O‘zbekiston | 15:37 / 27.04.2021
15128
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lishi kerakligi haqidagi taklif deputatlar tomonidan ma'qullanmadi

«Milliy tiklanish» DP fraksiyasining davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lishi kerakligi haqidagi taklifi parlamentda qabul qilinmadi.

«Davlat tili to‘g‘risidagi» qonunning yangi tahriri parlamentda muhokama qilinmoqda. «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirovning ma'lum qilishicha, partiya fraksiyasining «Davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lsin, boshqa tilda bo‘lsa davlat tiliga tarjimasi ilova qilinsin, javoblar davlat tilida bo‘lsin», degan taklifi Qonunchilik palatasi vakillari tomonidan qabul qilinmagan.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, bu taklifni 58 nafar deputat ma'qullagan, 48 vakil qarshi chiqqan, 12 kishi ovoz bermagan va 5 vakil betaraf qolishni afzal bilgan.

Shu tarzda 65/58 nisbatda bu taklif qabul qilinmagan.

E'tiborli jihati – qarshilarning ko‘pchiligi XDP vakillaridir.

«Bir hamkasbimizning «bizga va farzandlarimizga o‘zbek tilini o‘rganish qiyin, biz o‘z tilimizda murojaat qilishni xohlaymiz» degan gapi ham g‘ururiga tegmagan 65ta deputat...

O‘zbek tili ojiz... Bu masalaga, o‘lmasak, 10 yildan keyin qaytarkanmiz. Hozircha uzr, ovozimiz kamlik qilyapti», – deya yozadi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, bunday fikrlar Alisher Qodirov tomonidan ilgari ham bildirilgan.

«Qonun loyihasi muhokamasida XDPning sovetcha qarashlari va «Milliy tiklanish»ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e'tibor bermayotganlarning kayfiyatlari ustuvorlik qilmoqda. O‘zbek tili qadrini ko‘tarish va uning ustuvorligini ta'minlash uchun kiritayotgan takliflarimiz «qolgan millatlarni xafa qilib qo‘ymasligimiz kerak» yondashuvi bilan qabul qilinmay qoladigandek», – deya yozgandi u.

Mavzuga oid