“Davlat subsidiyasi asosida ishlayotganlar erkin bozor sharoitiga tayyorlanishi kerak” - YeTTB konferensiyasidan iqtiboslar
JSTga a’zo bo‘lish uchun barcha texnik ishlar yakunlangani aytildi. O‘zbekiston 5 yilda 120 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilmoqchi. Vengriyaning OTP banki Ipotekabank bo‘yicha to‘lovni 2 hafta ichida amalga oshirmoqchi.
Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan yillik konferensiyasi doirasida “O‘zbekiston investitsiya istiqbollari” mavzusidagi prognoz sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz anjumanda yangragan ayrim fikr-mulohazalarni keltirib o‘tadi.
“Keyingi yillarda ham 5-6 foiz atrofidagi iqtisodiy o‘sishni ushlab qolishimiz lozim” — Shuhrat Vafoyev
Strategik islohotlar agentligi direktori Shuhrat Vafoyev keyingi davrda O‘zbekiston hukumatining asosiy maqsadi barqaror makroiqtisodiy va huquqiy tizim yaratish ekanini ta’kidlab o‘tdi.
“Biz narxlarni barqarorlashtirishga alohida e’tibor qaratganmiz. To‘g‘ri, bu oson emas, ammo harakat qilyapmiz. Buning uchun moslashuvchanlik kerak.
Yillik 5-6 foiz atrofidagi iqtisodiy o‘sishni ushlab qolishimiz lozim. Keyingi 5 yilda 120 mlrd dollar xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Bu mablag‘larning asosiy qismini infrastruktura loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiramiz. Shuningdek, 2026 yilgacha eksportni 30 mlrd dollarga yetkazmoqchimiz. Keyingi davrdagi asosiy maqsadimiz – barqaror makroiqtisodiy va huquqiy tizim yaratish hisoblanadi”, – dedi Vafoyev.
YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos joriy yildagi sovuq qish mavsumini esladi va hukumat qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlab, Shuhrat Vafoyevdan bu qanday ko‘rinishda amalga oshirilishi va sarmoya masalasi qanday hal etilishini so‘radi.
“Albatta, barqaror infrastruktura aholi va investorlar uchun juda muhim. Bizda xususiy sektorni ushbu tarmoqqa jalb qilish tajribasi bor. Oxirgi yillarda noldan boshlab bu borada e’tiborli yutuqlarga erishdik. Endilikda xususiy sektorni yetkazish va qayta taqsimlash ishlariga ham jalb qilishni rejalashtiryapmiz. Har tomonlama integratsiya qilingan yechimlarni ishlab chiqishimiz va generatsiya quvvatlarini kengaytirishimiz kerak”, – deya javob berdi Strategik islohotlar agentligi direktori.
“Keyingi qadam – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish” — Jamshid Xo‘jayev
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning ta’kidlashicha, savdo aloqalarini rivojlantirishda infrastrukturaga aloqador muammolarni hal qilish asosiy maqsad hisoblanadi.
“Bizda MDH mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirish uchun yaxshi infrastrukturalar mavjud. Erkin savdoni rivojlantirish uchun harakatlarimizni kuchaytirdik. Oxirgi yillarda qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi savdo munosabatlari o‘rnatildi. GSP+ dasturi doirasida 6000 mingdan ortiq mahsulotlarimizni Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkoniyatini qo‘lga kiritdik.
Keyingi qadam – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish. Faqat MDH miqyosida emas, boshqa yo‘nalishlarda ham savdo aloqalarimizni rivojlantirishga urg‘u beryapmiz va dengiz portlariga imkon beruvchi loyihalar ustida ishlayapmiz.
JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha barcha texnik ishlarni tugatdik. Qonunchiligimizning tashkilot nizomiga javob berishini ta’minlashi bo‘yicha boshqa a’zo davlatlar bilan muzokaralarni amalga oshirdik.
Yana bir narsaga e’tibor qaratmoqchiman. Savdo aloqalarimizni rivojlantirish uchun katta infrastruktura loyihalarini amalga oshirishimiz lozim. Transafg‘on yo‘li va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘lini qurush bo‘yicha texnik iqtisodiy ishlar deyarli yakunlangan. Infrastrukturaga aloqador muammolarni hal qilish bugungi kunda asosiy maqsadimiz hisoblanadi”, – dedi u.
Alkis Drakinos Jamshid Xo‘jayevdan JSTga a’zo bo‘lish jarayonida O‘zbekiston tomoni qilishi kerak bo‘lgan ishlarni so‘radi.
“JSTga a’zo bo‘lish – uzoq va murakkab jarayon. Bu borada islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Qonunchilik normalarimiz va texnik standartlarimizni muvofiqlashtiryapmiz. O‘zimiz uchun qilinadigan ishlarning ro‘yxatini tuzib olganmiz. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun JSTga a’zo bo‘lishimiz katta imkoniyatlar yaratadi. Bozorga kirish raqobat degani, bu chaqiriqni qabul qilishga tayyormiz.
Bozorimizda ko‘plab davlat korxonalari bor, ularni xususiylashtiryapmiz. Maqsad – raqobatbardoshlikni oshirish. Davlat korxonalari ham bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ular raqobatga kirishishi va raqobatbardosh bo‘lishi kerak.
Yana bir jihat, sanoatda davlat subsidiyasi bilan ishlaydigan kompaniyalar, ayniqsa elektronika va qishloq xo‘jaligiga aloqador tarmoqlarda, erkin bozor sharoitlarida ishlay olishlari uchun hozir qilayotgan strategiyasini qayta ko‘rib chiqishlari lozim.
Tashkilotga qo‘shilish uchun ko‘plab muhokama jarayonlarida ishtirok etyapmiz. Biz uchun muhim omil – sanoatimizga ziyon yetkazmasdan murosaga kelish. Trend dinamik bo‘ladi, biz bu borada faol ish olib boryapmiz. Delegatsiya rahbari sifatida muzokaralarni tezroq va qisqa muddatda yakunlashni xohlardim”, deya ta’kidladi Jamshid Xo‘jayev.
“Keyingi yillarda 10,4 GW quvvatlarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz” — Muhammad Jamil Al Ramahi
O‘zbekistonning energetika sektorida bir qancha investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan Masdar kompaniyasining boshqaruv direktori Muhammad Jamil Al Ramahining so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda ham kompaniya mamlakatga investitsiya kiritishni davom ettiradi.
“O‘zbekiston do‘stona davlat, investor sifatida buni tasdiqlayman. Hukumat qo‘lidan kelgancha muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bizga yordam beryapti va choralar ko‘ryapti. Keyingi yillarda 10,4 GW quvvatlarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarimiz qiymati ham 2 mlrd dollarga yaqinlashdi. Investorlarni mamlakatga jalb qilish va aloqalarni yaxshilash uchun YeTTBga o‘xshagan moliyaviy tashkilotlarning o‘rni va yordami muhim deb o‘ylayman.
O‘zbekiston – katta inson kapitaliga ega. Ushbu mamlakatda investor bo‘lishdan mamnunman”, – deydi Al Ramahi
“Ipotekabankning 70 foizini xususiylashtirish bitimi keyingi 2 haftada yopiladi” — Laslo Vulf
Vengriyaning OTP banki bosh direktori o‘rinbosari Laslo Volfning e’tirof etishicha, O‘zbekiston bank sektorida raqobat o‘smoqda.
“O‘zbekiston bozoriga kirish haqidagi qaror uch yil avval qabul qilingandi, chunki mamlakat OTV Bank'ning yanada rivojlanishi uchun qulay. Urush boshlanganidan keyin O‘zbekiston bozoriga kirishga arziydimi, degan shubhalar paydo bo‘ldi, oxir-oqibat mahalliy bankni xususiylashtirishga qaror qildik.
2022 yil dekabr oyida Ipotekabankning 70 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Bitim hali yopilmadi, lekin ikki hafta ichida bu ishni amalga oshirishga umid qilamiz. Mamlakatda bank sektori rivojlanmoqda va raqobat o‘smoqda. Biz ham raqamli ishlash imkoniyatini kengaytirmoqchimiz. O‘zbekiston bank sektoridagi vaziyat barqaror”, dedi u.
Mavzuga oid
15:42 / 30.10.2024
Ma’lumotlar “kaft ustida” bo‘lsa, to‘g‘ri qaror chiqarish ehtimoli ortadi – Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
12:29 / 03.10.2024
“Resurslar tugaydi, g‘oyalar esa yo‘q” – kreativ iqtisodiyot konferensiyasi davom etmoqda
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
07:53 / 30.08.2024