Jahon | 14:15 / 11.05.2026
3069
9 daqiqa o‘qiladi

Eronning taklifini rad etgan Tramp va Pokistonda terrorchilik hujumi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Eronning taklifini rad etdi

Prezident Donald Tramp Eronning AQSh tinchlik taklifiga bergan javobini tezkorlik bilan rad etdi. Bu 10 haftadan beri davom etayotgan mojaroning cho‘zilishi va Ho‘rmuzning yopiq qolishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

AQSh muzokaralarni qayta boshlash umidida taklif kiritganidan bir necha kun o‘tib – yakshanba kuni Eron o‘z javobini e’lon qilgandi. Tehronning javobida urushni barcha frontlarda, ayniqsa Livanda tugatish, urush zararlari uchun tovon puli va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan o‘z suvereniteti ta’kidlangandi.

Shuningdek, Eron AQShni dengiz blokadasini to‘xtatishga, kelgusida hujum qilmaslikka kafolat berishga, sanksiyalarni bekor qilishga va Eron neftini sotishga qo‘yilgan taqiqni olishga chaqirgan.

Bir necha soat ichida Tramp batafsil to‘xtalmasdan Eronning taklifini rad etganini yozdi. «Bu menga yoqmayapti — MUTLAQO QABUL QILIB BO‘LMAYDI», degan Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham hali urush tugamaganini, Eronning boyitilgan urani diplomatik yo‘l bilan yoki kuch ishlatib olib tashlanishi kerakligini aytdi.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon esa Eron «hech qachon dushman oldida bosh egmasligini» va «milliy manfaatlarni qat’iyat bilan himoya qilishini» yozdi.

Livan janubida esa to‘qnashuvlar davom etmoqda. 9 may kuni Isroilning Livan bo‘ylab yo‘llagan zarbalari oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘ldi. Bunga javoban «Hizbulloh» Isroil shimoliga raketa va dronlarni uchirdi.

Ko‘rfaz davlatlari – BAA, Qatar va Kuvaytda dronlar bilan bog‘liq bir nechta holat qayd etildi. Boshi berk ko‘cha haqidagi xabarlar ortidan dushanba kuni neft narxi bir barrel uchun 3 dollarga qimmatlashdi.

Ushbu urush AQSh saylovchilari tomonidan qo‘llovga ega emas. Bundan tashqari, AQSh xalqaro miqyosda ham deyarli yordam ololmayapti. Tramp chorshanba kuni Pekinga kelishi kutilmoqda. Xitoy rahbari bilan uchrashuvda Eron masalasi ham muhokama qilinadi.

Ukrainadagi urush «yakunlanyapti»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin shanba kuni Ukraina urushi yakunlanishiga ishonishini aytdi. «Menimcha, masala yakuniga yetmoqda», dedi Putin jurnalistlarga.

Shuningdek, u Yevropa uchun yangi xavfsizlik choralarini muhokama qilishga tayyorligini va muzokaralarda Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoderni afzal vositachi sifatida ko‘rishini bildirdi. Kremlga ko‘ra, AQSh prezidenti ma’muriyati vositachiligidagi tinchlik muzokaralari vaqtincha to‘xtatilgan.

Putin urush haqidagi qarashlarini bayon qila turib, bu borada yana G‘arb yetakchilarini Sharqqa qarab kengayishda aybladi.

Putin, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv – faqat mustahkam tinchlik shartnomasidan keyin bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ushbu bayonotlar G‘alaba paradidan bir necha soat o‘tib yangradi. Bu safar paradda Qizil maydon bo‘ylab odatdagi qit’alararo ballistik raketalar, tanklar va raketa tizimlari o‘tmadi. Buning o‘rniga ulkan ekranlarda harbiy texnikalarning harakatdagi videosi namoyish qilindi.

Bu urush yuz minglab odam hayotiga zomin bo‘ldi, Ukrainaning katta hududlarini vayronaga aylantirdi va Rossiyaning 3 trillion dollarlik iqtisodiyotini zaiflashtirdi. Rossiyaning Yevropa bilan munosabatlari Sovuq urush davridan beri eng yomon holatga kelib qolgan.

Rossiya kuchlari hozirgacha Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasini to‘liq egallay olmadi; u yerda Kiyev kuchlari «qal’a-shaharlar» mudofaa chizig‘iga chekingan. Ammo Moskva hanuz Ukraina hududining qariyb beshdan bir qismini nazorat qilmoqda.

Kir Starmer va’dalari

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakat duch kelayotgan «katta muammolarni» hal qilish uchun yanada dadil choralar ko‘rishga va’da bermoqda. Ayni vaqtda u o‘z deputatlarini uni Leyboristlar partiyasi yetakchisi lavozimidan chetlatmaslikka ko‘ndirish uchun kurash olib bormoqda.

Dushanba kuni bo‘ladigan murojaat Kir Starmer bosh vazirligidagi shu paytgacha bo‘lgan eng muhim nutq bo‘lishi mumkin. Chunki bu haftadagi saylov natijalari uning mavqeyini har qachongidan ham zaiflashtirib qo‘ydi.

BBC’ning yozishicha, nutqning asosiy qismida Yevroittifoq bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatish orqali Britaniyani «Yevropaning markaziga» qaytarish maqsadi turadi. Bu qadam Starmer hukumati uchun «hal qiluvchi» ahamiyatga ega bo‘lib, Britaniya iqtisodiyoti, savdosi va mudofaasini mustahkamlashi kutilmoqda.

O‘tgan haftada Starmerning Leyboristlar partiyasi Angliya bo‘ylab o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda deyarli 1500 ta maslahatchi o‘rinlarini boy berdi. Leyboristlar Uels va Shotlandiyadan ham eng yomon natijalarini qayd etgandi.

Saylovlardagi jiddiy mag‘lubiyatdan so‘ng partiyadoshlari tomonidan Starmerni iste’foga chiqarish haqidagi chaqiriqlar kuchaygan. Uning ehtimoliy raqiblari partiya — yashash darajasi pasayib ketgan saylovchilarning ishonchini qozonish uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini aytmoqda.

Pokistonda politsiya maskaniga hujum

9 may kuni Pokiston shimoli-g‘arbidagi nazorat-o‘tish punktida yuz bergan avtomobil portlashi va pistirma hujum natijasida 15 nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi.

Rasmiylarga ko‘ra, Xaybar-Paxtunxva provinsiyasida dastlab xudkush-terrorchi minalashtirilgan mashinada politsiya qorovulxonasiga borib urilgan va portlatgan. So‘ngra hujumchilar qo‘shni binoga kirib, omon qolgan politsiya xodimlariga o‘t ochgan. Voqea joyiga yordamga kelgan bo‘linmalar esa pistirmadan o‘qqa tutilgan.

Voqea joyidagi tasvirlar nazorat-o‘tish punkti butunlay vayron bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Vayronalar ostidan uch nafar xodim tirik holda chiqarilgan va shifoxonaga yetkazilgan.

Bannu politsiyasi katta mulozimi Sajjod Xon «ekstremistlarning qo‘rqoqlarcha harakatiga toqat qilib bo‘lmasligi va to‘kilgan qonlar uchun javob berilishini» aytdi.

Hujum uchun mas’uliyatni «Pokiston Toliboni»ga aloqador guruhlardan biri o‘z zimmasiga oldi.

Pokistonda so‘nggi vaqtlarda turli qurolli guruhlar tomonidan uyushtiriladigan hujumlar tez-tez uchrab turibdi. Rasmiy Islomobod Afg‘onistonni jangarilarga boshpana berishda ayblab kelmoqda. Buning ortidan «Tolibon» bilan to‘qnashuvlar yuz bermoqda.

Latviya mudofaa vaziri iste’foga chiqdi

Latviya mudofaa vaziri Andris Spruds mamlakat havo hududiga ikkita dron kirib kelishi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng iste’foga chiqdi. Spruds «begona dronlar odamlar xavfsizligiga tahdid solmasligi kerak»ligini ta’kidlagan.

Avvalroq Latviya bosh vaziri — mudofaa vaziri uning ishonchini yo‘qotganini ma’lum qilib, iste’fo talab qilgandi. Hukumat rahbariga ko‘ra, dronlar bilan bog‘liq so‘nggi hodisalar — mamlakat armiyasi rahbariyati «xavfsiz osmon haqidagi va’dalarining ustidan chiqa olmaganini» ko‘rsatmoqda.

7 mayga o‘tar kechasi Latviya havo hududida Rossiya chegarasi tomonidan uchib kirgan ikkita dron aniqlangan. Qurilmalardan biri Rezekne shahridagi neftni qayta ishlash zavodi hududiga qulagan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu dronlar Ukraina tomonidan Rossiyadagi nishonlarga qarata uchirilgan bo‘lib, adashib boshqa tomonga o‘tib ketgan.

Avvalroq ham Rossiyadagi nishonlarga hujum qilayotgan ukrain dronlari Finlandiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari havo hududini buzib o‘tgan holatlar kuzatilgandi. Shundan keyin Estoniya Ukrainani dronlar ustidan yanada samaraliroq nazorat o‘rnatishga chaqirgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid