Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Blogerlarga soliq xabarnomalari kelmoqda. Ularning daromadi qanday hisoblanyapti?
O‘zbekistonlik vlogerlar YouTube'dan topgan daromadidan soliq to‘lashi haqida xat olayotganini aytishmoqda. Soliq qo‘mitasi mas’uliga ko‘ra, nafaqat blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali daromad oladigan barcha daromad solig‘ini to‘lashi kerak. Ularning daromadlari qanday hisoblanadi, qanday hollarda soliqdan ozod bo‘lish mumkin, xarajat daromaddan ko‘p bo‘lsa ham soliq to‘lanadimi – Kun.uz materialida tanishing.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik blogerlar soliq idoralaridan YouTube tarmog‘idagi faoliyati natijasida olgan daromadlaridan soliq to‘lashi haqida xabarnoma olganini aytib, chiqishlar qildi.
“Sirojiddin Media” kanali muallifining aytishicha, u 2021 yilda YouTube'dan 9 ming dollar atrofida daromad olgan va endi buning uchun 11 million so‘m atrofida soliq to‘lashi kerak bo‘lyapti.
Bloger Abdusattor Abdurahimov ham 2021 yilgi faoliyati natijasida YouTube'dan olgan daromadidan soliq to‘lash borasida xabarnoma kelganini ma’lum qildi.
“Menga Soliq inspeksiyasidan xat kelibdi: YouTube (Google)dan menga tushgan pullar uchun soliq to‘lashim haqida. Chetdan kelgan pul uchun soliq to‘lanarmidi? Yana 10 kun ichida to‘lashim shart ekan-da, xat 13 kunda kelar ekan”, – deya yozdi u Twitter'da.
“Sirojiddin Media” kanali muallifi YouTube'dan olgan daromadining taxminan yarmi vlog yuritish xarajatlariga ketishini aytgan bo‘lsa, Abdusattor Abdurahimov bu daromadi jamoani ta’minlab turishga ham yetmasligini bildirgan.
Kun.uz bir qancha savollar yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilovdan izoh oldi.
Soliq qo‘mitasi mas’ulining tushuntirishicha, agar blogerlar o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tganida, ular daromad solig‘idan ozod qilingan bo‘lardi. Soliq idoralaridan xabarnoma olgan blogerlar esa o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan.
“Blogerlik faoliyatini ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat deb qaraymiz. 2020 yil iyun oyidan boshlab u qonuniy faoliyatga aylantirildi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qonunchilikka asosan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan bloger soliq organlari unga 11 million so‘m soliq to‘lashini talab qilganini aytgan. U 2021 yil davomida 9 ming dollar atrofida daromad olgan, shundan kelib chiqib soliq organlari daromad solig‘ini to‘lashni talab qilyapti.
Agar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganda edi, undan 2021 yil bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i olinmas edi. Ko‘rib turibmizki, o‘zini o‘zi band qilmagan shaxs sifatida unga daromad solig‘i kelib chiqyapti. Qonunchilikka asosan, jismoniy shaxs olgan daromadlari, mulkiy daromadlari, moddiy naf tarzidagi olgan daromadlari va ish haqidan olgan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i to‘lashi kerak.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagani va soliq agenti bo‘lmagani sababli olgan daromadidan 12 foiz daromad solig‘ini to‘lab berishi kerak”.
Soliq idoralari blogerning YouTube'dan olgan daromadlarini qanday hisobladi? Shuhrat Ismoilovning tushuntirishicha, fuqaroning O‘zbekistondagi hisobraqamiga valuta mablag‘i kelib tushayotgani haqidagi tashqi ma’lumotlar asosida unga daromad solig‘i hisoblab beriladi.
Shu o‘rinda, Shuhrat Ismoilovga yana bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
— Soliq idoralari fuqaroning hisobraqamiga valutada kelib tushgan pullar aynan YouTube'dagi faoliyatidan olgan daromadlari ekanligi qanday aniqlanadi?
— Avval bir narsani tushunib olaylik: daromad solig‘ini faqat bloger to‘laydi degan gap yo‘q. Fuqaroning hisobraqamiga kelib tushgan pullar aynan YouTube kanaldan emas, boshqa manbalardan olingan daromadlar ham bo‘lishi mumkin. Umuman, YouTube'dan emas, xorijdan buyurtma olib, daromad oladigan turli toifalar ham bor – dasturchilar, veb-dizaynerlar va boshqalar. Har bir fuqaro qo‘shimcha daromad manbayiga ega bo‘ldimi, soliq agenti bo‘lmagan manbalardan daromad oldimi, bu bo‘yicha soliq organlariga jami yillik daromadlari haqida deklaratsiya topshirishi kerak. Shuning uchun tashqi manbalar yoki soliq organlarining o‘zidagi mavjud ma’lumotlar asosida bu haqda fuqaroga xabarnoma yuboriladi.
Biz to‘xtalayotgan toifa – YouTube blogerlar qo‘shimcha daromad manbayiga ega bo‘lyapti, ya’ni soliq agenti bo‘lmagan manbalardan daromad olyapti. Shuning hisobiga kelib tushgan pullar asosida soliq organi xodimlari Soliq kodeksiga asosan xabarnoma yuboryapti.
Fuqaro qaysi manbadan daromad olgani bizga oldindan aniq bo‘lmaydi va shu sababli o‘zimizdagi mavjud ma’lumotlar asosida fuqaroga “sizga shuncha summadagi daromad solig‘i hisoblanyapti, asoslantiruvchi hujjatlaringiz bo‘lsa, taqdim eting”, degan ma’noda xabarnoma yuboramiz.
Fuqaro olgan daromadlari qaysi manbadan ekani yoki boshqa soliqqa tortilmaydigan holatlar bo‘lsa, bizga asoslab berishi kerak bo‘ladi. Soliq organi oldingi ma’lumotlar asosida yoki hisobraqamiga tushgan to‘lovning maqsadiga YouTube tarmog‘idan ekani ilova qilingan taqdirdagina unga yuborilgan xabarnomada YouTube'dan olingan daromad ekani yoziladi.
Aslida, 2021 yil bo‘yicha fuqarolar qo‘shimcha olgan daromadlari bo‘yicha bizga deklaratsiya topshirishi kerak edi. 1 aprelgacha bizga deklaratsiya taqdim etmadimi, o‘zimizda mavjud ma’lumotlar asosida xabarnoma yuboramiz.
— Blogerlarning YouTube'dan topgan daromadlari tarkibida xarajatlari bo‘lishi va umuman topgan daromadi xarajatlarni ham qoplamasligi mumkin. Bu holatda ham daromad solig‘i to‘lanadimi?
— Xabarnomada ko‘rsatilgan daromad solig‘i summasi soliq idoralarining o‘zidagi va tashqi ma’lumotlar asosida olingan xulosalarga asoslanadi. Agar fuqaro bu mablag‘lar tarkibidagi xarajatlarini ko‘rsatib bersa yoki bu daromad soliq solish obekti emasligini isbotlasa, bu soliqni to‘lamasligi ham mumkin. Xabarnoma bordi degani, ko‘rsatilgan summani hech qanday e’tirozsiz to‘lashga majbur degani emas. Chunki biz oldindan fuqaroning hisobiga kelib tushgan pullar manbasini aniq bilmaymiz.
Fuqaro my.soliq.uz platformasi orqali asoslovchi hujjatlarni yuborsa, qabul qilinadi. Onlayn topshiradimi, o‘zi kelib topshiradimi xabarnoma yuborgan xodim ijrochi bo‘ladi va asoslantiruvchi hujjatlar topshirilsa, xabarnomada yuborilgan soliq to‘lanmaydi.
— Ayting-chi, shu paytgacha qancha bloger o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi? Umuman, ro‘yxatdan o‘tmasdan, daromad solig‘ini to‘lagan blogerlar adadi haqida ma’lumot bormi?
— Jami umumiy daromadlari bo‘yicha deklaratsiya taqdim etgan fuqarolar bor. Misol uchun, shu yilning o‘zida 500 mingdan ortiq fuqarolarimiz jami yillik daromadi haqida deklaratsiya topshirgan. Ammo bu 500 ming fuqaroning ichida qanchasi bloger ekanini bilmaymiz, alohida ajratib ko‘rsatiladigan hisobot shakllari mavjud emas. Lekin 2700dan ortiq fuqaro blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Yuqoridagi holatlarda blogerlar 2021 yil yanvarda o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganida, 2021 yil uchun eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliqni to‘lab, ham katta summadagi (masalan, 11 million so‘m) daromad solig‘ini to‘lashdan ozod bo‘lardi, ham stajga ega bo‘lardi.
Daromad solig‘i to‘lash borasida xabarnoma olgan blogerlar: “O‘zini o‘zi band qilish” haqida bilmagan edim, endi shuncha soliq to‘layman” deb xafa bo‘lishi mumkin, ammo bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi. Biz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini o‘zi band qilish borasida juda ko‘p gapirdik. Ro‘yxatdan o‘tib, bir marta ijtimoiy soliq to‘lab, bir yillik stajga ega bo‘lishning foydalari haqida ham ko‘p ma’lumot berdik.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
15:49
O‘zbekiston blogerlarni soliqqa tortishda Rossiya tajribasini o‘rganmoqda
12:24 / 19.11.2025
Bozorlarda tijoriy syomka pulli bo‘lgani oddiy vizitorlarga taalluqli emas - hokimlik
09:33 / 19.11.2025
Toshkent bozorlarida tijoriy maqsadda video olish pulli bo‘ldi
23:19 / 30.10.2025