O‘zbekiston | 09:46 / 17.09.2021
65118
9 daqiqa o‘qiladi

UzAuto avtomobillari uchun turnaqator navbatlar. Sabab nimada?

“Yangi avtomobillar uchun “navbatlar”... “Mashina sotib olishda “shapka” qaytdi”. “Pora berib navbatsiz mashina oldi”. “Tanish-bilishchilik buyog‘i”...

Bu kabi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot ko‘zga tashlanayotgan izohlardan ko‘chirmalar xolos. Ushbu holatlarni biror yo‘sinda isbotlaydigan dalil Kun.uz ixtiyorida mavjud emas. Quyidagi maqolada O‘zbekiston avtosanoati nima uchun xaridorlarga buyurtmalarini o‘z vaqtida yetkazib bera olmayotganiga doir ma'lumotlar keltiriladi.

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan e'lon qilingan rasmiy ma'lumotlarga qaraladigan bo‘lsa, 2021-yilning yanvar-iyul oylarida Avtomobil ishlab chiqarish sanoati tomonidan 36317 dona Cobalt (2020 yilning mos davriga nisbatan 80,9 foiz), 14442 dona Nexia (34,7 foiz), 26266 dona Gentra (86,5), 33862 dona Damas (109,6), 6485 dona Spark (39,6) hamda 7542 dona Labo (166,8) avtomobillari ishlab chiqarilgan. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, xarid quvvati o‘rta va quyiroq qatlam orasida eng talabgir bo‘lgan avtomobillar ishlab chiqarilishi sezilarli pasaygan. Faqatgina butlovchi qismlarining aksari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib beriladigan Damas va Labo avtomobillarini yetkazib berishda keskin o‘sish mavjud.

Davlat statistika qo‘mitasi

Kun.uz “O‘zavtosanoat” AJ bilan bog‘lanib, bir necha savollarga oydinlik kiritishni so‘radi.

  • Jumladan, 2021 yil avgust-sentyabr holatida haftasiga xaridorlarga o‘rtacha qancha Cobalt, Nexia, Gentra va Spark rusumli yengil mashina yetkazib berilgan?
  •  Boshqaruv mikrochipi o‘rnatilmagan, biroq ishlab chiqarish konveyeridan chiqqan avtomobillar soni nechtani tashkil etadi?
  •  Bugungi kunda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mikrochiplar bilan ta'minlash holati qanday?
  •  Ularni yetkazib berish qay yo‘sinda ta'minlanmoqda va bu ishlab chiqarish jarayoniga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
  •  Rasmiy avtodilerlarda “shapka” evaziga avtomobilni navbatsiz yetkazib berish holatlari haqidagi xabarlarni qanday izohlaysiz?

“O‘zavtosanoat” AJ Axborot xizmati ushbu savollarga tez orada javob berishini ma'lum qildi.

Hozircha, UzAuto Motors kompaniyasiga yarimo‘tkazgichli butlovchi qismlarni yetkazib berish zanjiri haqida ma'lumotni tahlil qilsak.

O‘zavtosanoat Axborot xizmati

Unda qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab 6ta yirik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchi mavjud. Tarkibida yarimo‘tkazgichli butlovchi qismlar avtomobillarning spidometr, elektron boshqaruv tizimi, elektrkuchaytirgich, g‘ildiraklarni boshqarish, podveskalarni boshqarish, tormozni boshqarish, dvigatel hamda uzatgich (transmissiya)ni boshqarish, xavfsizlik yostiqchalarini boshqarish tizimlari, navigatsiya, magnitola, tomoyna, immobilayzer va hokazolarda qo‘llaniladi. Har bir avtomobil yarimo‘tkazgich mavjud bo‘lgan 100 ~ 300 xil butlovchi qismlardan tashkil topadi.

Continental Automotive, Renesas, Allegro, Bosch, Infineon, Murata JP, NSC, KEC CN, On semiconductor, Swindon kabi ishlab chiqaruvchilar UzAuto Motors kompaniyasi ehtiyojlari uchun yarimo‘tkazgichli butlovchi qismlarni yetkazib beradi.  

GM avtomobil zavodlari orasida yarimo‘tkazgichlar taqsimoti har haftada global darajada amalga oshirib kelinmoqda. Taqsimot jarayoni shaffof bo‘lishi uchun 4 darajada shtab tashkil qilingan:

  1. Yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchi
  2. GMI tashkiloti taqsimot shtabi
  3. 1/2 darajali ta'minotchi yoki butlovchi qism ta'minotchisi
  4. Avtomobil ishlab chiqaruvchi
O‘zavtosanoat Axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, Cobalt avtomobili uchun har hafta 1000 dona xavfsizlik yostiqchasi moduli APTIV (Meksika) kompaniyasidan aviareys orqali yetkazib kelinmoqda. Nexia, Gentra va Spark modellari uchun har hafta jami 1200 dona xavfsizlik yostiqchasi moduli GM KOREA (Koreya) kompaniyasidan aviareys orqali olib kelinmoqda. Ta'kidlanishicha, yetkazib berish miqdorini 2 haftadan ortiq muddatga prognoz qilish imkoniyati mavjud emas.

Shu bilan birga, Damas va Labo modellarida yarimo‘tkazgichli butlovchi qismlar nisbatan ozligi sababli yillik ishlab chiqarish hajmini 75 000 donaga oshirishga erishilgani qayd etilgan.

Xo‘sh, mikrochiplar va avtomobillar elektron boshqaruv tizimi uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishda global muammo mavjudligi qanchalik asosli? Yoxud UzAuto’ning yuqoridagi ma'lumotlari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p ta'kidlanayotganidek, o‘zbek iste'molchilarini asossiz bayonot bilan chalg‘itishmi? Jahon avtomobil ishlab chiqarish sanoatiga doir oxirgi 1-2 oydagi ayrim xabarlarning qisqacha mazmunini keltirish bu savolga javob bo‘ladi, nazarimda.

Yaqinginada, Toyota kompaniyasi global miqyosida avtomobil ishlab chiqarishni qisqartirishini e'lon qildi. Unga ko‘ra, 2021 yil sentyabr oyida ishlab chiqarish sezilarli qisqartiriladi. Automotive News saytining yozishicha, bunga dunyo miqyosida avtomobil butlovchi qismlarini yetkazib berishdagi muammolar sabab bo‘lmoqda. Tanqislik, asosan, mikroprotsessorlar va yarimo‘tkazgichlar bilan bog‘liq, deyiladi xabarda. Umuman, ishlab chiqarishdagi uzilishlar Yaponiya, AQSh, Yevropa, Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlaridagi zavodlarga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Kompaniya 2021 moliyaviy yilda rejadagidan 360 mingta mashina kam ishlab chiqarishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toyota 2021 yilda 9,3 mln dona avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan, biroq bu raqam 9 mlnni tashkil etishi mumkin.

Audi kompaniyasi ham aynan mikrochiplar yetkazib berish bozoridagi tanqisliklar bois, ish soatini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Avgustda 10 ming kishining kunlik ish soatlari qisqartirildi. Bir necha ming nafari esa, ta'tillarini uzaytirishga majbur bo‘ldi, deb yozmoqda Spiegel nashri. Kompaniya rahbariyati elektron boshqaruv tizimi butlovchi qismlarini yetkazib berishdagi muammolar bois shunday qarorga kelgan. Bu o‘z navbatida buyurtmalarni yetkazib berish muddatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Xususan, yilning birinchi choragida 50 ming avtomobil xaridorga o‘z vaqtida yetkazib berilmagan.

Germaniyaning yana bir yirik avtokompaniyasi BMW’da ham chiplar tanqisligi sababli buyurtmalarni yetkazib berish borasida muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Kompaniya 2021 yil rejasiga nisbatan 70-90 ming avtomobil kamroq ishlab chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.

Rossiyaning AvtoVAZ konserni esa, avgust oyi o‘rtalarida mikrochiplar yetkazib berishdagi uzilishlar sababli ishlab chiqarishni 1 haftaga to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bosch kompaniyasi butlovchi qismlarni yetkazib bera olmayotgani bois, AvtoVAZ iyun va iyul oylarida ham shunday muammoga duch kelgan edi.

Qolaversa, Rossiyada avtomobil ishlab chiqaruvchilarga shu yilning oxiriga qadar ERA-GLONASS tizimisiz avtomobillarni yetkazishga ruxsat berildi. Bu haqda Rossiyaning Kommersant' nashri yozmoqda. Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi qaroriga jahon mikrochip bozoridagi ulkan tanqislik sabab qilib ko‘rsatilgan. Ta'kidlanishicha, har bir ishlab chiqaruvchi mikrosxemalarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammo bartaraf bo‘lgach, ERA-GLONASS qurilmalarini sotilgan avtomobillarga o‘rnatib beradi.

Amerikaning GM kompaniyasi esa, o‘z ehtiyojlari uchun mikrochiplar va elektron boshqaruv tizimi qismlarini o‘zi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildi.

Automotive News saytining yozishicha, GM kompaniyasining Xitoydagi qo‘shma korxonalaridan biri kelgusi 5 yilda o‘zlari ishlab chiqqan mikrochiplardan foydalanish ulushini oshirib borishni rejalashtirmoqda.

Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida to‘xtalib o‘tishni istardik. Ijtimoiy media sahifalarida ham, Kun.uz tahririyatiga kelib tushayotgan shikoyatlarda ham UzAuto kompaniyasining dilerlik avtosalonlarida yangi avtomobillarni yetkazib berish muddati uzayib ketayotgani, pora berish orqali navbatsiz avtomobil xarid qilish hollari uchrayotgani haqida xabarlar ko‘p uchramoqda.

Shu munosabat bilan, avvalambor, har bir fuqaro qonun buzilish hollari bo‘yicha mutasaddi idoralarga ma'lum qilishi lozimligini eslatib o‘tgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan bu kabi xabarlarga ko‘proq e'tibor qaratishlarini hamda qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rishlarini, natijasi haqida jamoatchilikni xabardor qilib borishlarini so‘raymiz. Maqsadiga erishish uchun har turli usullarni qo‘llovchilarga esa O‘zi insof bersin. 

Mavzuga oid