O‘zbekiston | 20:26 / 18.10.2020
39476
9 daqiqa o‘qiladi

Mamlakat namozxonlari uchun masjidlar yetarlimi?

«Masjid – Alloh taoloning uyi», «Masjidda jamoa bo‘lib o‘qilgan namoz uyda o‘qilgan namozdan 27 marta savobi ko‘proq», «Masjid duolar qabul bo‘ladigan joy» – bu kabi buyuk haqiqatlarni o‘zida jamlagan jumlalar ustida tafakkur qilib ko‘rishning o‘zi ulkan xulosalarga yetaklaydi.

Masjid – moddiy dunyoni ma'naviy dunyo bilan bog‘lovchi ko‘prik, duolar ijobatini yaqinlashtiruvchi, biz ojiz bandalar uchun qudratli Yaratganning yordamini jalb qilish imkonini yaratuvchi imtiyozli maskan. Imtiyozli – chunki aynan shu maskanga kirib, ibodat qilib, duo qilsangiz, so‘raganingiz ezguliklar sizga, yurtingizga, xalqingizga yetishi ehtimoli yuqorilaydi.

Diniy ta'limotlar insonlar boshiga keladigan balo-ofatlarni insonlar jamiyatining ma'naviy olam qonuniyatlaridan uzoqlashishi bilan bog‘laydi. Ofatlarni aritish uchun esa o‘sha qonuniyatlarga qaytishga da'vat qilinadi. Zero, bunda insonlarning noto‘g‘ri tasarrufidan hatto osmonlar aziyat chekishini aytadi.

Xususan, Islom ta'limotida masjidlarda jamlanib, ibodat qilib, avval sodir etilgan noto‘g‘ri amallar uchun tavba-tazarru qilish o‘sha – uzoqlashib ketilgan ma'naviy ustunlarga qaytish va shu yo‘sinda ofatlarni aritish yo‘li deb tushuntiriladi.

Hozirda bu biz uchun... nihoyatda dolzarb.

2018 yil 31 mayda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 409-son qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq, «Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi to‘g‘risida» nizom ishlab chiqilib, 2018 yil 27 sentyabr kuni Adliya vazirligida 3071-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mazkur hujjatlar bugungi kunda amalda «ishlamayotgan» ba'zi qaror va hujjatlar qatorida turadi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, o‘z vaqtida yopilib, ibodat qilinmay bo‘sh turib qolgan masjidlarni qaytadan ochish maqsadida yuqoridagi nizomda ko‘rsatilgan talablar asosida barcha tegishli hujjatlarni taqdim etib, oylab, yillab sarson-u sargardon bo‘lgan, natijada arzimas «kamchiliklar» sabab masala ijobiy yakun topmagan holatlar ko‘p.

Masalan, O‘zbekiston musulmonlar idorasi ma'lumotiga ko‘ra, idoraga 2018 yilda 86ta masjidni ochish yuzasidan murojaatlar kelib tushgan, biroq shulardan 13tasigina ochilgan. 2019 yilda esa O‘MIga 140dan ortiq shunday murojaat kelib tushgan, ammo amalda 9 dona masjid ochilishiga ruxsat berilgan, xolos...

Vaziyatga «teparoqdan» qarashga urinib, statistikaga murojat etamiz, tahlil va taqqoslash uchun:

  • turli ma'lumotlarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasida hozirda 24 milliondan 37 milliongacha musulmonlar yashaydi, masjidlar soni esa 8 mingga yaqin;
  • AQShda musulmonlar soni 3,5 mln bo‘lib, masjidlar soni 2100dan oshadi;
  • 2011 yilgi ma'lumotga ko‘ra, Buyuk Britaniyada o‘sha paytda musulmonlar soni 2,9 mln bo‘lgan, masjidlar soni esa 1500ni tashkil qilgan;
  • qo‘shni Qozog‘istonda masjidlar soni 3700tani tashkil qiladi – 13 millionga yaqin musulmonlar yashaydi;
  • Qirg‘izistonda masjidlar soni 2600ga yaqin bo‘lib, musulmonlar soni 5,6 millionni tashkil qiladi.

2020 yil 31 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2072 masjid faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda musulmonlar soni qariyb 32 million kishini tashkil qiladi. Faoliyat yuritib turgan masjidlar esa hududlar kesimida quyidagicha ko‘rinish oladi:

Ko‘rinib turibdiki, bu borada ko‘rsatkichlarimiz boshqalardan ancha farq qiladi, manfiy tarafga, albatta.

Biz O‘zbekiston musulmonlar idorasi bilan bog‘lanib, mazkur holat sababini so‘radik. O‘MI mas'uli tartib bo‘yicha idoraning vakolati faqatgina masjid ochish uchun taqdim etilgan hujjatlarni olib, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik xatini olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga chiqarish bo‘lib, boshqa jarayonlarda ishtirok etmasligini, masjid ochish uchun kelib tushgan arizalarning ijobiy hal qilinishi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga bog‘liqligini aytdi.

Faqatgina Diniy qo‘mitaning rozilik xati olingandan so‘ng, Adliya boshqarmasi o‘zining vakolat doirasida masjidni diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib beradi. Ammo aytilgan holatlar, ya'ni 2018 yilda 86 dona murojaatdan 13 tasi, 2019 yilda esa 140 murojaatdan atigi 9 tasi ijobiy hal qilingani sababi – masjid ochish uchun taqdim etilgan hujjatlar Diniy qo‘mita tomonidan xato-kamchiliklarni tuzatish uchun bir emas, balki bir necha marta qaytarilib yuborilishining natijasidir. Holbuki, mantiqan olganda, xato-kamchiliklar birinchi o‘rganishdayoq aniqlanishi va arizachi tashabbuskorlarga bildirilishi kerak, deydi O‘MI mas'uli.

Masjidlar soni aholi kesimi va talabiga mos bo‘lishining nimasi yaxshi va buning aksi – yetishmasligining nimasi yomon?

Aslida bunday savol yangrashining o‘zi beodoblik – foydalar muqaddas manbalarda nozil bo‘lgan, biz ko‘p tilga oladiganimiz – buyuk bobokalonlarimiz masjidda qilinadigan ibodatlarning foydasi, masjidlarning ko‘pligi haqida bahs ham qilishmagan.

Avvalo, yuqorida aytganimiz: masjid – moddiy dunyoni ma'naviy dunyo bilan bog‘lovchi ko‘prik, duolar ijobatini yaqinlashtiruvchi maskan. Insoniyat esa ayni kez jamoa bo‘lib qilinadigan duolarga har doimgidan-da ko‘proq muhtoj.

Ikkinchidan, masjidlarning yetishmasligi degani – diniy arkon-u ahkomlarni asosli manbalardan o‘rganish imkoniyati yetishmasligi degani, turfa zaif manba-yu ta'sirlarga tushib qolish imkoniyati oshishi degani. Bu esa, o‘z navbatida, muammolarning yanada ortishiga sabab bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Pandemiya o‘zining ketma-ket zarbalari bilan insoniyatni tobora tiz cho‘ktiryapti. Va bu fantastik xayol emas – voqelik. Bunday paytda har bir xalq, har bir millat o‘zi bilgan, o‘zi ishongan, o‘zi e'tiqod qilgan manbalarga murojat etyapti. Biz musulmonlar bilgan najot manbalaridan biri esa – ibodat, masjidda ko‘pchilik bo‘lib qilinadigan duo.

Shu o‘rinda, oxirgi yillarda diniy sohaga munosabat ijobiy tomonga o‘zgarganini e'tirof etish joiz. Buning tasdig‘i sifatida, aprel oyida Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh Komissiyasi O‘zbekistonni diniy erkinlik borasidagi vaziyat alohida xavotirga molik mamlakatlar ro‘yxatidan chiqargan edi.

Davlatimiz rahbari shu yil 22 iyun kuni imzolagan «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonda O‘zbekistonda vijdon erkinligi huquqini ta'minlash sohasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, «Jaholatga qarshi ma'rifat» g‘oyasini amalga oshirishga, diniy ta'lim va ma'rifat tizimini rivojlantirishga, diniy xodimlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilayotgani e'tirof etildi.

Qolaversa, Prezidentning 2018 yilda qabul qilingan «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash lozimligi haqida so‘z yuritilgan edi.

2020 yil 13 oktabr kuni BMT Bosh assambleyasi sessiyasida O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi. BMT maxsus vakili Natalya Germanning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lishiga erishish oson bo‘lmagan, bundan keyin esa mas'uliyat yanada oshadi.

Inson huquqlari qatorida din va ibodat erkinligi ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan hamda hukumatning bu boradagi sa'y-harakatlari xalqaro miqyosda e'tirof etilayotgan bir vaqtda, eshiklariga qulf solingan masjidlarning imkon qadar ko‘proq qismida namoz o‘qilib, duolar qilinsa, mamlakat va xalq farovonligi uchun foyda bo‘lsa bo‘ladiki, zarar bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid