchun patent olishi kerak bo‘ladi. Ukrainadagi inqiroz bir paytlar Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish urinishlari bilan boshlangan. Yevrosiyo ittifoqi Armanistondan a’zolik bo‘yicha referendumni imkon qadar tezroq o‘tkazishni so‘ramoqda», dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan EOII sammitida ishtirok etmadi. Avvalroq, mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish siyosatini tanlagan edi.
Bundan tashqari, Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, G‘arb matbuoti o‘z fuqarolarini aldamoqda.
«Starobelsk kollejiga berilgan zarba haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Sharmandalik va dahshat, ommaviy ahmoq qilish vositalari. Yevropa Ittifoqining Rossiya bilan ehtimoliy urush haqidagi bayonotlari — safsata va yolg‘on. Gebbels aytganidek, yolg‘on qanchalik aql bovar qilmaydigan bo‘lsa, unga shunchalik tez ishonishadi. Rossiya hech qachon Yevropa mamlakatlariga tahdid qilmagan va qilmayapti. Rossiya bazalariga zarba berishga uringanlarning barchasini yer bilan yakson qilish uchun Rossiyada vositalar mavjud», dedi u.