O‘zbekiston | 17:04 / 11.02.2022
24824
2 daqiqa o‘qiladi

Shahrixondagi portlashda jarohatlanganlar soni oshdi. Ularning bir qismi shifoxonadagi bemorlar bo‘lgan

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi xususiy shifoxonada yuz bergan portlashda bir kishi vafot etdi, 11 kishi jarohat oldi. Bosh prokuratura ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura matbuot xizmati Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi Qorako‘rpa mahallasida joylashgan xususiy shifoxonada ro‘y bergan gaz portlashi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Shahrixon tumanidagi xususiy diagnostika va davolash maskanida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi xabarda.

Prokuratura xabarida aniqlik kiritilishicha, hodisa oqibatida 1 kishi vafot etgan, 11 kishi jarohatlangan.

Voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbiri portlash oqibatlarini tasvirga oldi. Muxbirning guvohlarga asoslanib xabar berishicha, portlash shifoxonaning birinchi qavatida sodir bo‘lgan, natijada ikkinchi qavat ham qulab tushgan.

Qayd etilishicha, jarohatlanganlar orasida shifoxonaga davolanish uchun kelgan bemorlar ham bo‘lgan.

Andijon viloyati FVB dastlabki xabarida hodisa oqibatida 7 kishi jarohat olganini ma’lum qilgandi, keyinroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotida jarohatlanganlarning bir nafari vafot etgani, 4 kishi jarohat olgani haqida xabar qildi.

Mavzuga oid