O‘zbekiston | 21:24 / 17.02.2026
10774
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik yordam beriladi

Prezident qarori bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 800 milliard so‘m ajratildi. Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiruvchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Foto: Kun.uz

«Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi prezident qarori e’lon qilindi. Unda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiruvchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrning «kambag‘al oila» toifasidagi hamda «mahalla yettiligi» tomonidan shakllantiriladigan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bunda qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni hududdagi «davlat ta’minotidagi oila» toifasidagi oilalar umumiy sonining 20 foizidan oshmasligi belgilangan.

Shuningdek, ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 6 ming nafar bemor a’zolarining davolanishi va jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi. Davolanishga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yo‘llash va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibi alohida axborot moduli (1 martga qadar ishga tushirilishi belgilangan) orqali yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 800 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Qaror bilan ajratiladigan moddiy yordamlar jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmasligi belgilandi.

Yordam oluvchilar ro‘yxati Ijtimoiy himoya milliy agentligi va mahalla tizimi tomonidan 5 kun muddatda shakllantirilib, «Vaqf» fondiga taqdim etiladi. Mablag‘lar 2026 yil 1 martga qadar «Xalq banki» orqali fuqarolarning ijtimoiy kartasi yoki bank kartasiga o‘tkaziladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid