Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan yillik konferensiyasi doirasida “O‘zbekiston investitsiya istiqbollari” mavzusidagi prognoz sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz anjumanda yangragan ayrim fikr-mulohazalarni keltirib o‘tadi.
“Keyingi yillarda ham 5-6 foiz atrofidagi iqtisodiy o‘sishni ushlab qolishimiz lozim” — Shuhrat Vafoyev

Strategik islohotlar agentligi direktori Shuhrat Vafoyev keyingi davrda O‘zbekiston hukumatining asosiy maqsadi barqaror makroiqtisodiy va huquqiy tizim yaratish ekanini ta’kidlab o‘tdi.
“Biz narxlarni barqarorlashtirishga alohida e’tibor qaratganmiz. To‘g‘ri, bu oson emas, ammo harakat qilyapmiz. Buning uchun moslashuvchanlik kerak.
Yillik 5-6 foiz atrofidagi iqtisodiy o‘sishni ushlab qolishimiz lozim. Keyingi 5 yilda 120 mlrd dollar xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Bu mablag‘larning asosiy qismini infrastruktura loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiramiz. Shuningdek, 2026 yilgacha eksportni 30 mlrd dollarga yetkazmoqchimiz. Keyingi davrdagi asosiy maqsadimiz – barqaror makroiqtisodiy va huquqiy tizim yaratish hisoblanadi”, – dedi Vafoyev.
YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos joriy yildagi sovuq qish mavsumini esladi va hukumat qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlab, Shuhrat Vafoyevdan bu qanday ko‘rinishda amalga oshirilishi va sarmoya masalasi qanday hal etilishini so‘radi.
“Albatta, barqaror infrastruktura aholi va investorlar uchun juda muhim. Bizda xususiy sektorni ushbu tarmoqqa jalb qilish tajribasi bor. Oxirgi yillarda noldan boshlab bu borada e’tiborli yutuqlarga erishdik. Endilikda xususiy sektorni yetkazish va qayta taqsimlash ishlariga ham jalb qilishni rejalashtiryapmiz. Har tomonlama integratsiya qilingan yechimlarni ishlab chiqishimiz va generatsiya quvvatlarini kengaytirishimiz kerak”, – deya javob berdi Strategik islohotlar agentligi direktori.
“Keyingi qadam – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish” — Jamshid Xo‘jayev

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning ta’kidlashicha, savdo aloqalarini rivojlantirishda infrastrukturaga aloqador muammolarni hal qilish asosiy maqsad hisoblanadi.











