O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron kelishuvga yaqin

Chorshanba kuni Eron AQShning tinchlik taklifini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Manbalarga ko‘ra, ushbu taklif urushni rasman tugatishni nazarda tutadi. Biroq AQShning asosiy talablari — Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish masalalarini ochiq qoldiradi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining bildirishicha, Tehron o‘z javobini tez orada yetkazadi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eron kelishuvga erishishni istayotganiga ishonishini aytdi.

«Ular kelishuv tuzmoqchi. Oxirgi 24 soat ichida juda yaxshi muzokaralar olib bordik va kelishuvga erishishimiz ehtimoli juda yuqori», dedi Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga.

Tramp 28 fevralda boshlangan urushni tugatadigan kelishuv istiqbolini bir necha bor yuqori baholagan, biroq hozircha muvaffaqiyatga erishmagan.

Pokistonlik manbalar ham mojaroga rasman chek qo‘yadigan bir sahifalik memorandum bo‘yicha kelishuvga yaqin ekanini aytdi.

Eron parlamentining tashqi siyosat va milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili, deputat Ibrohim Rizoiy hujjat matnini «haqiqatdan ko‘ra ko‘proq Amerikaning orzular ro‘yxati» deb ta’rifladi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof so‘zlariga ko‘ra, bunday xabarlar AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ocholmaganidan keyingi navbatdagi «targ‘ibot o‘yini»dir.

Xitoy–Eron muzokaralari

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi chorshanba kuni Pekinda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van In bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan so‘ng Aroqchi Xitoy bosh diplomatiga AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralar haqida ma’lumot berganini bildirdi. Aroqchi Eron muzokaralarda o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun bor kuchini ishga solishini aytgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi muzokaralardan so‘ng «tinchlikka o‘tishning hal qiluvchi pallasida» ekanini ta’kidladi: