Jamiyat | 20:10 / 27.11.2025
24599
7 daqiqa o‘qiladi

“Zovurni yopmoqchi bo‘lib daraxtlarga qiron keltirishdi” – Buvayda tumanidagi daraxtkushlik tafsiloti

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Nayman mahallasidan o‘tgan Nayman zovuri atrofidagi daraxtlar kesilishiga qarshi bo‘lgan ekologiya inspektori Ahror Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Sayidjon Xizirov tomonidan kuch ishlatilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Zovur atrofida qancha manzarali daraxtlar yo‘q qilindi? Holat qanday yuz berdi? Kun.uz muxbiri Buvaydada bo‘lib, holatni o‘rgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Nayman qishlog‘i aholisiga ko‘ra, qishloqdan o‘tgan zovur 1950 yillarda qazilgan bo‘lib, zax tortish vazifasini bajaradi. Zovur atrofida ko‘p yillik manzarali daraxtlar bo‘lgan. “Dom stroy” MChJ rahbari Nozimjon Sobirov aholi qarshiligiga qaramay, zovur o‘rnida savdo inshooti qurmoqchi bo‘lib, 100 tupga yaqin daraxtni kesib tashlagan.

Zovur ko‘milsa, dehqonchilik o‘ladi...

“Zovur zax suvlarni tortish uchun 1950-1955 yillarda qazilgan. Manzarali daraxtlar ekologik holatni yaxshilash uchun shu zovur qirg‘oqlariga ekilgan edi. 10-30 yillik daraxtlar ekologiya hisobida turardi. Tadbirkor bu yerda savdo inshooti qilaman deb daraxtlarga qiron keltirdi.

Qishlog‘imizda 6 mingga yaqin aholi dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mana shu zovurning hisobiga yer yuzasiga sho‘r chiqmay, qishlog‘imizning zax suvlari shu zovurga chiqib turardi. Har bir xo‘jalik kamida 50 million so‘mlik ko‘chat yetishtiradi. Agar zovur ko‘miladigan bo‘lsa, dehqonchilik qilib bo‘lmaydi.

6 noyabr kuni kelgan tadbirkorlar. Qurilishga qarshilik ko‘rsatib, ekologiya, hokimiyatdan ruxsat olib, keyin qurilishni boshlanglar, dedik. Ular qo‘limizda loyiha turibdi, ruxsatimiz bor, hech kimdan ruxsat so‘ramaymiz, deb ishni boshlashdi”, deydi Abduqahhor Sattorov.

Abduqahhor Sattorov

Daraxtni butayman deb belidan kesib ketishdi...

“Qabristonimiz zovurga yaqin joyda. Yerni kovlasangiz 2,5-3 metrdan suv chiqib ketadi. Agar zovur  ko‘miladigan bo‘lsa, 5-6 yildan keyin shu suv 1,5 metrdan chiqadi. Mayitni 1,5 metr pastga qo‘ysa, uning tepasida ayvoni bor, tepasida 50 santimetr qoladi. Natijada qabristondan ham zax suv chiqib ketadi. Bu holatni tepadagilar, qurilishni boshlab qo‘ygan tadbirkor o‘ylamayapti. Daraxtlarni butayapmiz deyapti-da, belidan kesib ketyapti. Ekologiya inspektori daraxt kesayotganning qo‘lidan arrani olib qo‘ysa, hokim yordamchisi unga qarshi kuch ishlatyapti”, deydi Islomjon Ashurov.

Islomjon Ashurov

Qarshilik qilsang, qamalasan...

“Daraxtlarga qiron keltirish boshlangan paytda tadbirkorga qarshilik qildik. Tadbirkor esa mahallamizning yigitlariga bosim qildi. Qarshilik davomli bo‘lganidan keyin IIBga ustimizda ariza topshirdi. Hokimiyatga borsak, hokim qurilishga mening hech qanaqa aloqam yo‘q, boshqa tashkilot qaraydi, dedi. Ertasi kuni hokim kelib qurilishga kim qarshilik qilsa, qamataman, dedi. Holatni videoga olmoqchi bo‘lsak, qarshilik qilishdi.

Umumiy hisobda 100 dan oshiq daraxtni kesib tashlashdi. Ekologiya bo‘lim boshlig‘i Ahrorjon Niyozov va Qo‘qon shahar Milliy gvardiya xizmatchisi Feruzbek 6 noyabrdan beri shu yerda bo‘lib, daraxt kesilishiga faol qarshilik qilishdi. Tadbirkor esa daraxt kesaman, milliard bo‘lsa ham pulini to‘lab qo‘yaman, deb turib oldi”, deydi mahalla faollaridan biri Jamshidbek Ummatov.

Jamshidbek Ummatov

Daraxt kesilishiga faol qarshilik ko‘rsatgan Buvayda tumani ekologiya inspektori Ahrorjon Niyozov telefon orqali holatga izoh berdi.

Javobgarlikka torsak ham to‘xtashmadi...

“Dastlab kesilgan daraxt 26 tup edi. Unga chora ko‘rgandik. Keyin yana 80 tup daraxt kesildi. 25 noyabr kuni zovurga borsam daraxtlarni yana arralayotgan ekan. Qo‘lidan arrasini olib qo‘ydim. Keyin hamma ko‘rgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan holat yuz berdi. Hokim o‘rinbosari Sayidjon Xizirov tortqilaganida bo‘ynimdan yengil jarohat oldim, ekspertizada chiqdi.

Bundan avval arrachini 3 marta ogohlantirgan edim. Lekin u quloq solmadi. Daraxt kesish uchun ekologiyadan ruxsat olinmagan. Tadbirkorni javobgarlikka torsak ham to‘xtamadi”, deydi ekologiya inspektori Ahrorjon Niyozov.

Zovur ko‘milmaydigan bo‘ldi...

“Nayman mahallasidagi zovurning ustiga yengil tipdagi do‘konlar qurish rejalashtirilgan edi. Zovur to‘liq ishchi holatda turardi. Xulosalar, texnik shartlar olingan. 800 diametrli quvur ko‘milib, zovur to‘liq ishchi holatda turishi va ustiga yengil konstruksiyali do‘kon qurilishi rejalashtirilgan edi. Tuman hokimining topshirig‘iga asosan qurilish ishlari to‘liq to‘xtatildi. Ekologiyaga yetkazilgan zararlar hisoblanib qoplanadi. Tadbirkor, quruvchi tomonidan shoshmashosharlik bilan qurilish ishlari boshlab yuborilgan, hududni ochib, daraxt kesilgan.

Zovur Sirdaryo suv irrigatsiya tarmoqlari ekspeditsiyasi balansida turadigan havza hisoblanadi. Tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan uchta modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilyapti. Tuman hokimi o‘rinbosari Sayidjon Xizirov bilan shartnoma bir tomonlama bekor qilingan”, deydi Buvayda tumani hokimligi matbuot kotibi Asadbek Shokirov

Asadbek Shokirov, Buvayda tumani hokimligi matbuot kotibi

Eslatib o‘tamiz, Buvayda tumanida ekologiya inspektori Ahrorjon Niyozov aholi murojaatiga asosan manzilga borib, noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlagan. So‘ngra daraxtlarni kesayotgan shaxsni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Voqea joyida bo‘lgan Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Sayidjon Xizirov esa ekologiya inspektoriga kuch ishlatib, uni chetroqqa olib chiqishga uringan

Shundan so‘ng Sayidjon Xizirov ekologiya inspektoriga zo‘ravonlik qilishi ortidan lavozimidan ozod etildi. Hokim o‘rinbosari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi tergovi shaxsan bosh prokuror tomonidan nazoratga olingan.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid