Jahon | 18:43 / 26.08.2025
10471
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi migrantlar «Amina» mobil ilovasi orqali nazorat qilinadi

Moskva hududida ishlovchi chet elliklar mobil ilovani yuklab olib, geolokatsiyasini muntazam ravishda uzatib turishi kerak.

Foto: Vedomosti

2025 yil 1 sentabrdan boshlab Moskva shahri va Moskva viloyatida «Amina» mobil ilovasi yordamida xorijiy fuqarolarning turgan joyini hisobga olishning eksperimental rejimi joriy etiladi. Bu haqda «Mnogofunksionalnyy migratsionnyy sentr» (MMs Saxarovo) muassasasi ma’lum qildi.

Ilovani majburiy o‘rnatish O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gurjiston, Ozarboyjon, Moldova va Ukrainadan kelgan mehnat migrantlariga taalluqlidir.

Poytaxt mintaqasida migratsiya ro‘yxatidan o‘tish faqat «Amina»dan foydalanish orqali amalga oshiriladi.

Migrantlar ilovani mustaqil ravishda o‘rnatadi. Ammo «Amina»da avtorizatsiyadan o‘tish uchun xorijiy fuqaroning amaldagi kartasi zarur bo‘lgani sababli, uni rasmiylashtirish uchun Saharovoga borish kerak bo‘ladi. Karta yo‘qolgan taqdirda, «Amina»da avtorizatsiyadan pasport ma’lumotlari bo‘yicha o‘tish mumkin.

Mobil ilovada foydalanuvchining geolokatsiya ma’lumotlari avtomatik ravishda uzatiladi. Agar ma’lumotlar uch ish kunidan ortiq vaqt davomida uzatilmasa, migrant yashash manzilini tasdiqlash yoki uning o‘zgargani haqida ma’lumot berish so‘ralgan xabarnoma oladi. Hisobga olish shartlariga rioya qilmaslik manzil bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarilishiga va Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilishiga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, kelgusida «Amina»da nazorat bilan bir qatorda qo‘shimcha xizmatlar - patent to‘lovi, MMs qabuliga yozilish va boshqalar paydo bo‘ladi.

Iyun oyi oxirida Rossiya hukumati ruID ko‘p tilli mobil ilovasini ishga tushirdi, u orqali migrantlar Rossiyaga kirish uchun ariza topshirishi, kirish cheklovlarini tekshirishi va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun raqamli profil yaratishi mumkin.

Mavzuga oid