O‘zbekiston | 15:02 / 10.11.2022
12945
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘tkazadigan xalqaro konferensiyaga 19,1 mlrd so‘m sarflanmoqda

To‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalardan birining umumiy bahosi qariyb 13 mlrd so‘m. Shuncha pul uch kunlik konferensiya o‘tadigan zallarni bezatishga sarflanadi.

Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi

2022 yil 14-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida YuNeSKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha II butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Davlat xaridlari elektron tizimiga joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu konferensiya doirasidagi tadbirlarni o‘tkazish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi 5 ta kompaniya bilan qariyb 20 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolagan.

Xususan, 24 oktyabrda Maktabgacha ta’lim vazirligi Asia Star Plaza MChJ bilan qiymati 334 mln so‘mlik shartnomani imzolagan. Shartnomaga ko‘ra, Hampton by Hilton mehmonxonasidan 5-20 noyabr kunlari 83 nafar odam uchun standart bir kishilik xonalar beriladi.

Asia Star Plaza MChJ bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Asia Star Plaza MChJ bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Kimlar uchun qancha mablag‘ga mehmonxonadan joy ajratilgani bo‘yicha ma’lumot / Skrinshot: E-xarid
Kimlar uchun qancha mablag‘ga mehmonxonadan joy ajratilgani bo‘yicha ma’lumot / Skrinshot: E-xarid

26 oktyabr kuni esa vazirlik Twins Creative and Entertainment MChJ bilan ham shartnoma imzolagan. Bunda 227 mln 400 ming so‘m evaziga kompaniya MTVning tarixiga bag‘ishlangan bitta 5 daqiqali videoni 154 mln 640 ming 500 so‘mga, LED ekran uchun 4 ta 15 soniyali videorolikni 72 mln 772 ming so‘mga tayyorlab beradi.

Twins Creative and Entertainment MChJ bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Twins Creative and Entertainment MChJ bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Shartnoma bo‘yicha qilinadigan xarajatlar smetasi / Skrinshot: E-xarid

Qayd etilishicha, noyabrdagi konferensiya doirasida Humo arena’da We are the children nomli fotoko‘rgazma ham o‘tkaziladi. Bu tadbir tayyorgarligi uchun esa Wind Rose MChJga jami 3 mlrd 300 mln so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Wind Rose MChJ bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Wind Rose MChJ bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Shartnomaning umumiy qiymati / Skrinshot: E-xarid

Vazirlik 28 oktyabrda Congress Hall’dagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun Abdullayev A’zam Xasanovich YaTT bilan 2 mlrd 300 mln so‘mlik shartnoma tuzgan. 

Abdullayev A’zam Xasanovich YaTT bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Abdullayev A’zam Xasanovich YaTT bilan imzolangan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Shartnoma bo‘yicha qilinadigan xarajatlar ro‘yxati / Skrinshot: E-xarid

Shuningdek, 2 noyabr kuni imzolangan shartnomaga ko‘ra 13-16 noyabrda Congress Hall va Hilton’ning ichki va tashqi maydonlarini konferensiya uchun bezatish ishlariga Global Event and Construction MChJ yollanib, buning uchun 12 mlrd 906 mln so‘m sarflanadi.

Global Event and Construction MChJ bilan kelishilgan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid
Global Event and Construction MChJ bilan kelishilgan shartnomadan namuna / Skrinshot: E-xarid

Yuqoridagi barcha shartnomalarda Maktabgacha ta’lim vazirligi buyurtmachi hisoblanib, ularni vazir o‘rinbosari Nodir Muslitdinov imzolagan.

Kun.uz ushbu shartnomalar va mazkur konferensiyaga oid qo‘shimcha ma’lumotlar olish maqsadida vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaga bog‘landi. Uning aytishicha, bu to‘g‘risidagi ma’lumotlar global forum o‘tganidan so‘ng berilishi mumkin.

«Moliyaviy masalalardan umuman xabarim yo‘q, faqat global forumdan keyin bu haqdagi ma’lumotlarni berishim mumkin. Savollaringizni tegishli boshqarmaga jo‘natib yubordim, lekin mutasaddi xodimlarning hozir bunga vaqti yo‘q, ayni vaqtda ular 1,5 ming nafar mehmonni joylashtirish masalalari bilan band»,– deya javob berdi Asqarxo‘jayeva.

Mavzuga oid