Iqtisodiyot | 16:47 / 24.09.2025
3548
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish uchun taxminan 150 mlrd so‘m sarflanadi

Statistika qo‘mitasining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, aholini ro‘yxatga olish tadbirlari uchun dastlabki rejalashtirilgan xarajatlar (1,5 trln so‘m) 10 barobarga qisqartirilgan. 2026 yilda boshlanadigan yirik tadbirda aholi bilan birga qishloq xo‘jaligi ham ro‘yxatga olinadi.

Foto: moiti.uz

19 sentabr kuni prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi 173-sonli farmoni e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, ro‘yxatga olish tadbiri 2026 yilning 15 yanvaridan 28 fevraligacha o‘tkaziladi. Dastlabki 17 kun jarayon internet orqali amalga oshirilsa, keyingi muddatda “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib o‘tkaziladi.

Statistika qo‘mitasining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, jarayonning bir qismi internet orqali amalga oshirilishi va tadbirda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish parallel o‘tkazilishi sarf-xarajatlarni qisqartiradi.

“Dastlabki rejalarimizga ko‘ra, ro‘yxatga olish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m mablag‘ sarflanishi kerak edi. Lekin xarajatlarni 10 barobarga qisqartirdik – 2026 yildagi aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga taxminan 150 mlrd so‘m sarflanishi kutilyapti - deydi qo‘mita matbuot kotibi Usmon Abdurasulov.

Xarajatlarning asosiy qismi tadbirda ishtirok etuvchi mahalla xodimlarini rag‘batlantirish hamda targ‘ibot ishlarini tashkil etishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, qo‘mita mas’uli Kun.uz’ning jarayonlar nega qishda, sovuq mavsumda o‘tkazilayotgani haqidagi savoliga javob berdi.

“Avvalgi rejalarimizga ko‘ra, tadbir oktyabr oyida o‘tkazilishi kerak edi, chunki bu paytda mehnat migrantlari uylariga qaytadi. Lekin keyinchalik qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ham parallel amalga oshirilishini hisobga olib, ekish va yig‘im-terim paytiga to‘g‘ri kelmaydigan muddatni tanladik. Yanvar-fevralda ko‘pchilik uyda bo‘ladi”, – dedi u.

Nega O‘zbekistonda aholi ro‘yxatga olinyapti?

Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyevning ta’kidlashicha, ro‘yxatga olish nafaqat demografik tarkib va yashash sharoitlari haqida ma’lumot beradi, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish, demografik rivojlanish hamda shaharsozlik loyihalarini belgilashda muhim manba bo‘ladi.

“Statistika qo‘mitasi, Mahallalar uyushmasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligiga keng ko‘lamli tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatildi. 3-3,5 oy davomida jamoatchilikka tadbirning ahamiyati, shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.

Hududiy komissiyalar tashkil etildi, dastlabki xatlov ishlari boshlandi. Endi savollar va moddiy-texnika imkoniyatlar yuzasidan amaliy tayyorgarlik olib borilmoqda”, - dedi Behzod Hamroyev.

Ma’lumot uchun

O‘zbekistonda aholini oxirgi marta ro‘yxatga olish ishlari 1989 yilda o‘tkazilgan. Mustaqillikdan keyin bu jarayon ilk bor 2026 yilda amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olish natijalari mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, resurslarni rejalashtirish va hududiy dasturlarni belgilashda asosiy manba sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish nafaqat demografik jarayonlarni tahlil qilish, balki iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash, urbanizatsiya jarayonlarini boshqarish, mehnat bozori muvozanatini saqlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya tizimlarini samarali tashkil etish uchun zarur poydevor vazifasini bajaradi.

Mavzuga oid