Jamiyat | 18:09 / 07.05.2020
16316
10 daqiqa o‘qiladi

Angliyada o‘qituvchi mavqeyi va g‘arb jamiyatida farzand tarbiyalash - pedagog Mardon Yusupov bilan suhbat

Kun.uz Buyuk Britaniyaga ijodiy safar uyushtirib, qator vatandoshlar bilan intervyular tashkil etdi. Birmingem shahridagi Kedberi kollejining matematika fani o‘qituvchisi, Buyuk Britaniya Pedagogik kengashi a'zosi Mardon Yusupov bilan suhbatimizda ingliz jamiyati va ta'lim tizimi haqida so‘z bordi.

Qariyb 20 yildan buyon Angliyada yashayotgan vatandoshimizdan xorijda yashab, farzand tarbiyalashning ba'zi jihatlari haqida ham so‘radik.

– Buyuk Britaniyada o‘qituvchining mavqeyi, odamlarning bu kasb egalariga munosabati qanaqa?

– Bu oilalardagi dunyoqarashga bog‘liq. O‘qishga qiziqmaydigan oilalarda o‘qituvchilarni yaxshi ko‘rishmaydi, ular uchun o‘qituvchi – boshog‘riq: doim telefon qiladi, «o‘g‘lingiz uy vazifasini qilmadi, to‘polon qildi», deya. Bunday oilalar o‘qituvchilarni yoqtirishmaydi.

O‘qishga qiziqqan, ilmga befarq bo‘lmagan tabaqa vakillari esa, albatta, o‘qituvchilarni hurmat qilishadi. Jamiyatda o‘qituvchilarga nisbatan umumiy bir fikr shakllangan, deb hisoblamayman.

Umuman olganda, bu yerda o‘qituvchilarga munosabat O‘zbekistondagichalik bo‘lmasa kerak. Hozir qanaqa, bilmadim, lekin o‘zim o‘qigan va ishlagan vaqtimda o‘qituvchining aytganini qilish, o‘qituvchiga nisbatan ota-onalarning hurmati kabilar bizda boshqacha edi.

Bizda o‘qituvchining aytgani aytgan, Angliyada esa unday emas. O‘qituvchi xato qilsa, ota-ona yoki o‘quvchilar uning xatosini aytishadi. O‘qituvchi so‘zsiz hurmat qilinishi kerak, degan narsa yo‘q. Unga o‘z vazifasini bajarayotgan davlat xizmatchisi sifatida qarashadi.

Shaxsan o‘zim Britaniyada dars bera boshlaganimda eng qiyin bo‘lgan jihat – sinfdagi bolalarning mentalitetini tushunish, ularni boshqara olish. Boshqarish uchun ularning dunyoqarashini tushunishingiz, qaysi ko‘rsatmaga ular qanaqa reaksiya qilishini bilishingiz kerak.

Ayni shu narsa men uchun madaniy shok bo‘lgan. O‘zbekistonda dars berib yurib, keyin bu yerdagi ta'limga o‘tishim men uchun katta o‘zgarish bo‘lgan. Boshida qiynalganman: sinfga kirsam, bolalar quloq solmasdi, aytganimni qilmasdi, uyga vazifalarni bajarishmasdi, to‘polon qilishardi. Bular nega o‘zlarini unday tutishyapti, deb tushunmasdim.

O‘zbekistonda shuncha dars bergan bo‘lsam, menda unaqa narsa bo‘lmagandi. Bolalar gapimga quloq solar, o‘quvchilar ham, ota-onalar ham hurmat bilan muomala qilardi. Bu yerda esa sizni hurmat qilishlari uchun hurmat qozonishingiz kerak.

Tizimni, qonun-qoidalar va yo‘l-yo‘riqlarni tushunib olgach, bu yerda dars berish ham u qadar qiyin emas. Eng asosiysi – faningizni bilishingiz va bolalarni boshqara olishingiz kerak. Bo‘ldi, shuni qila olsangiz, marra sizniki.

Albatta, pedagogik jihat ham bor: fanni bilgan bilan hamma ham dars bera olmaydi. Lekin O‘zbekistondagi o‘qituvchi bu yerga kelib dars beraman desa, o‘rganishi kerak bo‘lgan eng muhim va qiyin narsa – menimcha, bolalarni boshqarish.

Men ham endi kelganimda o‘ylardim: begona yurtda qanday ishlab ketarkinman? Lekin inglizlar juda ham ochiq, sizni qabul qiluvchi xalq ekan. Millatingiz, diningizga katta e'tibor qaratishmaydi; ishingizni qila olsangiz bas.

O‘qituvchilik sertifikatini endi olgan vaqtimda birinchi ishim – Birmingem hokimiyati qoshidagi maktabda bo‘lgan. Ishga kirish uchun intervyuga kelganman, intervyudan keyin ish taklif qilishgan. O‘sha paytlari qanday ish toparkinman, deb o‘ylardim: ingliz tilim hozirgidek ravon emas, Angliyada dars berish tajribam umuman yo‘q, dinim ham boshqa... Yo‘q, ishga kirishda umuman muammo bo‘lmadi.

O‘n yildan ortiq vaqtdan buyon ishlab kelayotgan bo‘lsam, biron marta birov nega soqol qo‘ygansan, deb so‘ramagan. Maktablarda namoz o‘qish uchun sharoitlar qilingan. Halol ovqat yeyman desangiz, shu sharoitni ham yaratib berishadi. Birmingemda o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham – har xil millat vakillari. Xalq har xil millat va din odamlari bilan yashashga o‘rgangan, e'tiqodingizni shaxsiy huquqingiz, deb bilishadi.

Masalan, hozirgi ishlab turgan kollejimizda alohida namozxona ajratilgan. U yerda o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham ibodat qilishlari mumkin. Ayrim muassasalar hatto tahoratxonalargacha yaratib berishadi. Ishga kirayotganda ham so‘rashadi: qandaydir maxsus hojatlaring bormi? «Ma'lum vaqtda namoz o‘qishimiz uchun vaqt kerak, juma kunlari juma namoziga chiqib kelaman», deyish mumkin. Ko‘p ish beruvchilar bunga ijobiy yondashadi, ularning maqsadi – ishchilarni xursand qilish, bu – ishchilarning mehnat samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Shuning uchun ishxonada yo o‘qishda millatim, tilim yo dinim tufayli muammo bo‘lmagan. Hatto maktabda 2 yil davomida kafedra mudiri bo‘lib ishlaganman, qo‘limda 10-12 nafar matematika o‘qituvchilari ishlashgan – aksariyati inglizlar. Aytmoqchimanki, tashqi ko‘rinishim va dinim bu lavozimda ishlashimga to‘siq bo‘lmagan.

– «Chirigan g‘arb» deya ta'rif berishlariga munosabatingiz qanaqa?

– G‘arbda erkinlik bor. Erkinlik ikkala tarafga ham ketadi: to‘g‘ri yashayman desangiz ham erkinlik bor; egri yo‘lda yashayman desangiz, bunga ham to‘siq yo‘q. Bu siz nimani tanlashingizga bog‘liq.

Haqiqatan ham, g‘arbga kelib yo‘lini yo‘qotib qo‘yayotgan insonlar ham bor. Shu bilan birga, o‘zbeklar misolida olsak, ko‘plab yutuqlarga erishayotganlar ham talaygina.

Tanganing ikki tarafi bor degandek, g‘arbda hamma narsa go‘zal, deb ayta olmayman. Muammolari ham yetarli.

– Aytib o‘tganingizdek, shu erkinlikning salbiy tomonlari ham bor. Mana shu g‘arb jamiyatida farzand tarbiyalash, oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish oson bo‘lmasa kerak.

– Albatta, chet elga chiqib yashagandan keyin o‘zbek madaniyatini, o‘zbekchilikni saqlab qolish juda ham qiyin. Chunki bu yerda O‘zbekistondagi muhit yo‘q. Yashab turgan muhitingizning ta'siri esa juda kuchli bo‘ladi.

Chetga chiqqanlarning ko‘pi bilsa kerak, farzandlari o‘zbek oilada tarbiya topishsa ham, O‘zbekistondagi tengdoshlaridan anchaga farq qiladi. Hatto o‘zbekchani gaplasha olsa ham, ularning tushunchasi, dunyoqarashi farqli bo‘ladi.

Farzandlarim o‘zbekcha gapirishga qiynaladi, chunki o‘zbekcha muloqot juda cheklangan. Ko‘pini tushunishadi, lekin gapirishga qiynalishadi. Lekin gaplasha olgan taqdirda ham, ularning fikrlashi baribir boshqacha – ular boshqa jamiyatda yashashyapti: maktabdagi o‘rtoqlari, hayotidagi voqealar... hammasi boshqacha muhitda ro‘y beryapti.

Farzandlarimiz o‘zlarini ko‘proq britaniyalik deb biladi. «Biz o‘zimizni ko‘proq britaniyalik deb his qilamiz», deyishadi. O‘zbekistonga borganda ham bilindi, bularning fikrlashi baribir boshqacha.

Albatta, ba'zi odamlar buni yaxshi, ba'zilar salbiy baholashi mumkin. O‘zbek madaniyatida ham, albatta, yaxshi xislatlar ko‘p. Ana o‘sha xislatlarni farzandlarimizga singdirishga harakat qilamiz. Lekin bu yaxshi fazilatlar islom dinida bor. Mehmondo‘stlik, kattalarni hurmat qilish kabilar boshqa millat va madaniyatlarda ham bo‘lishi mumkin. Ya'ni bu yaxshi xislatlarni farzandingizga o‘rgatishingiz uchun aynan o‘zbekchilik muhiti bo‘lishi shart emas.

Yashab turgan jamiyatimizning ham yaxshi tomonlari juda ko‘p. Masalan, to‘g‘riso‘zlik, navbatni buzmaslik... Ya'ni o‘ziga yarasha g‘arb jamiyatining ham yaxshi jihatlari bor.

Chet elda yashab, o‘zbekchilikni saqlab qolish juda qiyin. Xorijda yashayotgan nafaqat o‘zbeklar, boshqa millat vakillarida ham shunday muammo bor: birinchi ko‘chib kelib yashagan immigrant ota-onalar va ularning farzandlari o‘rtasida farq bo‘ladi. Ota-onalar o‘z madaniyati, qadriyatlarini saqlab qolaman deb, ba'zida bolalaridan uzilib qolishi holatlari ham bo‘ladi. Chunki bolalari boshqa jamiyatda o‘sishyapti, fikrlashi boshqacha, lekin ota-onasi hali ham xayolida o‘z vatanida, boshqa jamiyatda yurgandek o‘zini tutadi. Shuning uchun ham ba'zi oilalarda shu tufayli muammolar bor.

Ba'zilar esa shu jamiyatga moslashib, yaxshi tarafini olib, yomon tomonini chetlab o‘tib hayot kechirishadi. Yuqoridagi muammo asosan birinchi to‘lqin immigrantlarda bo‘ladi, keyinchalik farzandlari shu jamiyat vakillariga aylanib ketishadi.

Mavzuga oid