O‘zbekiston | 08:15 / 04.04.2023
105373
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelida 3 nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan pastga tashlagan ayol ishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ayol 3 nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan pastga tashlagani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Bosh prokuratura

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar prokuratura rahbariyati boshchiligidagi tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, tekshirish harakatlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, 3 aprel kuni soat 19:20 larda Sergeli tumani 8-mavzedagi ko‘p qavatli uyida yashab kelgan ayol (1996 yilda tug‘ilgan) ikki nafar o‘g‘li va bir nafar qizini qasddan o‘ldirish maqsadida, 9-qavatdan birin ketin derazadan tashlab yuborib, so‘ngra o‘zi ham oynadan sakrab o‘z joniga qasd qilgan.

Oqibatda barchasi hodisa joyida vafot etishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o‘ldirish) va 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, marhuma ayol Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush o‘rtog‘i bilan istiqomat qilgan xonadonda 2022 yil oktyabr oyida yong‘in sodir bo‘lgani sababli 3 nafar farzandlari bilan birga onasining Sergeli 8-mavzesidagi uyiga kelib, ular bilan birga istiqomat qilib kelgan hamda ushbu holatlar uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 

Shuningdek, marhumaning turmush o‘rtog‘i hozirda "Umra" ziyorati maqsadida Saudiya Arabistonda ekani aniqlangan.   

Tergov guruhi tomonidan ushbu fojianing barcha ehtimoliy sabablarini sinchkovlik bilan tekshirish maqsadida qator tergov taxminlari ishlab chiqilgan.

Oilaviy kelishmovchilik, marhumada kuzatilgan ruhiy o‘zgarishlarga olib kelgan sabablar, o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga keltirish va boshqa taxminlarning barchasi dastlabki tergov jarayonida batafsil tekshirilishi aytilgan. 

Mavzuga oid