Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistonda dahshatli qotillik ishi, Qozog‘istonda derazadan qulagan chaqaloq va Qirg‘izistonda taqiqlangan sim-karta «o‘rtakashligi»
Tojikistonning Konibodomida 7 oilaning 23 a’zosi o‘ldirilgan shov-shuvli jinoyat ortidan 4 kishi umrbod qamaldi. Qozog‘istonda chaqaloq ko‘p qavatli uyning derazasidan tushib ketdi, ombudsman vakili yig‘lab murojaat yo‘lladi. Qirg‘izistonda endi o‘z nomida birovga sim-karta olib berish taqiqlanadi. Turkmaniston prezidenti 247 nafar mahkumni afv etdi, Arqadag‘ esa aeroport qoplamasini sportkarini haydab tekshirib ko‘rdi. Tojikiston afg‘onlarni deport qiladi, Qatar esa afg‘onlarga 700 ta ish o‘rinlari ochadi.
Qozog‘istonda chaqaloq derazadan tushib ketdi
Qozog‘istonning Pavlodar shahrida chaqaloq qarovsiz qoldirilgani ortidan ko‘p qavatli uyning derazasidan tushib ketdi. Bola huquqlari bo‘yicha viloyat komissari Saule Shakenova bu haqida xalqqa videomurojaat qilarkan, yig‘lab yubordi.
1 yoshga ham to‘lib-to‘lmagan bola reanimatsiyada ekanidan ombudsman vakili og‘rinib gapirgan. Bolangizni ehtiyot qilishingiz uchun hokim yoki prezident uyingizga kelib aytsinmi, degan Shakenova.
Ma’lum bo‘lishicha, bola bosh miyaning chayqalishi, ichki a’zolarining kontuziyasi tashxisi bilan reanimatsiyada. Onasining so‘zlariga ko‘ra, chaqaloq soat 15:50 atrofida derazadan tushib ketgan, yiqilish vaqtida esa ona boshqa xonada bo‘lgan. Pavlodar viloyati bolalar boshqarmasiga ko‘ra, barcha zarur tibbiy-tashxis qo‘yish choralari ko‘rilmoqda, voqea haqidagi ma’lumotlar «102» tez yordam raqamiga uzatilgan.
Shakenovaning aytishicha, shu yilning boshidan beri 3 nafar bola derazadan tushib ketish oqibatida halok bo‘lgan. Yana 2 nafar bola esa mayib bo‘lgan, ular endi uyda ta’limga muhtoj. Viloyat statistikasiga ko‘ra, yaqin davr ichida jami 13 holatda bolalarning derazadan tushib ketishi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 18 iyul kuni ham Pavlodar shahrida alohida ta’limga muhtoj 9 yoshli bola 10 qavatli uyning umumiy kirish balkonidan qulab tushgan edi. Bola ikkinchi qavat soyaboniga yiqilib, ko‘plab jarohatlar va sinishlar oldi. Shifokorlar 24 soat davomida uning hayoti uchun kurashdi. Biroq shifokorlar bolani saqlab qola olmagan.
Tojikiston Afg‘oniston fuqarolarini deport qiladi
Hukumat bugun mamlakatda istiqomat qilayotgan afg‘on qochqinlarini ommaviy deportatsiya qilish faktini rasman tasdiqladi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari xabar berdi.
Idoraning ta’kidlashicha, “mintaqa va dunyodagi murakkab siyosiy-iqtisodiy vaziyat” tufayli mamlakatga chet elliklar oqimi sezilarli darajada oshgan. Shu sababli ko‘plab muhojirlar Tojikistonda noqonuniy yashayotgani yoki belgilangan qoidalarni buzayotgani aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, ekstremizmni targ‘ib qilish, qochqin maqomini olish uchun hujjatlarni qalbakilashtirish, Tojikistondan tranzit hudud sifatida foydalanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan qonunbuzarlarni chiqarib yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, Afg‘oniston fuqarolarining bir qismini deportatsiya qilish rejalashtirilgan. Iyul oyi boshida mahalliy nashrlardan biri Tojikistondagi afg‘on muhojirlariga 15 kun ichida mamlakatni tark etish to‘g‘risida ultimatum qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.
Shundan so‘ng, Dushanbe, Vaxdat va Rudakiy tumanlarida hibsga olish va deportatsiya qilish boshlangani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Guvohlar qo‘lga olishlar ko‘pincha ish joylarida sodir bo‘layotganini bildirgan. Tojikistondagi afg‘on muhojirlari qo‘mitasi rahbari Musavvir Bahoduriy deportatsiyalarni mamlakatda yashash qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘lagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘onlar “nomaqbul soqol qo‘yish, noo‘rin xatti-harakatlar, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, mojarolarda ishtirok etish, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy fikrlar bildirish, diniy targ‘ibot olib borish, hujjatsiz ishlash va fuqarolarni haqorat qilish” kabi sabablar bilan chiqarib yuborilmoqda.
Shu bilan birga, Bahoduriyning o‘zi iyul oyidagi ommaviy deportatsiya haqidagi xabarlarni asossiz deb atagan. U “qochqinlardan hech biri qo‘mitaga rasman murojaat qilmaganini” aytgan.
Qirg‘izistonda endi o‘z nomiga begonalarga sim-karta olib berish taqiqlandi
Prezident Sadir Japarov mamlakat Jinoyat kodeksiga sim-kartalar va moliyaviy ma’lumotlarni begonalarga berishga jazo belgilaydigan o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunning maqsadi shaxsning o‘z bank kartasi, hisobraqami, elektron hamyoni, mobil banking, sim-kartasi yoki boshqa moliyaviy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga berishi yoki sotishining oldini olishdan iborat. Bu esa axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlar sonini kamaytirishga xizmat qilishi kerak.
Imzolangan qonun bilan sim-kartalar, mobil banking login va parolini, elektron hamyon, bank kartalari va virtual aktivlarga kirish imkoniyatini sotish yoki qasddan berish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi 209-1-modda kiritilmoqda.
Ta’kidlanishicha, parlament ushbu qonun loyihasini iyun oyida qabul qilgan. Hukumat yangi qonunning asosiy maqsadi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlar sonini kamaytirish ekanini bildirmoqda.
Bundan avval Rossiyada shunga o‘xshash qonun qabul qilingandi. Ushbu qonun dropperlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bank kartalarini haq evaziga boshqalarga berganlik uchun 100 mingdan 300 ming rublgacha jarima yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Boshqalarning kartalaridan firibgarlik maqsadida foydalanganlik uchun esa 1 million rublgacha jarima to‘lash bilan birga olti yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Konibodomdagi qotillikni sodir etganlardan 4 tasi umrbod qamaldi
Dasturimizning bir necha oy oldingi sonlarida Tojikistonning Konibodomida sodir etilgan dahshatli qotilliklar, oilalar yo‘q bo‘lib ketgani xususida xabar bergandik. Yakuniga yetayotgan haftada shu shov-shuvli qotilliklar ishi ortidan 4 kishi umrbod ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqida Konibodom shahri raisi Davron Zohidzoda ma’lum qildi, xabarni tojik nashri Asia Plus Tagikistan ham e’lon qildi.
Ushbu ish bo‘yicha boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan, sudlanganlarning ismlari ochiqlanmagan, Zohidzoda tergov tafsilotlari bilan tanish emasligini bildirgan.
2024 yil 21 dekabrda Tojikiston Bosh prokuraturasi Konibodomda sodir etilgan seriyali qotilliklar fosh etilgani va 4 kishi (26 yoshli Solihjon Xudoyberdiyev, 27 yoshli Ahadjon To‘xtayev, 28 yoshli Manuchehr Odilov va 36 yoshli Baxtiyor Ravshanov) qo‘lga olinib, jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgan edi. Shu vaqtga qadar ish tafsilotlari oshkor etilmagan.
Ta’kidlanishicha, 2024 yilning mart-dekabr oylari davomida Konibodom va uning atrofidagi hududlarda 7 oiladan 23 kishi sirli ravishda ketma-ket o‘ldirilgan.
Jumladan, qotilliklar 2024 yil 28 martdan 29 martga o‘tar kechasi sodir etilgan jinoyat bilan boshlangan. O‘sha tunda Konibodomning Komil Yormatov ko‘chasida bir oilaning 5 nafar a’zosi: 65 yoshli Muhiddin Sharifov, uning turmush o‘rtog‘i, kelini va ikki nabirasi o‘ldirilgan holda topilgan.
Keyingi qotilliklardan biri 8 dekabrdan 9 dekabrga o‘tar kechasi Konibodom shahrining Shurobqal’a qishlog‘ida sodir etilgan bo‘lib, u yerda bir oilaning olti a’zosi — er-xotin va ularning to‘rt nafar farzandi jasadi topildi. Oila boshlig‘i 37 yoshli Naimjon Ne’matovning jasadi daraxtga osilgan holda, uning 33 yoshli turmush o‘rtog‘i Nafisa Ne’matova va uch nafar qizi hamda ikki yoshli o‘g‘li bo‘g‘ilish alomatlari bilan topildi.
Oradan bir hafta o‘tib, 15 dekabrdan 16 dekabrga o‘tar kechasi Hisorak qishlog‘ida ikki oiladan yana to‘rt kishi o‘ldirildi.
Niqob taqqan odamlar aks etgan videoyozuvlarning paydo bo‘lishi vahimalarni yanada kuchaytirdi. Aholi kechalari gulxan yoqib, ko‘chalarda navbatchilik qila boshladi. Qotillik sabablari haqida hanuz ma’lumot berilmagan.
Qozog‘iston milliy pasportlarining himoya darajasini oshirmoqchi
Endi respublika pasportlariga qor qoplonining tasviri tushiriladi. Bu haqida mahalliy nashr – Tengrinews xabar berdi.
Fuqarolarimiz 43 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin. Pasport barcha xalqaro standartlarga javob beradi, barcha zarur himoya elementlariga ega. Hozir biz qo‘shimcha himoya darajalarini joriy etish ustida ishlayapmiz, deydi Qozog‘istonning ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baurjan Alenov.
U Qozog‘iston pasportining yangi versiyasi qanday ko‘rinishda bo‘lishini ko‘rsatdi. Rasmda qor qoplonini ko‘rish mumkin, u ko‘pincha davlat ramzlari, sport klublari va boshqa tashkilotlarning emblemalarida aks ettirilardi.
May oyida Qozog‘istonda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va almashtirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi xabar qilingandi. IIV amal qilmaydigan hujjatlarning takroriy foydalanilishi holatlari ko‘paygani sababli yangi hujjat rasmiylashtirilayotganda eskilarini darhol olib qo‘yishni taklif qilgan. Hozircha bu faqat pasportlarga taalluqli.
2025 yilgi Henley Passport Index reytingida Qozog‘iston pasporti 65-o‘rinni egallagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona yuqoridir. Qozog‘iston fuqarolari hozirda jami 77 ta davlatga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda bora oladi. Reytingda eng kuchli pasport Singapurniki, ushbu davlat fuqarolari 195 davlatga vizasiz asnoda boradi. Eng quyi o‘rinni esa Afg‘oniston egallagan, afg‘onistonliklar bor-yo‘g‘i 26 davlatga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda boradi. O‘zbekiston 80-o‘rinda, bizning fuqarolar 62 davlatga vizasiz boroladi.
Qatar afg‘onlarga 700 ta ish joyi beradi
Qatar davlat mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligi afg‘on ishchilari uchun 700 ta ish o‘rinlari yaratilishini ma’lum qildi. Bu haqda mahalliy afg‘on nashri TOLOnews xabar berdi.
Ushbu ish o‘rinlari Qatardagi kompaniyalar bilan tuzilgan yangi kelishuv doirasida taqdim etilgan. Mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligi matbuot kotibi Samiulloh Ibrohim Afg‘oniston va Qatar o‘rtasida birinchi marotabada bandlik to‘g‘risida shartnoma imzolanganini ma’lum qilgan.
“Ilk bora Qatar davlatiga qarashli kompaniya va Afg‘oniston xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida afg‘onlarni ish bilan ta’minlash borasida kelishuvga erishildi. Ushbu kelishuv asosida 700 nafar afg‘onning bandligi ta’minlandi”, dedi Ibrohim.
Afg‘onistonda 2024 yili umumiy mehnat bozoridagi ishsizlik darajasi 13,3 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 14 foiz edi. Bu Afg‘onistonning o‘zi bergan statistika, uning naqadar ishonarliligi so‘roq ostida. Ayollar mehnat bozorida ayniqsa sust ishtirok etmoqda: 2023 yili ayollarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi atigi 7 foiz bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich erkaklarda 69 foizni tashkil etadi.
Ayollar uchun ish, ta’lim va harakat erkinligi “Tolibon” tomonidan sezilarli darajada cheklangan. Shunga qaramay, ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda taxminan 250 000 ayol uyda kichik hunarmandchilik yoki biznes bilan shug‘ullanadi.
Afg‘on mehnat uyushmasi hozirda taxminan 1,5 million fuqaro ishsiz ekanini bildirgan.
Turkmanistonda 247 nafar mahkumga afv e’lon qilindi
Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhammedov Xalqaro tinchlik va ishonch yili munosabati bilan 247 nafar mahkumni afv etish haqidagi farmonni imzoladi. Mamlakat Vazirlar Mahkamasi majlisida Turkmaniston prezidenti huzuridagi Fuqarolik va afv etish masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash komissiyasi raisi Begench Gundog‘diyev departament faoliyati yakunlari to‘g‘risida hisobot bergan. Prezident hisobotni tinglagach, afv farmonini imzoladi. U komissiya raisiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari bilan birgalikda yaqin kunlarda mahkumlarni ozodlikdan mahrum qilish joylaridan chiqarish va oilalari bag‘riga qaytarish bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirishni topshiriq berdi.
Turkmaniston prezidenti afv etilgan fuqarolardan vijdonan mehnat qilish, vatanga sidqidildan xizmat qilish, halol mehnat samarasidan bahramand bo‘lib yashashni so‘radi.
Arqadag‘ aeroport yo‘lagini sportkarida tekshirdi
Arqadag‘ Gurbanguli Berdimuhammedov o‘tgan hafta Avaza kurort zonasida velosipedda uchib, sport bilan shug‘illangan bo‘lsa, bu hafta o‘zining sportkarini haydab chiqdi. Mahalliy turkman nashrlarining yozishicha, u Turkmanboshi shahri xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasini tekshirish uchun sportkarini haydab o‘tgan. Turkmenportalʼning yozishicha, shu yilning avgust oyida Avazada o‘tuvchi katta xalqaro konferensiyaga tayyorgarlikni tekshirayotgan Berdimuhammedov Turkmanboshi aeroportiga ham borib, yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. U aeroportning savdo nuqtalarida yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, kelayotgan mehmonlar uchun maxsus suvenirlar tayyorlash zarurligini aytgan.
Gurbanguli Berdimuhamedov Migratsiya xizmatini modernizatsiya qilish va migratsiya xizmatlari ko‘rsatishda innovatsion tajribani joriy etish borasidagi ishlar bilan ham tanishdi. Bo‘lajak xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan pasportlarni tezkor rasmiylashtirish va bojxona nazoratini amalga oshirish uchun sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratildi, deb yozadi Turkmenportal.
Mavzuga oid
13:06 / 30.11.2025
Sobiq prezidentning qamoqdagi o‘g‘li, qurib ketgan suv omborlari va Qozog‘istonda yana referendum – MO hafta ichida
13:06 / 23.11.2025
25 yillik jinoyat, rasmga olishga taqiq va Hindistonga qatnayotgan «Tolibon» vazirlari – Markaziy Osiyo hafta ichida
12:30 / 09.11.2025
Mintaqa liderlari Oq uyda yig‘ildi – Markaziy Osiyo hafta ichida
14:50 / 02.11.2025