O‘zbekiston | 15:16 / 28.09.2022
84154
10 daqiqa o‘qiladi

«Sarguzashtlaringizni chet eldan ham yuborishdi». Hokimlar ishdan olingan videoselektordan tafsilotlar

27 sentabr kungi videoselektor yig‘ilishida prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov prezident qarori bilan besh tuman hokimi ishdan olingani va Surxondaryo viloyati hokimiga intizomiy chora qo‘llangani haqida ma’lum qildi. U hokimlar «butun davlat tizimi va prezident jamoasini uyatga qo‘ygani» haqida aytgan.

28 sentabr kuni Telegram-kanallarda prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov rahbarligidagi selektor yig‘ilishidan audioyozuv tarqaldi.

Unda administratsiya rahbari avvaliga Andijon viloyatidagi uch tuman hokimiga tanbeh beradi va keyin ular ishdan olinganini ma’lum qiladi. Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyevga u fuqarolarni qanday qabul qilgani eslatiladi. Avgust oyida tuman hokimligi matbuot xizmati fuqarolar qabulidan fotosuratlar e’lon qilgan, ularda hokim va hokimlikning boshqa vakillari shiyponchada o‘tirishgani, oddiy odamlar esa undan bir necha metr masofada va pastroqqa qo‘yilgan stulda murojaatini aytayotgani aks etgan.

Yig‘ilishda Sardor Umurzoqov Andijon tumani hokimiga «Egamberdiyev, janobi oliylari, selektor yig‘ilishida ayvonda o‘tirmayaptilarmi?» deya kinoya bilan murojaat qilgan.

«Hamma ko‘rdi. Butun dunyoga sharmanda bo‘ldik. Ayvonda o‘tirib olib, masofani saqlashni bahonasida... unday bo‘lsa, nega sektor rahbarlarini yoningizga o‘tqazib qo‘ydingiz? Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog‘dorlik, kibr-havo. Bu nima degan gap?» — deydi Sardor Umrzoqov.

Bu holat jamoatchilik tomonidan keskin tanqid va e’tirozlarga uchragani ta’kidlangan.

«Bu butun jamiyatimiz, ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik oldida siz o‘zingizni emas, Andijon tumani hokimligini emas, butun davlat tizimini, butun prezident jamoasini obro‘sizlantirishga olib keldingiz. Shuning uchun hurmatli prezidentimiz qaror qabul qildilar: birinchidan, siz egallab turgan lavozimingizdan bugun ozod qilinasiz, ikkinchidan, sizning bu xatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting zaldan», — deya qayd etadi u.

Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov yer ajratishdagi qonunbuzarliklar uchun jazolangan.

Mansurbek Alixonov

«Asaka tumani hokimi janob Alixonov. Yer ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2 ming 390 gektar yer noqonuniy ajratilgan. 2021—2022 yillarda, bir yarim yilning ichida, yer bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bo‘yicha 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Nig‘matilla To‘lqinovich (bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev), shunday, ha?  Shuning uchun bugun prezidentimizning qarorlari bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz. Chiqib keting zaldan, bu zalda o‘tirishga haqqingiz yo‘q», — degan administarsiya rahbari.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumani hokimi Elyorbek Usmonov esa imtiyozli kreditlar ajratishdagi kamchiliklar tufayli ishdan olingan.

Elyorbek Usmonov

«Paxtaobod tumani hokimi Usmonov janoblari. «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida «Barlos asali» fermer xo‘jaligiga chorva hayvonlari uchun 4 milliard 800 million so‘mlik 291 ta imtiyozli kredit berilgan. Sizning topshirig‘ingiz bilan. Hozir qo‘ylar fuqarolarga haqiqatan yetkazib berilgani va boshqa holatlar o‘rganilmoqda. Alohida tekshirish bo‘lyapti. Bu o‘z yo‘liga.

Boshqa holatlar ham bor. Ular dalil-isboti bilan, rasmi bilan, audiosi bilan mening stolimda turibdi hozir. Bugun hurmatli prezidentimiz topshirig‘i bilan siz lavozimingizdan ozod etilasiz. Zaldan chiqib keting», — degan Sardor Umrzoqov.

U Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga yuzlanib, mazkur 3 nafar hokimning masalasini tezkor hal qilish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Bularning binodan chiqib ketishida guvohnomasini olib qo‘ysin. Sharmanda qilib, binodan chiqarib yuborsin, ikkinchi yaqinlashtirmasin», — degan u.

Shundan keyin Farg‘ona tuman hokimi Shuhratjon Mo‘minov mikrofonga chaqirilgan. U yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani, faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuhratjon Mo‘minov

«Siz ham juda yaxshi bilasiz, alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tendersiz yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qarorlar chiqarilgan sizning tumaningizda. Unumdor bo‘lgan 25 gektardan ko‘p yer maydonini biriktirish evaziga nimalar bo‘lganini ham juda yaxshi bilasiz», — degan u. 

Administratsiya rahbari Shuhratjon Mo‘minovga murojaat qilar ekan, unga yozmasa ham bo‘lishini, kitobchani yopib, ruchkani cho‘ntagiga solishini aytgan.

«Janob Mo‘minov, yozmasangiz ham bo‘ladi, kitobchangizni yoping, ruchkangizni kistangizga soling. Hurmatli prezidentimizning bugungi qarorlari bilan Farg‘ona tumani hokimi Mo‘minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Zaldan chiqib keting. Xayrulla Hayitboyevich, guvohnomasini topshirsin. Hali uning jinoiy javobgarlikka tortilish-tortilmaslik masalasi bo‘yicha ikki haftada gaplashamiz», — dedi prezident administratsiyasi rahbari.

Shuningdek, Samarqand viloyati Nurobod tumanining lavozimga tayinlanganiga olti oy ham to‘lmagan hokimi Sherali Yo‘ldoshev ishdan olindi. U 23 avgust kuni berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmaganini ro‘kach qilib, tuman hokimligi devonxona bo‘limi mutaxassisini kaltaklagan.

Sherali Yo‘ldoshev

«Yo‘ldoshev janoblari. Yangi hokim, yarim yil ham bo‘lmadi hali. Menimcha, bu kishi «hokim degani zo‘ravonlik qilishi kerak, hokim degani man deb turib olishi kerak, hokim degani bu bir to‘ralarcha yondashuv bilan ishlash kerak», deb tushunsa kerak. Yarim yillik hokimimiz, mana.

23 avgust kuni berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmaganini ro‘kach qilib, tuman hokimligi devonxona mutaxassisiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. U bechora devonxona xodimi xohlasa ham andisha qilganidan, tarbiyali bo‘lganidan javob qaytarolmaydi. 

Nechanchi asrda yashayapmiz? Yangi O‘zbekistonga munosib hokim shunday bo‘ladimi? Idora va tashkilotlar rahbarlarini qo‘l ostidagi xodimlarini fuqarolar oldida turli haqoratli so‘zlar bilan kamsitishni o‘zingizga odat qilib olgansiz, janob Yo‘ldoshev. Kim sizga ruxsat berdi? O‘zingizga, oilangizga, butun viloyatga, davlat tizimiga isnod keltirdingiz. Hamma, har bitta aytgan haqoratomuz so‘zlaringizning audiosi ham bor, rasshifrovkasi ham bor — hammasi turibdi. Eng ayanchlisi, achinarlisi, hurmatli prezidentimiz ham shuning hammasini ko‘rib, eshitib juda ham kattiq ranjidilar.

Shuning uchun, bugun hurmatli prezidentimiz qaror qabul qildilar, siz hokimlik darajasiga munosib emassiz. Shuning uchun bugun siz lavozimingizdan ozod etilasiz. Zaldan chiqib keting, guvohnomasini olib qo‘yinglar chiqib ketayotganda», — degan Umrzoqov.

Bundan tashqari, Namangan viloyatiga xizmat safari paytida mehmonxonada sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov lavozimidan ozod etilgan.

Baxtiyor Otamurodov

«Vazirlar Mahkamasi studiyasini yoqing. Janob Otamurodov, «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori. Kattakon, chiqin mikrofonga. «Butun dunyo» desak ham adashmaymiz… Menga hatto chet eldan ham Telegram orqali sizning sarguzashtlaringizni yuborishdi. Namangan viloyatiga xizmat safarida… va hokazo va hokazo. Mayli, hammaning oldida aytmayman. Nimalar qilganingizni hamma ko‘rdi. Bu mutlaqo davlat organi, yana respublika organi rahbarining lavozimiga to‘g‘ri kelmaydigan holat. Davlat tizimini siz sharmanda qilib, obro‘sizlantirdingiz. Mana hammaning oldida turish munosibmi sizga? Bankda qancha vaqt ishlagansiz... Hurmatli prezident qarorlari bilan bugun siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz. Chiqib keting zaldan, janob Otamurodov. Guvohnomasini qo‘riqchida qoldirsin», — degan Sardor Umrzoqov.

Audio oxirida prezident administratsiyasi rahbari Surxondaryo viloyati rahbari To‘ra Bobolovga ham murojaat qiladi. Avvalroq internetda u boshqalarni haqorat qilayotgani yozilgan audiolar tarqalgandi.

«To‘ra Abdiyevich, siz o‘zingiz ham ko‘p tuman hokimlari va sektor rahbarlariga o‘rnak bo‘lmayapsiz. Men hammaning oldida bu gaplarni sizga aytishga majburman. Internetda chiqqan gaplar... montaj dedingiz, boshqa dedingiz. Hammasi ekspertiza qilindi. Hammasi o‘zingiz aytgan gaplar... 

Bugun prezidentimiz topshirig‘i bilan sizga intizomiy jazo chorasi sifatida oylik ish haqining 40 foizi miqdorida jarima qo‘llandi», — degan u.

Shundan keyin Sardor Umrzoqov prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevga ishchi guruh tuzib, viloyatdagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Qahramon Qo‘chqorovich, sizga topshiriq: ertagayoq guruh tuzasizlar, o‘zingiz bosh bo‘lasiz. Umuman, ahvol yaxshi emas, tartibga solish kerak. Kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortiish kerak. Hammasini ko‘tarish kerak, oqni oq, qorani qoraga ajratib, tartib o‘rnatib, kim aybdor bo‘lsa hammasini jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Buni Bosh prokuratura ta’minlab beradi. Siz xolis baho berib qaytib kelasiz. Bir haftada menga axborot berasiz, hurmatli prezidentimizga axborot kiritamiz», — degan administratsiya rahbari.

Mavzuga oid